Tomorqa yer egalariga On-line tarzda mikrokreditlar ajratiladi

13:42 01 Iyul 2020 Hujjatlar
436 0

“Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, “Tomorqa xizmati” MJCHlarga:

— issiqxona, sovutgichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq yer maydoni;

— viloyatlar va tuman (shahar)lar markaziy dehqon bozorlarida, aholi gavjum punktlarida maxsus savdo maydonlari ajratiladi.

Qarorga koʻra, klaster usulida faoliyat yuritadigan jami 25 ta “Tomorqa xizmati” MJCHga 3 yil muddatga kredit yoki ularning ustav kapitaliga keyinchalik sotish huquqi bilan ulush ajratiladi.

Aholi tomorqalarida yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutgichlar barpo etish uchun kredit beriladi.

Markaziy bankning asosiy stavkasida 3 oy imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 4 foiz bank marjasini hisobga olgan holda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yoʻnalishida 2 million soʻmgacha Oilaviy tadbirkorlik markazi xulosasisiz On-line tarzda tomorqa yer egalariga mikrokreditlar ajratish mexanizmi joriy etiladi.

2023-yil 1-yanvarga qadar “Tomorqa xizmati” MJCH hamda qishloq xoʻjaligi kooperativlariga beriladigan kreditlar boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 3 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda kafillik beriladi.

Qarorga koʻra, ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 7,5 foizli punktigacha qoplab berish tizimi joriy etiladi.

Kamida 30 ta aholi tomorqalarini sugʻorish uchun yer osti suvlariga quduqlarni burgʻulash harajatlarining 70 foizini, biroq 120 million soʻmdan oshmaydigan qismini qoplashga subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, 2022-yil 1-yanvarga qadar tovarlarni olib kirishda bojxona boji (bojxona rasmiylashtiruvi uchun toʻlov va qoʻshilgan qiyman soligʻidan tashqari) toʻlanmaydigan ayrim texnika va uskunalar roʻyxati belgilandi.

Shuningdek, har yili 1-aprel va 1-avgustga qadar suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqalarida qaziladigan quduqlarning manzilli dasturi shakllantiriladi.

2021-yil 1-yanvarga qadar Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari huzuridagi “Axborot-maslahat markaz”lari (Extension center) hamda “In-vitro” laboratoriyasi tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlari va koʻchatlarini tayyorlash, yetkazib berish, oʻsimliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda yetishtirish agrotexnikasi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash yuzasidan maslahat va tavsiyalar berish boʻyicha xizmatlar shartnoma asosida tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?