Toʻraqoʻrgʻonda tamal toshi qoʻyilgan xorijiy korxonada 1200ta ish oʻrni yaratiladi

11:37 10 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
260 0

Yakunlangan yilda Namangan erkin iqtisodiy zonasida 513 million AQSH dollari hajmida investitsiya kiritilib, 14 ta loyiha amalga oshirilgan edi. Yangi yil boshida bu yerda yana bir yirik loyiha ijrosiga kirishildi. Erkin iqtisodiy zonaning Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi hududidan joy olgan Hengbang Central Asiaxorijiy korxonasi paxtani qayta ishlash va toʻqimachilik yoʻnalishiga ixtisoslashadi. Biznes rejaga muvofiq xitoylik taʼsischi 30 million AQSHdollari miqdorida sarmoya kiritish niyatida. Korxona qurib bitkazilishi bilan 1200 kishi uchun mehnat oʻrinlari vujudga keladi.

- Biznes uchun Namanganni tanlashimizning oʻziga xos sabablari bor, -deydi XK taʼsischisi Piter Li. –Bu yerda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish uchun yetarli sharoit yaratilgan. Masalan, Namangan erkin iqtisodiy zonasidagi qulay ishlab chiqarish infratuzilmasi bizning eʼtiborimizni tortdi.

Kecha Namangan viloyati va Toʻraqoʻrgʻon tuman hokimligi, xorijiy mehmonlar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida yangi korxona qurilishi uchun tamal toshi qoʻyildi. Marosimda xitoylik hamkorlarga oʻzbekona zarbop toʻn va doʻppi kiydirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?