Tolibon va Afgʻoniston hukumati vakillari Moskvada uchrashadi

11:44 06 Noyabr 2018 Dunyo
677 0

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 9 noyabr kuniga belgilangan muzokaralarda Afgʻoniston hukumatining Tinchlik boʻyicha Oliy Kengashi va Tolibonning Qatardagi siyosiy idorasi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu Tolibon rasmiylarining nufuzli xalqaro tadbirlardagi ilk ishtiroki sifatida qayd etilishi mumkin, deb xabar berdi “Amerika ovozi” teleradiosi.

Tadbirga AQSH, Hindiston, Eron, Xitoy, Pokiston hamda Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vaziri oʻrinbosarlari taklif etilgan.

Rossiya joriy yilning avgust oyida 12 davlat va Tolibon vakillarini tinchlik muzokaralariga taklif etgan edi. Biroq Afgʻoniston hukumati Moskvaning avval Kobul bilan maslahatlashib, keyin Tolibonni taklif etmagani, Tolibonning Kobul bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga kirishmagani uchun anjumanda ishtirok etishni rad etgan va uchrashuv kechiktirilgan edi.

2017 yilning aprel oyida ham Rossiya Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilgan. Tadbirga AQSH taklif etilgan, biroq ishtirok etmagan edi.

Ayni damda, AQSH ham Tolibon va Afgʻoniston hukumati oʻrtasida tinchlik muzokaralarini boshlashga doir urinishlarini yangi bosqichga koʻtargan.

Moskvada oʻtishi moʻljallangan konferensiyada Afgʻonistonning Tinchlik boʻycha Oliy Kengashi nomidan Hoji Din Muhammad ishtirok etishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?