«Tomorqaga ekin ekish» oyligi

17:30 27 Mart 2018 Iqtisodiyot
1806 0
Foto: AmuNews.uz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish va islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda «Cho‘p suqsang, ko‘karadigan yerimiz bor, mehnatsevar xalqimiz bor. Lekin tomorqa yerlaridan — shunday katta rezervdan foydalanmayapmiz. Shuning uchun bugundan boshlab “Tomorqaga ekin ekish” oyligini e’lon qilib, har bir tomorqaga ekin ekishni tashkil etish kerak. Agar hozir ekmasak, keyin kech bo‘ladi», deya alohida ta’kidladi.

Endi do‘ppini boshdan olib, bir mulohaza qilib ko‘raylik-chi, nega Prezidentimiz yerdan, xususan, tomorqadan oqilona foydalanish haqida bot-bot so‘z yuritayapti? Avvalo, sizu bizni bugungidan-da to‘q hamda farovon yashashimizni istayapti. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab, xorij mahsulotlariga ko‘z tikmasdan, balki eksportni ko‘paytirish, daromadni oshirishni, odamlarimizning bugunidan rozi bo‘lib hayot kechirishini xohlayapti. 

Shunday ekan, ushbu ezgu maqsadga erishish uchun nima qilish kerak? Yeng shimarib, aql bilan ish yuritish, bebaho boylik sanalgan tomorqadan unumli foydalanish lozim. Zero, bugun “Olma pish, og‘zimga tush” qabilida kun kechiradigan payt emas. Bir parcha yerimiz bo‘lsa ham, unga ko‘proq foyda keltiradigan, mo‘l va xaridorgir hosil beradigan ekin ekish zarur. Bu borada dehqonlarga nimaiki yordam kerak bo‘lsa, barchasi muhayyo etilayapti.

Darhaqiqat, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi tubdan isloh qilinib, uning moddiy-texnika bazasi tobora mustahkamlanib borayotir. Unumdorligi past yerlarda paxta yetishtirishdan voz kechilib, oziq-ovqat ekinlari joylashtirilayotganiga ham barcha guvoh. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ham mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yer resurslarini samarali boshqarishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Binobarin, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad ham tomorqadan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, aholiga dehqonchilik yo‘nalishida tashkiliy, huquqiy hamda ta’minot masalasida yaqindan ko‘maklashishdan iboratdir. Ayniqsa, har daqiqasi g‘animat sanalgan ekin-tikin mavsumida.

Bilasiz, ushbu mavsum o‘ta tig‘iz payt sanaladi. Nihol qadash, urug‘ sepish ishlari uzog‘i bilan o‘ttiz kundan oshmaydi. Shu vaqt ichida ekkaning, ulgurganing. Aksi bo‘lsa, quruq qo‘l bilan qolaverasan. Yerning umrini zoye ketkazasan. “Toma-toma ko‘l bo‘lur”, deganlaridek, tog‘dek baraka xirmonlari ham misqollardan yaraladi. Biroq ko‘plab yurtdoshlarimiz suv ta’minotida muammosi bo‘lmasa-da, unumdor yerini o‘z holiga tashlab qo‘yishgani, ayrimlari esa mo‘may daromad manbaini bedazorga aylantirib qo‘yishganini qanday izohlash mumkin?! Bundan ko‘rinadiki, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tizimda bozor mexanizmlarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmlarini barqaror oshirish hamda yer maydonlaridan samarali foydalanish borasidagi ishlari bugungi kun talablari darajasida emas. Vaholonki, aholi ixtiyoridagi 8 — 10 sotixlik tomorqalarning qurib-qaqshab yotishi boqibeg‘amlik, loqaydlik mahsulidir.

Sakkiz yo‘nalishda xizmat ko‘rsatiladi

— Prezidentimiz ibrat sifatida Xitoy dehqonchilik madaniyatini o‘rganishni targ‘ib qilib keladilar, — deydi O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi Hakim Murodov. — Bu bejiz emas. Negaki, bir parcha yerida hovuz qazib, yiliga tonnalab baliq olayotgan ham xitoylik tadbirkor. Toshloq joyda ko‘chat undirib, mevasini Yer yuziga tarqatayotgan ham xitoylik bog‘bon.
Aytsa, gap ko‘p. Tuprog‘imiz unumdor, iqlimimiz qulay. To‘g‘ri, sho‘rlangan, zaxlangan joylar ham yo‘q emas. Ammo bu kabi kichik muammolarni hal etish imkoniyatlari talaygina. Achchiq haqiqat shuki, yerni qoyilmaqom qilib, me’yorida ishlatishni bilmaymiz. Ayniqsa, qishloq joylarda hovli ichidan tashqarisida qanchadan-qancha yerlar huvillab yotibdi. Shu joyni birovga ber, foydalansin desang, g‘urbat qiladiganlar ham ko‘p oramizda. Baraka topgur, biron narsa ek desang, bosh qashlaydi. Bunday holatlarga qachongacha toqat qilish mumkin?! Hayot yildan-yilga yangilanib, yashashga bo‘lgan munosabatlar yuksalayapti. Tabiiyki, ehtiyojlarimiz ortayapti. Shunday ekan, xazinani ustidan tepib o‘tish emas, balki uni ochish payti hozir.

Shu o‘rinda muhim statistik ma’lumot. Respublikamiz bo‘yicha aholi ixtiyorida ekin eksa bo‘ladigan 445 ming gektar yer mavjud. O‘tgan yili ushbu maydonlarda tomorqa egalari tomonidan 4 million 684 ming tonnadan ziyodroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, 8 trillion 467 milliard so‘m daromad ko‘rilgan. Bu yil esa bulturgiga nisbatan 2 million tonna ko‘p, ya’ni 6 million 691 ming tonna hosil olish kutilayapti.
Bu natijalar yaxshi, albatta. Ammo o‘tkazilgan tahlillarga qaraganda, hozirgi kunda mamlakatimizda 4,5 milliondan ortiq xonadonlar bo‘lsa, ularning 124 ming 474 tasi tomorqasidan samarasiz foydalanayotgani tashvishlanarlidir.

Davlatimiz rahbari ushbu mavzuga bag‘ishlangan yig‘ilishda ayni shu kamchiliklarni bartaraf qilish uchun tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish zarurligini qayd etdi. Bu borada aholiga ko‘maklashish maqsadida barcha tumanda “Tomorqa xizmati” korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ular orqali tomorqalar uchun ko‘chat, mineral o‘g‘it, kimyoviy preparatlar yetkazib berish, mexanizatsiya hamda boshqa servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tizim yaratish yuzasidan topshiriq berildi. Shundan kelib chiqib, joriy yilning 
1 aprelidan har bir tumanda ana shunday korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Hududlarda uning shoxobchalari ochiladi. Ularda tomorqani haydashdan tortib, hosilni sotib olishgacha bo‘lgan sakkiz yo‘nalishda xizmat ko‘rsatiladi.

Hozirgi kunda esa Buxoro viloyatining Romitan, Toshkent viloyatining Piskent, Surxondaryo viloyatining Muzrabot, Qiziriq, Samarqand viloyatining Ishtixon tumanlarida namunaviy “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ishga tushirildi. Eng muhimi, bunday xizmatni tadbirkorlik sub’ektlari to‘liq o‘z mablag‘i yoki davlat ko‘magi bilan tashkil qilishlari mumkin.

Sharoit bir xil, natija esa...

Farg‘ona viloyatida aholi zich joylashgan. Shu bois xonadonlardagi tomorqa yer maydonlarining bir qarichi ham bo‘sh turmaydi. Mirishkorlar turli usullarni qo‘llab, ko‘proq daromad olish payidan bo‘ladilar. Biroq shunday oilalar ham borki, buning aksi. Ularning hovlisiga kirsangiz, bo‘sh va qarovsiz yotgan tomorqani ko‘rib, ta’bingiz xira tortadi.
Prezidentimiz Oltiariqning “Uzumchi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi dehqon Isoqjon Boyqulov ishiga yuqori baho berib, uning tajribasidan o‘rnak olish kerakligini ta’kidlagan edi.
Chindan ham, Oltiariqda uzumchilikda Isoqjon akaga yetadigani yo‘q. Uning hovlisida yil — o‘n ikki oy uzum bo‘ladi. Shuning ortidan ro‘zg‘ori but, turmushi farovon.

Foto: "Xalq so`zi"

Bag‘dod tumanidagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Muzaffar Qahhorov qishloqdagi maktab oldida, mahallalarda mayda-chuyda sotib tirikchilik qiladi. Uning ixtiyorida 6 sotix tomorqa bor. Hovliga kirganimizda bahorning iliq kunlari allaqachon boshlanganiga qaramasdan yer hamon haydovsiz. O‘tgan yildan qolgan makkapoya qoldiqlari, xas-cho‘plar tomorqa husnini buzgan. Xuddi shunday holatni shu mahallada istiqomat qiluvchi Abduxoliq Jalilov xonadonida ham kuzatish mumkin. 7 sotix yer maydoni haliyam ko‘klam tadbirlarini kutib yotibdi. Xonadon egalari bilan suhbatlashganimizda, yerning hali yetilmaganligi, zaxligi, kunlar isib, zax qochgach, chorva uchun makkajo‘xori ekishni ko‘zlab turganini aytishdi.

“Izlangan imkon topar, izlanmagan bahona”, deydi xalqimiz. Chindan ham, yuqorida nomlari keltirilgan yurtdoshlarimiz bilan bir mahallada yashovchi qo‘shnilarining hovlisida esa umuman boshqa manzara: Faxriddin Yo‘ldoshev 4 sotix ekin maydoniga o‘tgan yilning kuzidayoq sarimsoqpiyoz qadagan. Yo‘g‘on ingichkalashib, ingichka uziladigan ayni paytda u asosiy daromad manbaiga aylandi. Qo‘shnilari To‘ychiboy Xo‘jayev qish bo‘yi bozorga ko‘kat olib chiqdi. Nosirjon Nazarov esa, allaqachon tomorqani issiqxonaga aylantirgan. 

3 nafar farzandi bo‘sh vaqt topdi deguncha, tomorqadagi yumushlar bilan mashg‘ul. Usmonali Nazirqulovning tomorqasida bo‘y cho‘zgan qalampir nihollarini ko‘rib dil yayraydi.

— O‘tgan yilda hududimizda tomorqasidan unumli foydalanmayotgan 
16 nafar fuqaro bor edi, — deydi “Yuksalish” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi Saidakbar Yo‘lchiyev. — Joriy yilda tushuntirish ishlari, moddiy ko‘mak va jamoatchilik nazorati tufayli bunday oilalar soni 10 ta kamaydi. Quvonarlisi, shu 10 oilaning barchasi tomorqadan unumli foydalanish evaziga kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatidan chiqarildi.

Xalqimizda “Sepli bo‘lguncha epli bo‘l”, degan purma’no hikmat bor. Adhamjon Hoshimovlar oilasi Toshloq tumanidagi “Qanjirg‘a” mahalla fuqarolar yig‘inida tomorqadan eng ko‘p daromad oladigan oilalardan biri hisoblanadi. Hududdagi 3600 nafar aholi ixtiyoriga berilgan jami 68 gektar tomorqadagi issiqxonalarda ertagi bodring, pomidor, karam, bulg‘or qalampiri, sarimsoqpiyoz, turli ko‘katlar yetishtiriladi.

— Tomorqamizdagi 6 sotixli issiqxonada 200 ming tup karam ko‘chati yetishtirib, allaqachon sotganmiz, — deydi oila sohibasi Gulchehra Shamshiyeva. — Hozirgi kunda issiqxonamizda yana karam ko‘chatlari tayyor bo‘ldi. Ularni ijara shartnomasi asosida olgan 3 gektar yerga ko‘chirib o‘tqazayapmiz. Karam nihollaridan bo‘shagan issiqxonamizga pomidor ekamiz. Xonadonimizda yetishtirilgan mahsulotlar vodiy viloyatlari hamda Toshkent shahriga yetkazib beriladi. 2018 yilda tomorqamizdan 150 tonna karam va 3,5 tonna pomidor hosili olib, uning katta qismini qo‘shni davlatlarga eksport qilishni rejalashtirganmiz.

Kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etilmoqda

Tomorqa imkoniyatlari naqadar katta ekanligini oddiy hisob-kitoblar ham tasdiqlaydi. Masalan, poytaxt viloyatining Qibray tumanidagi 36 mingga yaqin xonadonlarning 2517 gektarlik tomorqa maydoni bor. Bu yerlardan yiliga o‘rta hisobda 44 ming tonnadan ortiq sabzavot, kartoshka, meva hamda uzum yetishtiriladi. Tuman aholisining bu kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan yillik ehtiyoji esa 31,5 ming tonnaga teng. Tomorqachilar 12,5 ming tonnadan ortiq mahsulotlarini Toshkent shahri bozorlarida sotadilar.

Bahorning har bir kuni g‘animat. Uning har daqiqasidan samarali foydalanish lozim. Xalqimiz “Erta ekkan xirmon, kechikkanlar armon qilur”, deb bejiz aytmaydi.

Soha mutaxassislari tomorqada “to‘qsonbosti” usulini ko‘proq tatbiq qilish lozimligini ta’kidlamoqdalar. Tuman bo‘yicha 170 gektar tomorqaga ushbu usulda ekin ekilganligi, bu esa umumiy maydonning 7-8 foizini tashkil etayotgani mazkur usulga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatib turibdi. Yoki 686 ta xonadonning 20,5 gektar maydonida issiqxonalar tashkil qilinganligi ham mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganidan dalolatdir. Bu borada bank-moliya muassasalari ham faollik ko‘rsatishlari zarur. To‘g‘ri, bugun tomorqasida issiqxona tashkil etish istagi borlarning ro‘yxati shakllantirilib, ularga imtiyozli kreditlar berish taraddudi ko‘rilmoqda. Afsuski, bu ish anchagina kechiktirilganligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘lib qolmoqda. Bir sotix issiqxona qurish uchun 4 million so‘m mablag‘ sarflanishi inobatga olinsa, masalaning yechimi u qadar katta muammo tug‘dirmaydi.

Tumanda tomorqa holatini o‘rganish, tomorqachilarga amaliy yordam berish guruhlari tuzilgan. Guruh a’zolariga besh-o‘ntadan xonadon biriktirildi. Endi ular erta bahordan to kech kuzgacha otaliqlaridagi xonadonlar tomorqasiga ko‘mak beradilar.

Ishchi guruhi a’zolari dastlabki kunlardayoq bir qator kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishmoqda. Masalan, “Toshisdi” MFYdagi Temir yo‘lchi ko‘chasida joylashgan yettita xonadon o‘tgan yili umumiy maydoni 0,42 gektar bo‘lgan tomorqadan bir so‘m ham daromad olmagan. Ularning bu yilgi taraddudlari ham sezilmayapti. Ishchi guruhi a’zolari xonadon sohiblarini yerni qaytarib olish yoxud to‘lanadigan yer solig‘ini 3 barobar ko‘paytirish haqida ogohlantirdilar. Shu kunning o‘zida tuman bo‘yicha 100 ga yaqin xonadonlarning tomorqadagi ishi salbiy baholandi.

Ishchi guruhi faoliyati samaradorligini oshirish, tomorqadan unumli foydalanish uchun tumanda “O‘simliklar klinikasi” tomorqa xizmati markazi tashkil qilishni tezlashtirish lozim. U hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan 9 ta urug‘chilik do‘koni, 10 ta mineral o‘g‘it sotish shoxobchasi bilan birga, tomorqachilar og‘irini yengil qilgan bo‘lar edi.

500 ming so‘m qayda-yu, 25 million so‘m qayda?

Buxoro tumanining “Gulshanobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xo‘jarabot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Rustamovlar hovlisiga qadam qo‘ygan kishi saranjom-sarishtalik, tozalikni, ayniqsa, tomorqani ko‘rib, “Fayzli, qut-barakali xonadon ekan”, degan xulosaga kelishi tayin.
“Bahor endigina boshlandi, tomorqadagi qanaqangi to‘kinchilikdan so‘z ochayapsiz?” deya hayron bo‘lmang. Gap shundaki, bu oila yetti sotix yerda issiqxona barpo etgan. Ayni damda pomidor pishib yetildi. Hosilni ko‘rib ko‘z quvonadi.

— Shu xonadonga bundan 8 yil muqaddam kelin bo‘lib tushganman, — deydi Dilafro‘z Aslonova. — O‘shandan beri bir qarich yerning ham bo‘sh turganini eslayolmayman. Bilishimcha, uyimizdagilar 12 yildan buyon issiqxonada pomidor, bodring yetishtirishadi. Bu yil kamida 25 million so‘m daromad olishni ko‘zlab turibmiz. Hamma orzu-havaslarimizga shu tomorqa sharofati bilan erishayapmiz.

Bu so‘zlarda mubolag‘a yo‘q. Oila shinam, ko‘rsa havas qilgulik uyda yashamoqda. Avtomashinalari bor. Xonadonning to‘ng‘ich farzandi yaqinda yangi uy-joyli bo‘ldi. Oila sohiblariga muborak Haj ziyoratini ado etish baxti nasib qildi. Shunday ekan, tomorqani xazinaga o‘xshatmasdan bo‘lar ekanmi?
Afsuski, 300 xonadon istiqomat qilayotgan Xo‘jarabotda bunday omilkor oilalar barmoq bilan sanarli. Aksariyat fuqarolar yerga beda ekib qo‘yishgan. Namini yo‘qotib, qaqshab yotgan tomorqa yerlarini ham uchratasan, kishi. Mutaxassislar fikricha, agar Rustamovlar xonadoni a’zolari 7 sotix yerga beda ekishganida yiliga, nari borsa, 500 — 600 ming so‘m foyda ko‘rishar ekan. 25 million so‘m qayda-yu, 500 ming so‘m pul qayda? Xulosani o‘zingizga havola etamiz-da, shu qishloqda yashovchi Akbar Nasriddinovning so‘zlariga e’tiborni qaratamiz.

— Ko‘rib turganingizdek, tomorqamiz qaqshab yotibdi, — deydi u. — Biror ekindan tuzuk hosil ololmayapmiz. Kartoshkadan tortib, sabzi-piyozgacha — hammasini bozordan sotib olamiz. Sababi shundaki, arig‘imiz ko‘milib ketgan. Hashar qilib qazisak, bir oycha suv oqadi. Keyin yana o‘sha ahvol. Yer osti suvi esa sho‘r. Nasos quraman, deb naqd 800 ming so‘m sarfladim.
Ikki xonadondagi ikki xil manzarani ko‘rib, beixtiyor “Qalovini topsa, qor yonar”, degan naql yodga tushadi. Rustamovlar xonadoni a’zolari ekinni tomchilatib sug‘orish orqali tomorqadan millionlab so‘m daromad ko‘rishmoqda, boshqa xonadonlarda esa yerning umri zoye ketmoqda. “Qarasang bog‘man, qaramasang dog‘” deganlari shu emasmi?!

Adolat yuzasidan aytish lozimki, qishloqda oqar suv muammosi bor. Aholi turli tashkilotlar, jumladan, viloyat hokimligiga ham shu masala yechimi borasida yordam so‘rab murojaat qilgan. Aytishlaricha, 700 metr masofaga lotok ariq o‘tkazilsa, olam guliston. Ammo muz o‘rnidan jilganicha yo‘q. Aynan shu sababli xo‘jarabotliklar qo‘lida bo‘lgan 15 gektardan ziyod tomorqa qishda chilla suvi “ichmadi”. Ekin-tikin ishlari avj pallaga kirgan ayni kunlarda ham qishloq arig‘i qaqrab yotibdi. Vaholonki, suv ta’minoti oqilona yo‘lga qo‘yilsa, bu yerlarda qanchadan-qancha kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish mumkin. Necha yillik muammo oldida mahalla mutasaddilarining tomoshabin bo‘lib turishlari ham kishini ajablantiradi. Darvoqe, biz “Gulshanobod” mutasaddilaridan “Mahallada yashovchi fuqarolar ixtiyorida qancha tomorqa yeri bor?” degan savolga ham jo‘yali javob ololmadik.

Tomorqadan samarali foydalanayotgan xonadonlar tajribasini ommalashtirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, tomorqachilar tashvishini yengillashtirish mahalla fuqarolar yig‘ini faollari diqqat-e’tiborida turishi kerak emasmi?!
Mahalladan qaytayotib qishloq muallimasi Shohista Nasriddinova bilan suhbatlashib qoldik.

— Tomorqamizga har yili chorva ozuqasi ekardik, — deydi u. – Kartoshka, piyozni esa bozordan tashirdik. Yotib yeganga tog‘ ham chidamas ekan. Bu yil boshqacha yo‘l tutdik: 8 sotix yerda issiqxona barpo etdik. Nasib qilsa, tomorqadan o‘n-o‘n besh hissa ko‘p qo‘shimcha daromad olamiz. Ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz yanada barakali bo‘ladi.

Yerning uvoliga qolmang

Xalqimiz yildan-yilga dehqonchilikka ilmiy asosda yondashib, bozor talabi hamda ehtiyojlaridan kelib chiqib mahsulot yetishtirishning innovatsion usullarini joriy etmoqda. Gidroponika usulidagi issiqxonalar, intensiv bog‘lar yaratish, meva-sabzavotlarni saqlash uchun zamonaviy sovitish tizimiga ega omborlar qurish borasida eng ilg‘or texnologiyalar hayotga tatbiq qilinayotgani buning misolidir. Biroq mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash barobarida, juda katta eksport salohiyatiga ham ega bo‘lgan tomorqa xo‘jaligi imkoniyatlaridan Xorazm viloyatida to‘la foydalanilmayapti...

Ma’lumotlarga qaraganda, viloyatda 289 ming 452 nafar tomorqa yer egasiga 39 ming 471 gektar ekin maydoni ajratib berilgan. Ammo ana shu yerlarning barchasi oqilona ishlatilayapti, deya olmaymiz.

Gap shundaki, yaqinda viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan o‘tkazilgan monitoring chog‘ida 249 tomorqa yer egasiga biriktirilgan 32,4 gektar ekin maydoni qarovsiz holatda ekanligi aniqlandi. 138 ta tomorqa yer egasi bilan muloqot o‘tkazilgach, ushbu salbiy holat bartaraf qilindi. 111 oilaga qarashli 12,1 gektar tomorqa maydoni mahalliy hokimliklar yer fondi zaxirasiga o‘tkazildi.

— Ayrimlarning qishloqda yashab, sabzi, piyoz uchun bozorga chopganini ko‘rib hayron qolaman, — deydi Xonqa tumanidagi Durvadik mahallasida yashovchi Mavlonbek Jabborov. — Buning ustiga ishsizman, deb nafaqa ham so‘rashadi. Tomorqasi bor odam ishsiz bo‘lishi mumkinmi? Ayrimlar mehnatdan qochib, tomorqasiga faqat chorva uchun beda ekib qo‘ya qolishadi. Axir yerdan bir yilda ikki, uch martagacha hosil olish mumkin. Kishida ishtiyoq, mehnatga havas bo‘lsa, bas — o‘z hayotini o‘zi farovon qila oladi. To‘g‘ri, shu paytgacha tomorqa yer egalariga mineral o‘g‘itlar, sara urug‘lik va ko‘chatlar yetkazib berish, o‘simliklarni zararkunanda hasharot va kasalliklardan himoya qilish hamda texnika xizmati ko‘rsatish masalalarida muammolar bor edi. Endilikda har bir hududda “Tomorqa xizmati” korxonasi tashkil etilishini eshitib, juda xursand bo‘ldik.

Sirdaryo viloyatida har qarich yerdan unumli foydalanib, sho‘rxok joylarda ham daraxtu ekin o‘stirib, mo‘’jiza yaratayotganlar ko‘p. Ammo Mirzaobod tumanining “Navro‘z” shaharcha fuqarolar yig‘inidagi 8-mart qishlog‘ining bir necha xonadonlarida bo‘lganimizda, ana shunday havas qilsa arzigulik tomorqalar qatorida umri bekor o‘tayotgan yer maydonlariga ham duch keldik.
Qishloq Guliston — Gagarin avtoyo‘liga tutash hududda joylashgan. Allaqachon daraxtlar kurtak yozib, tabiat yashillikka burkanayotgan bo‘lsa-da, qishloqdagi hali shudgor qilinmagan, ketmon ko‘rmagan ayrim tomorqalar ana shu yo‘ldan ham ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ichkarida esa bundan-da ajablanarli manzara hukmron. Xususan, Uchyog‘och ko‘chasining 
48-uyi atrofidagi yerlar bolalar futbol o‘ynaydigan maydonchaga o‘xshaydi, desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu boismikin, chim qoplagan mazkur bo‘z yerni hamrohimiz — ushbu mahalla faoli Berdali Sancharovdan “Bu maydon qishloq stadionimi?” deb so‘raganimiz ham bejiz emas.

Aslida, u Faxriddin va Yorbek Abdusalomovlarga tegishli ekan. Shu uyning ro‘parasida esa taxminan 40 sotixdan ziyod tomorqa, hatto, o‘tgan yilgi yovvoyi o‘tlar qoldiqlaridan tozalanmagan holda xarob bo‘lib yotibdi. Undagi yulg‘un tanasidan ham bilsa bo‘ladiki, bu yer qo‘shnilarniki kabi yaqin o‘rtada ekin ekish u yoqda tursin, haydalmagan ham. 

Ana shunday inson mehnatiga zor bo‘lib turgan tomorqa egalarining aksariyati yo yer hali shudgor uchun tobga kelmaganini yoki tuproq sho‘rxok ekanligini vaj qilishdi. Qishloqqa kirishdagi deyarli sayhonlik bo‘lgan maydonni qoplagan yashillikni ko‘rgan kishi esa ushbu bahonaning asossiz ekanligini anglaydi. Mazkur tomorqa sohibi O‘ktambek Foyibnazarovning aytishicha, tuproq unumdorligini oshirish uchun o‘g‘it o‘rnida sholipoyadan foydalangan. Uning bu tajribasi yaxshi samara berganligi sarimsoqpiyozning rivoji avjidaligidan ham bilinib turibdi. Ayni chog‘da bu usul kamxarajat qilib, mo‘may daromad olish imkonini ham bermoqda. Sayfiddin Qo‘ldoshev xonadonida esa zax suvlarni qochirish uchun qo‘l kuchi bilan kavlangan zovur ham e’tiborga molik.

Namangan viloyati, Pop tumanidagi Marg‘izor mahallasida istiqomat qilayotgan Murodali Tovisov 25 sotix maydonda dehqon xo‘jaligini yuritadi. U yerni qo‘lga kiritgunga qadar katta-katta rejalarni ko‘zlagan edi. Nazorat yo‘qligidan foydalanib, keyingi paytlarda ekinzorni o‘z holiga tashlab qo‘ydi. Oqibatda chorak gektar ekinzordan na o‘zi, na davlat naf ko‘rayapti. Chortoq tumanining Gulshan mahallasi fuqarosi Izzatilla Donayev ham dehqon xo‘jaligi uchun 25 sotix yer olganida sabzavot ekib, oilamning yillik ehtiyojini qoplayman, ortganini bozorga chiqarib, daromad topaman, degan maqsadni oldiga qo‘ygandi. Aslida, gapi boshqa, ishi boshqa ekan. 

Tomorqasi qarovsiz maydonga aylandi. To‘raqo‘rg‘on tumanining Zarbdor mahallasida yashovchi Olimjon Nuriddinov ham yerning umrini befoyda o‘tkazayotganlar sirasiga kiradi.
Bunday kishilarga tomorqasini gulday qilib qo‘ygan omilkorlardan ibrat olish zarurligini aytsangiz, ensalari qotadi.

— Yerdan samarasiz foydalanish bilan bog‘liq salbiy holatlar ko‘plab shaxsiy tomorqa egalari tomonidan ham sodir etilmoqda, — deydi viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi I. Hoshimov. — Tomorqa — naqd xazinaning o‘zi. Biroq hamma ham bu haqiqatni tushunib yetayotgani yo‘q. Bo‘lmasa, ayrim oilalar tomorqasi bo‘la turib, kundalik ehtiyoj uchun kartoshka, piyoz, pomidor, bodring, hatto, ko‘katlarni bozordan tashib yurarmidi? Tekshirishlar chog‘ida 24 ta xonadonda tomorqani bo‘sh qoldirish odatiy holga aylangani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, viloyatda 431 ming 338 ta aholi xonadoni, shuningdek, dehqon xo‘jaliklari ixtiyorida 19 ming 898 gektar tomorqa maydoni bor. Mutaxassislar ulardan yil davomida oilalar ehtiyoji uchun 215 ming tonna, ichki bozorga 172 ming tonna mahsulot yetishtirish mumkinligini hisoblab chiqishgan. Bundan tashqari, 430 tonna meva-sabzavotni eksportga ham chiqarsa bo‘ladi. Xullas, imkoniyat katta. Endi undan foydalanmasa bo‘lmaydi. Binobarin, dehqon xo‘jaligiga ham, shaxsiy tomorqa egalariga ham bu masalada qat’iy mas’uliyat yuklanadi.

Tomorqa — rizq-nasiba, mo‘may daromad manbai. Uning dasturxonimiz fayzu barakasi, aholi turmush farovonligi, yurt obodligini ta’minlashdagi o‘rnining esa qiyosi yo‘q. Hamma gap undan nechog‘li oqilona foydalana olishda. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda ana shu haqda to‘xtalib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi, galdagi vazifalar belgilab olindi. Uning izchil ijrosi joriy yilda dehqonu fermer, mirishkoru bog‘bonlar oldiga qo‘yilgan bosh maqsad — 2017 yildagiga nisbatan 24 foiz ko‘p mahsulot yetishtirish imkonini beradi, albatta. Zero, ayni ekin-tikin mavsumida fursatni qo‘ldan boy bermay, kaftdek yerni ham bo‘sh qoldirmasdan ekin ekish, nihol qadash, yer-suv resurslari, yaratilgan ishlab chiqarish salohiyatidan unumli foydalanish, pirovardida aholi bandligi hamda turmush farovonligini ta’minlashga mustahkam poydevor yaratishi muqarrar.

Shu yilning 1 aprelidan har bir tumanda «Tomorqa xizmati» korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular orqali tomorqalar uchun ko‘chat, mineral o‘g‘it, kimyoviy preparatlar yetkazib beriladi, shuningdek, mexanizatsiya va boshqa servis xizmatlari ko‘rsatiladi.

Bag‘dod tumanidagi «Yuksalish» MFY joriy yilning o‘tgan davrida olib borilgan tushuntirish ishlari, moddiy ko‘mak hamda jamoatchilik nazorati tufayli 10 ta oila tomorqadan unumli foydalanishi evaziga kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatidan chiqarildi.

Toshloqlik Gulchehra Shamshiyeva 2018 yilda tomorqasidan 150 tonna karam va 3,5 tonna pomidor hosili olib, uning katta qismini qo‘shni davlatlarga eksportga yo‘naltirishni maqsad qilgan.

Bir sotix maydonda issiqxona qurish uchun 4 million so‘m mablag‘ sarflansa, undan o‘n barobar ko‘p daromad olinadi.

Bu yil yurtimizda 2017 yildagiga nisbatan 24 foiz ko‘p qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan.

«Xalq so‘zi» muxbirlari xabarlari asosida tayyorlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?