Tomchilatib sugʻorishning afzalligi, eng avvalo, suv resurslarini iqtisod qilishidir

19:38 16 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
201 0

Ayni kunda dunyoning 30 foizga yaqin aholisi xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega emas. Maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak, 2030-yilga borib, yer shari aholisining yarmi suv tanqis boʻlgan hududlarda yashashga majbur boʻladi. Bunday maʼlumotlar esa suv resurslarini asrash mavzusiga yana-da jiddiy yondashish va suv bilan bogʻliq muammolarning oldini olishga qaratilgan profilaktika choralarini kuchaytirishni talab etadi. Toza ichimlik suvi dunyoda eng notekis taqsimlangan resurslardan biridir. Hozirda koʻp mamlakatlarda ichimlik suvi va sugʻorish suvi tanqisligi tobora oshib bormoqda. Bu esa mamlakatlar oʻrtasida transchegaraviy suvlar va suv obyektlaridan foydalanish hamda suv isteʼmoliga oid xalqaro nizolarni keltirib chiqaradi. Boz ustiga, global iqlim oʻzgarishi bu kabi muammolarning yana-da kuchayishiga olib keladi va natijada, nafaqat suv tanqisligi, balki suv toshqinlari ham koʻpayadi. 

Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasida ham sugʻoriladigan suvlardan oqilona foydalanish, sohaga tejamkor texnologiyalarni keng jalb qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ham mazkur muammoning hududlarda yuzaga kelayotgani qandaydir imkoniyatlarni izlab topishni taqozo etmoqda. Xususan, tomchilatib sugʻorish usullari bu borada yaxshigina dastak boʻlayotir. Masalan, birgina qishloq xoʻjaligi sohasini olsak. Ekinlarni sugʻorishda ilgʻor usullardan hisoblangan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tomchilatib sugʻorish usuli oʻzining yuqori samaradorligi, yaʼni suv resurslari cheklanganlik sharoitida kam suv sarflab, barqaror yuqori hosil olish imkonini berishi bilan ajralib turadi.

Albatta, mazkur texnologiya oʻzida koʻplab imkoniyatlarni jamladi. Hatto soliq tizimida ham. Masalan, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan fermer xoʻjaliklari, ushbu texnologiya joriy qilingan yer maydoni boʻyicha 5 yil muddatga yagona yer soligʻi toʻlashdan ozod etilishi yuzasidan Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi. Kelgusida yangidan tashkil etiladigan bogʻlar uchun yer ajratish, faqatgina ushbu maydonlarda tomchilatib sugʻorish tizimi hamda shu kabi suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish sharti bilan amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, hukumat qarori bilan 2019-yilning 12-avgustida “Meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish asosidagi suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlangan.

Eng muhimi, sugʻorishni avtomatlashtirish imkoniyati mavjud ekanligidir. Bu bilan eng kam xarajat orqali eng katta samaraga erishish mumkin. Shuningdek, tomchilatib sugʻorishning afzalligi, eng avvalo, suv resurslarini iqtisod qilishidir.

Ayni ichimlik suvi boʻyicha joylarda qator muammolar mavjudligini hisobga olganda, mazkur intensiv usul samaradorligi yuksak baholanadi.

Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish

masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?