Toshkent-Andijon poyezdi nima sababdan toʻxtab qolgani maʼlum boʻldi

12:28 17 Iyul 2019 Jamiyat
297 0

Kecha Toshkent- Andijon yoʻnalishidagi 62-sonli yoʻlovchi poyezdi oʻz yoʻnalishida harakatini davom ettirdi. Bu haqda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ matbuot xizmati maʼlum qildi.

Avval xabar qilganimizdek, yurtimizda issiq havo hukmronlik qilmoqda. Buning natijasida, 2019-yil 16-iyul kuni soat taxminan 18.00 da Toshkent-Andijon yoʻnalishida harakatlanuvchi 62-sonli yoʻlovchi poyezdi elektrovozining elektr quvvatida uzilish kuzatildi. Natijada mazkur poyezd Kuchluk - Toʻytepa peregonining 36 km 5 piketida toʻxtab qoldi. Koʻrilgan chora tadbirlar natijasida texnik nosozlik 1 soat ichida bartaraf qilindi hamda poyezd harakati yana yoʻlga qoʻyildi.

Elektr tizimida uzilish boʻlganda vagondagi konditsionerlar ishlamasligi hamda kunning issiqligi inobatga olinib, poyezd toʻxtagan vaqtida vagon eshiklari ochilib shamollatib turildi hamda yoʻlovchilarga bepul salqin ichimliklar tarqatildi.

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati maʼmuriyati barcha yoʻlovchilardan bugungi yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr soʻraydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?