Tomorqachilarga jarima solish bilan ish bitmaydi. Ularga amaliy yordam berish kerak

18:46 30 Noyabr 2018 Jamiyat
736 0

Illyustrativ foto

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi tomorqalarning 1 479 gektarini koʻp yillik daraxtzorlar, 556 gektarini ochiq ekin maydoni tashkil etadi. Xonadonlarda 27,7 ming bosh qoramol, 41 mingta qoʻy, 5,5 ming bosh echki, ikki mingdan ortiq yilqilar boqilmoqda. Ochiq maydonlarga esa pomidor, bodring, piyoz kabi ekinlar ekilib, moʻl hosil yetishtirilyapti.

Ammo oʻrganish jarayonida tomorqa imkoniyatlaridan unumli foydalanmayotgan xonadonlar ham aniqlandi. 300 ta ana shunday xonadonga amaliy yordam koʻrsatildi, 42 ta xonadon egalariga esa yer soliqlarini uch marta koʻpaytirish chorasi belgilandi. 
Xalq deputatlari Parkent tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida deputatlar tomonidan aynan shu masalaga doir tanqidiy-tahliliy fikrlar oʻrtaga tashlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan tumanda olib borilgan ishlar muhokama qilindi.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, qishloq va suv xoʻjaligi, yer resurslari va davlat kadastr boʻlimlari, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, soliq inspeksiyasi, profilaktika inspektorlari, bir qator jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan. Sektorlar kesimida mavjud 54 ta mahalladagi 25,5 ming xonadonda boʻlib, tomorqa imkoniyatidan qanday foydalanilayotgani oʻrganildi. 
Natijalar esa ayrim xonadonlarda oʻz hayotini farovon qilish imkoniyatidan toʻliq foydalanilmayotgani aniqlandi. Albatta, jarima solish bilan ish bitmaydi. Ularga amaliy yordam berish kerak. Tumanda tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanayotgan, bu borada koʻpchilikka namuna boʻlayotgan xonadonlar koʻp. Ularning tajribasini ommalashtirish juda muhim.

Masalan, nomdanaklik Shafoat Nurova yetti yil avval imtiyozli kredit hisobidan bir sotix maydonga issiqxona qurib, 7 tup limon va ular oraligʻiga koʻkat ekkan edi. Limon hosilga kirgach, qarzini uzdi, oʻz kuchi bilan issiqxonani yana 1,2 sotixga kengaytirdi. Nihollar sonini 15 taga yetkazdi. 
Uning aytishicha, har tup limon 100 kilogrammdan hosil bermoqda. Bugun bozorda 1 kilogramm limonning narxi 12 — 15 ming soʻm atrofida. Xonadon sohibi bir tup niholdan 1,5 million soʻm daromad olmoqda. Shundan kelib chiqib, umumiy daromadni hisoblash qiyin emas.

Yigʻilishda 1 460 gektar sugʻoriladigan maydonda gʻalla parvarishlanayotgani xususida ham soʻz bordi. Fermerlar 70 sentnerlik marrani koʻzlab, mehnat qilmoqda. Lekin lalmi yerlarga ekilayotgan gʻalla hosildorligi yil sayin kamayib boryapti. Shu bois lalmi maydonlarda tokzor va bogʻlar tashkil etish haqidagi taklif ilgari surildi. Bir gektar maydondagi tokzordan 7 tonna uzum olish mumkin. Agar toklar tomchilatib sugʻorilsa, bu koʻrsatkich 3-4 barobar oshadi. Daromad ham shunga yarasha boʻladi. Bu sinalgan usul. Lekin amaliyotga fan, agrotexnologiya yangiliklarini, innovatsion gʻoyalarni joriy etishda hali-hanuz fermerlarda tashabbus yetishmayapti.

Oliy Majlis Senati aʼzolari qatnashgan mazkur sessiyada qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanayotganlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoyalash, ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini takomillashtirish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi. 
Shu kuni boʻlib oʻtgan xalq deputatlari Boʻka tumani Kengashi sessiyasida ham mazkur masala koʻrib chiqildi. Deputatlarning bu boradagi shaxsiy javobgarligini oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Rahmatilla SHЕRALIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?