Toshkent davlat agrar universiteti Missisipi universiteti bilan hamkorlik qiladi

14:54 18 Fevral 2019 Jamiyat
345 0

Oʻzbekiston delegatsiyasining Missisipi shtatiga qilgan tashrifi chogʻida Toshkent davlat agrar universiteti rektori AQSHdagi bir qator oliq oʻquv yurtlari rahbarlari, shuningdek, universitetlar faoliyatini boshqarish boʻyicha kengash vakillari bilan uchrashdi.

Xususan, Missisipi shtatidagi Alkorn nomidagi universitet prezidenti Donzel Li bilan muloqot chogʻida oʻzaro akademik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi. Bunda talabalar va oʻqituvchilar almashish, ikki diplomli taʼlim, onlayn oʻqitish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, birgalikda agronomiya, biologiya, oʻsimliklar va hayvonlar, tuproqshunoslik, oʻrmonchilik va umuman, agrosanoat faoliyatini boshqarish sohalarida tadqiqotlar olib borish yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Amerika oliy oʻquv yurti rahbari oʻzaro hamkorlikning amaliy jihatlarini aniqlab olish uchun Oʻzbekistonga yaqin vaqt ichida tashrif buyurishga tayyor ekanligini ham aytib oʻtdi.

Shimoli-gʻarbiy ijtimoiy kollej prezidenti Maykl Xeyndal bilan Oʻzbekistondagi agroklasterlar uchun muhandis-texnik kadrlarni professional(kasbiy) tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishga ushbu bilim dargohidan ekspertlar hamda oʻqituvchilarni jalb etish masalasi koʻrib chiqildi. Yurtimizda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirib kelayotgan Amerika kompaniyalari texnikalari va texnologiyalarini qoʻllashni oʻrgatish boʻyicha qoʻshma Markaz tashkil etishga ham qiziqish bildirildi.

Missisipi shtatidagi Oliy taʼlim instituti rahbari Alfred Renkins bilan ham akademik va ilmiy-tadqiqot jabhasida oʻzaro hamkorlik qilish masalalari muhokamadan oʻtkazildi. Ushbu muassasaning Vasiylik kengashi OTM akademik dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, moliyalashtirish, shuningdek, uning xorijdagi vakolatxonalarini kengaytirish masalalari boʻyicha asosiy qarorlarni qabul qiladi.

Toshkent davlat agrar universiteti rektori Missisipi shtati universiteti prorektori va ijrochi vitse-prezidenti Judi Bonner hamda uning sohaviy fakultetlari, kafedralari mudirlari bilan ham muzokaralar olib bordi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim imzolanib, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

Hujjatlarda akademik va ekspertlar almashish dasturlarini amalga oshirish, baliqchilik, oʻrmonchilik, paxtachilik, meva-sabzavotchilik, suv resurslarini boshqarish yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borish nazarda tutilgan. Ayni chogʻda magistraturaning “Agrobiznes va menejment” yoʻnalishida qoʻshaloq diplom qoʻshma dasturini joriy etish yaqin istiqboldagi hamkorlikning alohida jihati ekanligi taʼkidlandi.

TDAU rektori Amerika oliy oʻquv yurti qarorgohiga tashrifi davomida Qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar kolleji dekani doktor Jorj Xuper bilan uchrashib, u bilan agrosanoat majmuasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini koʻpaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amaliy tadqiqotlar tashkil etish boʻyicha fikr almashdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi goʻsht mahsulotlarini tadqiq etish boʻyicha Laboratoriya faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda chorva mollarini boqish, goʻshtni nimtalash(yoki goʻshtga ishlov berish), yarim tayyor mahsulotlarni muzlatish va saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va tayyor mahsulot chiqarish kabi ishlab chiqarishning barcha bosqichlari qamrab olingan. 

Veterinariya tibbiyoti kollejida agrar universitet vakillari ushbu ilm maskaning taʼlim va ilmiy-amaliy faoliyatining bevosita guvohiga aylanib, profilaktika, tashxis qoʻyish va davolash, hayvonlardagi kasalliklar hamda jarohatlar boʻyicha amaliy ishlarni batafsil koʻrib chiqish imkoniga ega boʻlishdi.

Delegatsiya Missisipi shtati universitetining qishloq xoʻjaligi va oʻrmonchilik boʻyicha Tajriba stansiyasiga ham tashrif buyurdi. U yerda qishloq xoʻjaligi ekinlari, baliq yetishtirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyati, qolaversa, qishloq xoʻjaligida suv resurslarini samarali boshqarish tizimini yaqindan oʻrganishdi.

Mazkur stansiya va uning tarkibidagi “Delta” tadqiqot markazi vakillari bilan muloqot davomida sugʻorish tizimini optimallashtirish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish, baliqchilik va chorvachilik tarmoqlari samaradorligini oshirish kabi yoʻnalishlarda qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish istiqbollari ham koʻrib chiqildi.

Missisipi shtati universiteti delegatsiyasi shu yil aprel oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurishiga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?