Tomdi tumanida “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksi quriladi

16:02 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
353 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasini Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi PQ-3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash hamda yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusi asosida, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” gʻoyasini amalda roʻyobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda ijtimoiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlari joriy etish, aholining isteʼmol madaniyatini oshirish, tuman markazlarida kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini tashkil etish maqsadida, “Isteʼmolchi kutubxonasi” va “Isteʼmolchilar uyi” loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, mazkur loyiha doirasida hududlarda “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy komplekslari qurib foydalanishga topshirish nazarda tutilgan.

Mazkur maʼmuriy kompleksda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida huquqiy va badiiy jihatdan yuksak, intellektual saviyani oʻstirishga xizmat qiladigan siyosiy va badiiy adabiyotlar, zamonaviy “Book cafe” hamda bepul WiFi tizimi bilan taʼminlangan kutubxona, yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatish va ularning biznes gʻoyalarini amalga oshirishga xizmat qiluvchi “Business Incubator” maxsus oʻquv-amaliy hamda yosh kompyuter dasturchilarini tayyorlovchi “IP-dasturchi” shuningdek, yoshlarga milliy hunarmandchilik sirlaridan saboq beruvchi “Yosh hunarmand” oʻquv markazlari tashkil etilishi belgilangan.

Federatsiyaning ushbu loyihasini respublikamiz iqtisodiyoti hamda biznes doira vakillari ichida oʻz mavqeyi va salohiyatiga ega boʻlgan Navoiylik tadbirkor, “Zarafshon Golden Group” kompaniyasi asoschisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi Ulugʻbek Fayziyev qoʻllab-quvvatlagan holda viloyatning olis Tomdi tumanida “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksini kompaniya mablagʻlari hisobidan homiylik yoʻli bilan qurib berishi yuzasidan taklif kiritdi.

Shu kunga qadar, qator homiylik loyihalarining tashabbuskori boʻlgan saxovatpesha tadbirkorimizning ushbu taklifi Federatsiya tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?