Tomidan chakki oʻtayotgan maktab taʼmirtalab

18:20 29 Mart 2019 Jamiyat
248 0

Illyustrativ foto

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining oʻz saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.

Deputat Oʻtkir Tursunov Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Navroʻz, Bunyodkor, “Novja”, Madaniyat mahalla fuqarolar yigʻinlarida aholi bilan muloqot qildi. Mazkur hududlardagi maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishning ahvoli hamda fuqarolarni tashvishga solayotgan boshqa muammolar oʻrganildi.

Xususan, Navroʻz mahallasidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabining sport inventarlari bilan jihozlanishi ayanchli ahvolda ekanligi, hatto oddiy sport toʻplari mavjud emasligi ayon boʻldi.

“Novja” mahallasidagi qariyb sakkiz yuz nafar oʻquvchi taʼlim olayotgan 9-umumiy oʻrta taʼlim maktabi kutubxonasida bor-yoʻgʻi 1000 dona badiiy adabiyot mavjudligi tashvishlanarli.

Tumanning Madaniyat MFYdagi 50-umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻqituvchilar mahalla oʻramidagi Dayrobod, Bozorjoy va Kadon qishloqlarida aholi oʻz tomorqalaridan samarali foydalanishlari uchun ekin suvi yoʻqligini bildirdilar. Mazkur masala boʻyicha hududning sektor rahbari tuman IIB boshligʻi saylovchilar murojaatiga javob berib, juda qisqa fursatlarda nasoslar oʻrnatilib, ikki qishloqqa ekin suvi yetkazilishi yoʻlga qoʻyilishi, bir qishloqni esa dasturga kiritish chorasini koʻrishini maʼlum qildi.

Shuningdek, tumanning 45-maktab jamoasi ilm dargohi 1984 yilda qurilgani, kapital taʼmirlashga muhtojligi, yogʻin-sochinli kunlarda uning tomidan chakka oʻtayotganligini bayon etdilar.

Albatta, saylovchilar bilan muloqotlarda koʻtarilgan barcha masalalar deputat daftarida qayd etildi. Ularning yechim topishini esa vaqt koʻrsatadi.

Temur ESHBOYEV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?