Toliblar O‘zbekistonga ishonch bildirishdi

09:53 21 Iyun 2018 Siyosat
778 0
Fotо: РИА Новости

Rasmiy toshkent harakat vakillari bilan aloqalar o‘rnatilganini ma’lum qildi

Rossiyaning “Kommersant” internet-resursida chop etilgan maqola shunday nomlangan.

O‘zbekiston hukumati qo‘shni Afg‘onistondagi “Tolibon” harakatining yuqori martabali vakillari bilan amaliy uchrashuvlar” o‘tkazilgani to‘g‘risida xabar qildi. Harakat vakillari bilan muloqot mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyadan so‘ng o‘rnatilgan. O‘shanda yigirmadan ortiq mamlakatlar vakillari Kobuldagi hukumat va toliblarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni boshlashga chorlab, rasmiy Toshkent esa ushbu jarayonda vositachilik qilishga tayyorligini bildirgan edi, deb yozadi maqola muallifi Kirill Krivosheyev.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston bo‘yicha shu yil mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” nomli konferensiyaning bevosita natijalari haqida ma’lum qildi.

“Toshkent konferensiyasi ishtirokchilarining umumiy pozitsiyasini ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston tegishli aloqalar o‘rnatib, Tolibon harakatining yuqori martabali vakillari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik-barqarorlik o‘rnatish va mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan muloqot va o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi”, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida e’lon qilingan bayonotda.

Shu bilan birga, o‘zbek diplomatlari Afg‘oniston hukumati va toliblar Ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish tartibini joriy etganini olqishladi. “O‘zbekiston ushbu yarashuv muddatsiz tus olishiga umid qiladi”, deyiladi matnda.

Mart oyidagi Toshkent anjumanida toliblar qatnashmagandi. Shunga qaramay, tadbir yakunida qabul qilingan deklaratsiyada ishtirokchi mamlakatlar “Milliy Birdamlik hukumatining oldindan hech qanday shart qo‘ymaslik asosida “Tolibon” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash haqidagi taklifini qat’iy qo‘llab-quvvatlash”larini ta’kidladilar. Qayd etish joizki, Kobuldagi hukumat va toliblar o‘rtasida aloqa kanali bor yoki yo‘qligi noma’lum bo‘lib qolmoqda. “To‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlanganda shuning o‘zi aloqa kanali bo‘ladi”, deya javob bergan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy “Kommersant” savoliga.

Aynan Toshkent toliblar va afg‘on hukumati o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lishi mart oyidayoq ma’lum qilingan edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mart oyida bo‘lib o‘tgan konferensiyada “Biz O‘zbekiston hududida tinchlik jarayonlarining istalgan bosqichida Afg‘oniston va “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz”, deb ta’kidlagan edi. O‘zbek diplomatlarining “oliy martabali vakillari” bilan uchrashuvlari mazkur muzokaralar yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi, deyish mumkin.

“Toshkent izchil va tizimli tarzda harakatlanmoqda, — deydi “Kommersant” gazetasiga bergan intervyusida Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Arkadiy Dubnov. — Tabiiyki, toliblar va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi aloqalar ilk marotaba olib borilayotgani yo‘q. Ammo aynan ushbu aloqa Afg‘oniston Prezidenti Ashraf o‘ani tomonidan e’lon qilingan yarashuvga mo‘ljallab o‘rnatilgan. O‘zbekiston Kobuldagi hukumat va toliblar o‘rtasidagi ishonch muhiti mustahkamlanishidan manfaatdor. Boshqacha aytganda, o‘zbeklar Toshkent konferensiyasida boshlangan jarayon ketayotgani va u davom etishini ko‘rsatib berishga intilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Toshkent deklaratsiyasini imzolagan barcha mamlakatlar, shu jumladan, Rossiya mazkur yo‘nalishdagi uning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini kutyapti”.
O. LUTFULLAYEV
tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?