Tomchilatib sugʻorish ishlarining kechiktirilgani deputatlar tanqidiga sabab boʻldi

17:52 15 May 2019 Jamiyat
285 0

Illyustrativ foto

Joriy yilda tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish ishlari koʻzda tutilgan umumiy 12121 ga maydondan bor yoʻgʻi 4 ming gektarida bajarilgan boʻlib, asosan Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Shu bilan bir qatorda, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Namangan viloyatlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish ishlari kechiktirilgan. Bu holat deputatlar tanqidiga sabab boʻldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining yigʻilishida ushbu masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik, idoralar rahbarlarining axboroti eshitildi.

Tadbirda bugungi kunda zamonaviy suv tejamkor innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar doirasida muayyan ishlar amalga oshirilayotganiga eʼtibor qaratildi. Ayni chogʻda deputatlar paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish masalalari bilan bogʻliq yuzaga kelayotgan muammolar hamda qonunchilikni takomillashtirish masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari Suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashuvchi ishchi guruhlarining ishchi organi sifatida oʻzlariga yuklatilgan asosiy vazifalarni toʻla va yetarli darajada amalga oshirilmagan. Natijada Qashqadaryo viloyatining Nishon, Gʻuzor, Namangan viloyatining Chust tumanlarida Davlat byudjetidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga ajratiladigan subsidiyalarnioʻz vaqtida berilishi kechikkan.

Shuningdek, “Oʻzbekenergo” AJ hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilarni paxtani yetishtirish davrida belgilangan tartibda kafolatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan bilan taʼminlash masalalaridagi kamchiliklar fermer xoʻjaliklarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish ishlarini oʻz vaqtida bajarilmasligiga sabab boʻlmoqda.

Qizgʻin munozaralarda deputatlar tomonidan yuqori hosildorlikka va suv resurslaridan samarali foydalanishga erishishni taʼminlaydigan, respublikaning tuproq-iqlim hamda boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilishning ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalarini ishlab chiqish kabi bir qator takliflar berildi. Tomchilatib sugʻorish tizimlariga servis xizmatlarini koʻrsatish zarurligi hamda mavsum davomida tizimli ravishda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha olim va mutaxassislar masʼuliyatini oshirish zarurligi ham aytib oʻtildi.

Yakunda muhokama etilgan masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?