Tomorqa ishlarini nazorat qilishni oʻqituvchilarga yuklayotganlar jazolanishi kerak — XTV munosabati

12:44 25 Aprel 2020 Jamiyat
154 0

Arxiv foto

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchilarga tomorqa ishlarini nazorat qilish yuklatilayotganligiga oid maʼlumot eʼlon qilindi. XTV ushbu masalaga eʼtibor qaratib, oʻz munosabatini bildirdi.

Qayd etilishcha, 2018-yil 14-avgustda Prezidentimizning “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorga koʻra, xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xoʻjaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

“Mazkur qarorga asosan oʻqituvchilarni aholining tomorqa ishlarini nazorat etishga jalb etish ham noqonuniy ekanini eslatib oʻtamiz.

Ayni paytda 2019-2020 oʻquv yilining 4-choragi davom etmoqda. Oʻqituvchilarning asosiy vazifasi oʻquvchilarga videodarslar yordamida puxta bilim berishdan iborat.

Xalq taʼlimi vazirligi mahalliy hokimiyat vakillarini oʻqituvchilarni xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etmaslikni talab qiladi.

Yuqoridagi qarorning 16-bandiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini oʻtkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini taʼminlash vazifalari yuklatilgan.

Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini mazkur xabarlarni oʻrganib, agar haqiqatda sodir boʻlgan boʻlsa, aybdorlarni jazolashga chaqirib qoladi“. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?