Toshkent davlat stomatologiya institutida bir yilda uchta xalqaro fakultet ochildi

10:49 20 Dekabr 2018 Jamiyat
854 0

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh etish borasida jadal islohotlar olib borilmoqda. Bu jarayonda tibbiy taʼlim tizimiga ilgʻor taʼlim standartlarini joriy etish, jahon tibbiyotida erishilayotgan ilmiy yangiliklardan kelib chiqib yangi-yangi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlash, talaba yoshlarga eng yuksak texnologiyalar asosida taʼlim berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining jahondagi nufuzli ilm-fan muassasalari bilan aloqalari kengayib bormoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunga qadar bu yoʻnalishda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari tomonidan xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan 220 taxamkorlik memorandumlari imzolandi. Toshkent davlat stomatologiya instituti bu borada yetakchi tibbiy taʼlim muassasalaridan biridir. Mazkur institut ayni paytda xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy taʼlim muassasalari va kompaniyalari bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha memorandum imzolashga erishdi. 2018 yil davomida 50 nafardan ortiq talaba va 20 nafardan ziyod professor-oʻqituvchilar xorijda uzoq muddatli malaka oshirdilar.

Ushbu hamkorlik dasturlari natijasida 2018-2019 oʻquv yilidan Italiyaning Turin universiteti bilan “Biotibbiy muhandislik” va Moskva Davlat tibbiyot stomatologiya universiteti bilan “Stomatologiya” fakultetlari tashkil etildi.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Kuni-kecha bu borada yana bir muhim loyiha amalga oshirildi. Institut delegatsiyasining Rossiya federatsiyasiga tashrifi doirasida Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik dasturiga asosan, “Klinik-psixologiya” yoʻnalishida yangi fakultet ochilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur fakultetga 2019-2020 oʻquv yilidan talabalar qabul qilinadi.

Aytish joizki,bugungi kunda 2200 nafardan koʻproq talaba tahsil olayotgan mazkur oliy taʼlim muassasasida taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlarini keng joriy qilish, magistrant, yosh oʻqituvchi va ilmiy xodimlarning xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda amaliyot oʻtashini, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirishni tashkil qilish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar malakali kadrlar tayyorlash, tibbiyot sohasida jahonning ilgʻor amaliyotlarini keng joriy etish, xalqimizga koʻrsatilayotgan stomatologik xizmatni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam boʻlmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?