Toʻqimachilik sanoati yetakchilari bir joyda jamlandi

10:05 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
174 0

Jahon va Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatidagi oʻzgarishlardan boxabar boʻlishni, sohaga tatbiq etilayotgan innovatsiyalar bilan tanishishni istasangiz poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” majmuasiga tashrif buyuring. Negaki, ushbu maskanda dunyo toʻqimachilik sanoati vakillarining oʻzaro muloqot maydoniga aylangan Oʻzbekiston toʻqimachilik va tikuv sanoati yutuqlari — “UzTextile Expo — 2019” xalqaro koʻrgazmasi ish boshladi. Binobarin, galdagi tadbirga Germaniya, Xitoy, Latviya, Belarus, Rossiya, Slovakiya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina kabi davlatlarning 160ga yaqin yetakchi ishlab chiqaruvchilari, soha mutaxassislari-yu, olimlari jam boʻlgan.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Qayd etish kerakki, ilgari dunyo bozori Oʻzbekistonni faqat paxta tolasi yetishtiruvchi mamlakat sifatida bilardi. Xom ashyoni qayta ishlash, tarmoqda yangi korxonalarni tashkil etish haqida, hatto, tasavvur etish ham qiyin edi. Biroы bugun holat tamomila oʻzgargan. Oʻzbek ishbilarmonlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar jahon bozori jadal kirib bormoqda. Nimaning evaziga? Albatta, buning zamirida keyingi yillarda jahonga mashhur kompaniyalar bilan hamkorlikda paxta tolasini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan koʻplab qoʻshma va xorijiy korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgani, paxtachilikda mutlaqo yangi tizim — klasterlar tashkil etilayotgani yotipti. Shu bois bugungi kunda klaster qishloq xoʻjaligining, xususan, paxtachilikning istiqbolli yoʻnalishi sifatida eʼtirof etilmoqda. Xalqaro koʻrgazma ishtirokchilarining 60 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar boʻlsa, ularning aksariyati klasterlar vakillari ekanligi fikrimiz tasdigʻidir.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

— Faoliyatimizni 10 ming gektar yerda tashkil etib, 172 ta fermer xoʻjaligini birlashtirganimiz, — deydi “Khorezmtex” paxta-toʻqimachilik klaster kompaniyasi direktori Sarvar Nurmetov. — Gʻoʻza parvarishida barcha agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida oʻtkazdik. Shunga yarasha har gektaridan 35-40 sentner paxta terib olmoqchimiz.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Bilasiz, klaster faqat paxta parvarishlash yoki terib olish bilan shugʻullanmaydi. Shu bois bu yil 22,6 million AQSH dollarilik loyihani roʻyobga chiqarib, ip-kalava tayyorlash hajmini 12 ming tonnaga yetkazdik. Bu barcha paxta hosili oʻzimizda qayta ishlanadi, deganidir. Bundan tashqari, 2021-yilda 15 million dollarlik loyiha asosida gazlama ishlab chiqaruvchi yirik korxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shunda hamkorlarimiz — Rossiya, Xitoy, Polsha kabi davlatlarga faqat ip-kalava emas boshqa toʻqimachilik mahsulotlari ham sotishni yoʻlga qoʻyamiz.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

“Global Textile Days Tashkent — 2019” tadbirlari doirasida tashkil etilgan xalqaro koʻrgazmada ana shunday turli-tuman mahsulot va xizmatlarni taqdim etish barobarida, oʻzaro muloqot qilish, hamkorlikni kengaytirish uchun ham qulay maydon boʻlmoqda. Xususan, shu kunlarda paxtani tadqiq etish boʻyicha yigʻilish, xalqaro toʻqimachilik anjumani, toʻqimachilik mashinasozligi koʻrgazmasi, modalar namoyishi tashkil etilishi ishtirokchilarga shunday imkoniyat taqdim etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Iteca Exhibitions” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir uch kun davom davom etadi.

Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”).

Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?