Tolibon vakili oʻzbek tilida intervyu berdi (+video)

16:53 02 Mart 2020 Siyosat
211 0

Avval xabar qilganimizdek, AQSH Tolibon bilan tinchlik shartnomasi va amerikalik harbiylarning mamlakatdan olib chiqib ketilishi bitimini imzoladi.

Kelishuv 20 yildan beri davom etayotgan mojaroni hal qilishda muhim start boʻlishi mumkin. AQSH va uning NATOdagi sheriklari 135 kun ichida Afgʻonistondagi harbiy kontingentini 8,6 ming kishigacha qisqartiradi. Agar Tolibon kelishuv shartlariga rioya qilsa, 14 oy ichida barcha qoʻshinlar Afgʻonistondan olib chiqib ketiladi.

Bitim imzolanishida qatnashgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va u boshchiligidagi delegatsiya Qatardagi “Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mulla Barodar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Afgʻoniston muammolariga doimiy eʼtibor qaratgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. U Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari tufayli afgʻon mojarosi yana xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida ekanligini eʼtirof etdi.

“Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari, tarixning murakkab mashaqqatlariga qaramay Oʻzbekiston afgʻon xalqining eng ishonchli doʻsti boʻlgani va ekanligini taʼkidladi, bu ayniqsa, Afgʻoniston tinchlik va iqtisodiy koʻmakka juda muhtoj boʻlgan hozirda yaqqol namoyon boʻldi, deyiladi TIV xabarida.

Shuningdek, Tolibon harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Abdul Salom Hanafiy oʻzbek tilida intervyu berdi.

Tolibon vakili oʻzbek va afgʻon xalqlari aka-ukadek ekanligini, ular doimo tinch va osoyishta yashashlarini, ikki davlat xavfsizligi bir-birlariga bogʻliq ekanligini aytib oʻtdi, deyiladi "Sof.uz" xabarida.

Eslatib oʻtamiz, tinchlik bitimi 29-fevral Doha shahri (Qatar)da Hindiston, Indoneziya, Pokiston, Qatar, Turkiya, Tojikiston, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida imzolangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?