Tomas Greminger: “Bugun yoshlarni eshitish, ularni har tomonlama himoya qilish juda muhim”

18:15 12 Iyun 2018 Siyosat
324 0

Shu kunlarda yurtimizda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Tomas Greminger mehmon bo‘lib turibdi.

YEXHT rahbari “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzuidagi xalqaro konferensiyada chiqish qildi. Xususan, u o‘z nutqida global kun tartibidagi masalalar bo‘yicha dolzarb fikr-mulohazalarni aytib o‘tdi.

— Avvalo, O‘zbekiston hukumatiga shunday anjumanni tashkil qilgani uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Tajovuzkorlikka asoslangan ekstremizm va uning pirovard natijasi bo‘lmish terrorizm xavfi Markaziy Osiyo hamda butun MDH hududi bo‘ylab doim mavjud bo‘lganini nazardan qochirmaslik lozim. Unga birgalikda, kelishib harakatlarni muvofiqlashtirgan holatda qarshi kurashish muhim. Ayni paytda bu kurash davomida biz inson huquqlariga ham daxl qilmasligimiz, chunonchi, insonlarning so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, OAV huquqi cheklanmasligini ta’minlashimiz kerak.

Bu jarayonlarga imkoni boricha yosh yigit-qizlarni ham jalb qilishimiz, ularni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratishimiz zarur. Keyingi paytlarda shaxsan guvoh bo‘ldimki, Markaziy Osiyoda, ayniqsa, O‘zbekistonda jamiyatni isloh qilish jarayonlarida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda bu tahdidlarning oldini olishga katta ahamiyat berilmoqda va bunda yoshlarga munosib yashash, ta’lim olish sharoitlarini ta’minlash bosh omil sifatida ko‘rilmoqda. Men buni juda ijobiy holat, deb o‘ylayman.

O‘tgan oy Tojikistonda ham terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha shu kabi xalqaro anjumanda ishtirok etdik va unda ham xavfsizlikni ta’minlashning asosiy vositasi sifatida yoshlar masalasi birinchi o‘ringa chiqdi. Dushanbe deklaratsiyasidagi tavsiyalarda bunga alohida urg‘u berildi. Shaxsan o‘zim faoliyat yuritayotgan tashkilot faoliyatini ham mintaqada ro‘y berayotgan ijobiy jarayonlar va harakatlarga muvofiqlashtirishga intilmoqdamiz.

BMT Xavfsizlik Kengashining 2250 va 2419-rezolyutsiyalarida (Mojarolarni hal etish, tinchlik bitimlarini tuzishda yoshlarning o‘rnini inobatga olish haqidagi xalqaro hujjatlar — tahr.) ilgari surilgan g‘oyalardan kelib chiqadigan bo‘lsak ham, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda yoshlarning salohiyatidan foydalanish, ularning jamiyatdagi o‘rnini tan olish dolzarbdir. Bugun yoshlarni eshitish, ularni har tomonlama himoya qilish juda muhim. Bu borada O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil ichida amalga oshirilgan islohotlar diqqatga sazovor.

YEXHT tomonidan ham ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash yo‘lida juda ko‘p ishlar qilindi. Ko‘plab xalqaro seminarlar, anjumanlarning tashkil etilgani, turli mamlakatlar hukumatlari o‘rtasida bu borada o‘zaro tajriba almashish uchun imkon yaratish, davlatlar rahbariyati va jamiyat o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, maxsus interfaol ssenariylarga asoslangan turli mashqlar yechish orqali terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha eng maqbul harakat strategiyalarini shakllantirish shular jumlasidan.

Shunga qaramay, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan yoshlar, ayollar hamon ekstremistlar uchun eng kam himoyalangan nishon bo‘lib qolayotganligi bu holatga qarshi harakatlarni izchil davom ettirish zaruratini ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, mazkur konferensiya ham bu yo‘lda dadil qo‘yilgan qadamdir. Anjuman qatnashchilari suhbat va muzokaralarda yoshlar masalasiga chuqur e’tibor qaratib, bunda O‘zbekistonning joriy yo‘nalishdagi siyosati bo‘yicha to‘plagan tajribasiga murojaat qilishgani g‘oyat muhimdir.
Botir G‘OFUROV yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?