“Tonirovka”, 800 so‘mlik gaz va boshqalar. 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

10:19 01 Avgust 2018 Jamiyat
896 0
Illyustrativ foto

2018 yil 1 avgustdan bir qator qonun hujjatlaridagi ayrim normalar kuchga kiradi. “Huquqiy axborot“ kanali ularning eng muhimlari bilan qisqacha tanishtirib o‘tdi.

1. 2018 yil 1 avgustdan respublika hududlari kesimida aholiga suyultirilgan gazni sotishning yagona chakana narxi 800 so‘m etib belgilanadi. Bu Hukumatning 2017 yil 29 dekabrdagi qarorida nazarda tutilgan. Bu kungacha suyultirilgan gaz narxi hududlar kesimida 500 so‘mdan 720 so‘mgacha belgilangan edi.

2. Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasi oshirish faoliyati bilan bugundan boshlab nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin.

3. 2018 yil 1 avgustdan quyidagi tashkilotlar tugatiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi;

Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi;

Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi;

“O‘zsuvnazorat” respublika suv inspeksiyasi;

“O‘zdavurug‘nazoratmarkaz” qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi;

“O‘zstandart” agentligining “O‘zbekiston paxta mahsulotlarini sertifikatlash “Sifat” markazi” davlat korxonasi.

4. “O‘zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq endilikda grippning og‘ir shakllariga va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni yuqtirganlikda gumon qilinayotgan shaxslarga ushbu virus turlari bo‘yicha majburiy tashxis qo‘yish bo‘yicha norma bugundan kuchga kirdi.

5. 2018 yil 1 avgustdan boshlab shtatdagi xodimlarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga haq to‘lash fondi uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilanadi.

6. 2018 yil 1 avgustdan maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarni tadbirkorlarga biriktirib berish faqat tanlov asosida, nol stavkadan boshlanuvchi elektron auksion yo‘li bilan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

7. Bugundan yurtimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari tan olinadi (ro‘yxatdan o‘tkazish shart bo‘lmaydi). Ilgari dori vositalari albatta yurtimizda qayta davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart edi.

8. Tashqi migratsiya sohasida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Jumladan, bugundan boshlab:

xususiy mehnat shartnomalari bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinadi;

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga eng kam ish haqining to‘rt yarim baravari miqdorida yillik sug‘urta to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etiladi, bunda to‘lovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda mehnat stajiga qo‘shiladi.

9. 2018 yil 1 avgustdan quyidagilarni nazarda tutuvchi martalik subsidiyalar berilishini nazarda tutadigan ishsizlik bo‘yicha sug‘urtalash tizimi joriy etildi:

aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish xarajatlarini qoplash uchun eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida pul to‘lanadi;

aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan ish o‘rinlaridan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir qabul qilingan xodim uchun har oyda eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida pul to‘lanadi;

aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan shaxslarni kasbga qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan ish beruvchilar xarajatlarini moliyalashtirishga uchun har bir xodim uchun eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida pul to‘lanadi.

10. Bugundan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risidagi norma kuchga kirdi. Albatta buning uchun tegishli ruxsatnomani olish zarur.

11. 2018 yil 1 avgustdan ayrim soha vakillarining ish haqlari oshiriladi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdori 2 baravar oshiriladi.

Bundan tashqari “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga binoan belgilangan sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga oylik ish haqini oshirish bo‘yicha belgilangan normalar ham bugundan kuchga kiradi.

2018 yil 1 avgustdan boshlab soliq organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga ham lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi ham kuchga kirdi. Buning uchun mazkur xodimlar patrullik hududida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yishi, ularni aniqlashi, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlashi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?