Tomorqasi uchun sugʻurta badalini toʻlagan dehqon bir yillik mehnat stajiga ega boʻladi

18:25 28 Fevral 2019 Jamiyat
408 0

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi huzuridagi Ishchi guruhi Namangan viloyatidagi oʻrganishlar chogʻida ijtimoiy masalalarni toʻla qamrab olishga eʼtibor qaratdi.

Xususan, nogironligi bor fuqarolar, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha joylardagi ahvol tahlil qilinib,mehnatga layoqati cheklangan va boshqalar koʻmagiga muhtoj, shuningdek, turarjoy sharoiti ogʻir boʻlgan shaxslarga amaliy yordam koʻrsatildi. Masalan, Kosonsoy tumanining Qozoqovul mahallasida yashovchi kam taʼminlangan oila sohibasi Umida Mamajonova bir xonali uyda yolgʻiz oʻgʻli bilan istiqomat qiladi.Unga zamonaviy tikuv mashinasi topshirilgandan soʻng ona-bola turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan daromad manbai vujudga keldi. Namangan tumanida yashovchi nogiron Abdubanno ota Joʻrayev esa endilikda Ishchi guruhi tomonidan berilgan nogironlik aravachasi yordamida bemalol koʻcha-kuyga chiqa oladi. Umuman olganda. Ishchi guruhi oʻrganishlari jarayonida 15nafar nogironga maxsus aravachalar berilgan boʻlsa, 9 nafar fuqaroning turarjoyi taʼmirdan chiqarildi, koʻplab uy bekalariga tikuv mashinalari topshirildi.

Aholi turmush farovonligini yuksaltirishning samarali vositalaridan biri - tomorqadan foydalanish masalasi ham Ishchi guruhi kun tartibidan muhim oʻrin oldi. Taʼkidlash lozimki, bu borada Namanganda katta tajriba toʻplangan. Viloyat shahar va qishloqlaridagi 93 mingdan ziyod xonadon tasarrufidagi 5672 gektardan ortiqekin maydonlarida yetishtirilayotgan meva-sabzavot hosiliehtiyojdan ortib, isteʼmol bozorining yil boʻyi toʻkin boʻlishini taʼminlamoqda. Biroq, roʻzgʻor barakasi boʻlgan ayni omildan yetarlicha foydalanmayotgan xonadonlarning borligi ham sir emas. Bunday oilalarning aksariyati dangasalik, hafsalasizlik kasaliga duchor boʻlishgan boʻlsa, boshqa birovlarining yerga ishlov berish, koʻchat va urugʻ, mineral oʻgʻit masalasida qoʻli qisqalik qilayotir.Keyingi toifadagi tomorq aegalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyat moliya boshqarmasi bilan hamkorlikda 6714takam taʼminlangan oilaga mevali daraxt va sabzavot koʻchatlari yetkazib berish rejalashtirildi.Bundan tashqari tumanlarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MCHJlarer egalari uchun koʻchat va urugʻlik, boshqa vositalar sotuvini yoʻlga qoʻyishgan.

-Tomorqa xoʻjaligidan samarali foydalanish boʻyicha Namangan tumanidagi Beshkapa mahallasida namunali seminar tashkil qildik,-deydi Respublika kengashi axborot xizmati rahbari Arofat Umarova.- Unda kaftdek yerdan millionlar topayotgan yer egalarining tajribasini ommalashtirish bilan birga masalaning ijtimoiy qirralariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan,tomorqasida band boʻlgan fuqaro bir yilda bir marotaba sugʻurta badalini toʻlashi bilan mehnat stajiga ega boʻlishi, bu davr pensiya taʼminoti uchun asos sifatida xizmat qilishi keng targʻib qilindi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?