Tomorqa egalari klasterlari qanday imkoniyatlar beradi?

09:09 15 Avgust 2020 Siyosat
278 0

Bugungi kunda “klaster” atamasi tez-tez quloqqa chalinmoqda. Bu atamadan taʼlim tizimida, iqtisodiyot va boshqa koʻplab sohalarda, shu jumladan qishloq xoʻjaligi sohasida ham foydalanib kelinmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 4,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari bor. Tomorqa xoʻjaligida mahsulot yetishtirishni klasterlar asosida tashkil qilish — bu qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, mahsulot sotish, taʼminot va kreditlash sohalarini qamrab oluvchi kooperatsiya orqali tomorqa yer egalarining birlashuvidir. Tomorqa yer egalarining klasterlarga birlashib oʻz tomorqalaridan foydalanishi ularning mehnati samaradorligini bir necha marotaba oshirishga imkon beradi. Bunga zamin yaratilgan. 2018-yildan boshlab mamlakatimizda “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugun esa “Tomorqa xizmati” MCHJlar negizida klasterlar tashkil etilishi orqali tomorqa yer egalarining imkoniyatlari birlashadi.

Bu imkoniyatlar aholi tomorqalari uchun koʻchat va urugʻliklarning tizimli yetkazib berilishi, “Tomorqa xizmati” MCHJlarda aholi tomorqasida yetishtirilgan mahsulotni saqlash uchun sovutqichlarning mavjudligi, shuningdek, mahsulotlar eksportini markazlashgan holda tashkil qilishdan iborat.

Har doim ham tomorqa egalarida dehqonchilik qilish uchun koʻchat va urugʻliklarni xarid qilish uchun imkoniyat boʻlmasligi mumkin. Bundan paytda tomorqa egasiga klasterlar yordamga keladi va ularni banklardan olingan imtiyozli kreditlar evaziga xarid qilingan koʻchat hamda urugʻliklar bilan taʼminlaydi. Eʼtibor bering, bu yerda tomorqa egasi kredit olmayapti, balki klaster imtiyozli kredit olyapti. “Tomorqa xizmati” MCHJlarning imtiyozli kreditlar olishi esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4767-sonli qarorda belgilab qoʻyilgan.

Tomorqa egalarining klasterlarga birlashishidan koʻzlangan maqsad imkoniyatlarning birlashuvchi ekani toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdik. Bugungi kunda tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarning hammasini nest-nobud qilmasdan isteʼmolchiga yetkaza olmayapmiz. Chunki, yetishtirilgan mahsulotlarni zamonaviy usullarda, sovutqichlarda saqlash imkoniyati yoʻqligi ularning koʻp miqdorda isrof boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Tomorqa egasi yakka ravishda katta (sanoat) sovutqichlarini qura olmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4767-sonli qarorida aynan shular qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Bu tomorqa egalarining mahsulotni saqlash borasidagi imkoniyatini keskin darajada oshiradi.

Tomorqa yer egasi oʻzi yetishtirgan mahsulot eksportini yakka holda amalga oshira olmaydi. Chunki, bir tomorqa egasi yetishtirgan mahsulotni mamlakat ichida uzoqqa olib borib sotish ham samaradorlik bermasligi tayin. Bunday holda eksport haqida gapirmasa ham boʻladi. Eksport uchun koʻp miqdorda mahsulot kerak boʻladi. “Tomorqa xizmati” MCHJlarda esa muayyan hududda yetishtirilgan mahsulotlarni bir joyga toʻplashi mumkin. Bu esa oʻsha hududda yetishtirilgan mahsulotlarning eksportini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?