Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi

12:24 08 Fevral 2019 Jamiyat
4791 0

Davlatimiz rahbari tomonidan 7 fevral kuni qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” qarori bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.

U Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga yoʻnaltirilgan.

Mazkur filial samarali faoliyatini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi.

Filialda “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash” soha mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash bakalavriatning uch yillik dasturi boʻyicha diplom berilgan holda amalga oshiriladi.

Filialda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash” mutaxassisligi boʻyicha oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan kadrlar ham qayta tayyorlanadi.

Filial bakalavriatiga qabul kvotasi yiliga 255 kishini, 6 oylik kursga esa 50 kishini tashkil etadi hamda oʻqitish davlat grantlari asosida amalga oshiriladi.

Filial diplomi ichki ishlar organlariga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni oʻtmasdan, “leytenant” maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos boʻladi.

Bakalavriat dasturi boʻyicha Filialga qabul tanlov asosida amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?