“Tokni “tak” demasang Qashqarga yetadi”

16:48 21 Yanvar 2020 Jamiyat
255 0

Xalqimizda topib aytilgan gaplar koʻp. Masalan, “Tarbiya taqani toʻgʻrilaydi”. Mazmunini anglayotgandirsiz?! Taqani qoʻl bilan toʻgʻrilab boʻlmaydi. Buning uchun maxsus asbob-uskuna kerak. Ammo tarbiya orqali, hatto eng quloqsiz, oʻjar va shoʻx bolani ham izga solish mumkin.

Farzand tarbiyasida oʻta muloyimlik yaramaydi, biroz qattiqqoʻl boʻlmoq joiz. Xalqimizda aytiladigan “tokni “tak” demasang Qashqarga yetadi” degan gap ham hikmatga boy. Bilamizki, otni “tak, tak”, deb toʻxtatadilar. Shu kabi tokni ham “tak” demasa, yaʼni vaqti-vaqti bilan xomtok qilib turilmasa, boʻyiga zoʻr berib, hosili yaxshi boʻlmaydi. Demak, bolaga xuddi shunday eʼtibor zarur. Uni toʻgʻri parvarish qilmasang, bora-bora hech oʻnglanmaydigan bezoriga aylanishi turgan gap.

“Instagram”, “Twitter”,“Facebook”, “V kontakte” kabi ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarimiz juda faol. “Ommaviy madaniyat” sirtmogʻiga ilingan oʻsmirlar ruhiyatidagi gʻaroyib oʻzgarishlar bejiz emas.“Yoshlarimiz tarbiyasi buzilib ketmoqda, nima qilmoq kerak?” Tarixchi Gerodot Misr ehromlarini ziyorat qilayotib, “Shohlar vodiysi”dagi ehromda ushbu soʻzlarni koʻrib hayratlangan ekan. Juda koʻhna bu soʻzlar hozir ham dolzarbligini yoʻqotmagan.

Xoʻsh, yoshlar “ommaviy madaniyat”dan nimani yuqtirmoqda? Xudbinlikni, loqaydlikni, eʼtiborsizlikni, xiyonatni... Vafo, sadoqat, hayo, ibo, insof, saxovat kabi jamiki, ezgu tushuncha va amallar haqida-ku gapirmasa ham boʻladi. Olaylik, “ommaviy madaniyat” xudbinlikni qanday taʼriflaydi? Oʻzi uchun yashab qolish, oila uchun qaygʻurmaslikni yaxshi odat sifatida taʼriflaydi. Milliy madaniyatimizda bilamizki, buning aksi. Yoki xiyonat tushunchasi erkinlik belgisi, kechirilishi kerak boʻlgan ish sifatida targʻib qilinishi bizning hech bir qolipimizga tushmaydi.

Agar yoshlarimiz mashhur kitoblarni qoʻldan qoʻymay oʻqisa, ayniqsa, manqurt Joʻlomonning ayanchli taqdiri ularga saboq boʻlsa, bu darajada fikrsizlik ummoniga shoʻngʻib ketmasdi. Fikrsizlik oqibatida tobelik – kuch bilan boʻysundirilgandan koʻra ming chandon fojiali ekani haqidagi oʻlmas haqiqatdan ular ogoh boʻlishlari kerak. Oʻzini himoya qila bilish, yaʼni mafkuraviy immunitetga ega boʻlish zarurligini bugun zamon taqozo qilmoqda.

Insonning ichki dunyosi azal-azaldan muvozanat bilan sugʻorilgan. Insoniyat qanchadan-qancha tuzumni boshdan kechirgan. Ammo uning muvozanati oʻzgarmasdan qolavergan. Bunday mutanosiblik tabiatda ham, jamiyatda ham mavjud. Maʼnaviy muvozanatni – oʻzlikni saqlay bilish insonning insoniyligidan darak beradi. Hammamiz bilamizki, bu muvozanat buzilsa, biz orzu qilgan oʻsha “nima”dir inqirozga uchraydi.

Bugun yurtdoshlarimizning moddiy ahvoli havas qiladigan darajada. Masalan, har birimiz oʻzimizcha talqin qilib koʻraylik: shahardagi mashhur restoranlarning manzilini, xizmat koʻrsatish sifatini yaxshi bilamiz. Qaysi doʻkonda sifatli va arzon mahsulotlar xarid qilish mumkinligi yod boʻlib ketgan. Hatto bu haqda yaqinlarimizga gapirishdan erinmaymiz. Afsuski, shaharning qaysi nuqtasida kitob magazini borligi haqida soʻrasangiz, koʻpchilik bilmaydi.

Yaqinda hukumatimiz qarori bilan uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu ayni muddao boʻldi. Oʻzingiz oʻylang, tanamiz sogʻligi uchun qanchalab tibbiy emlashlarni qabul qilamiz. Ammo yoshlarning maʼnan sogʻlomligi uchun amalga oshirilayotgan har qanday saʼy-harakatlar yetuk va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi. Toki buni mafkuraviy emlash, desak mubolagʻa boʻlmas. Muqoyasa qiladigan boʻlsak, maʼnaviy tarbiya bilan jamiyatni “ukol” qilib turishmasa, osonlikcha oyoqqa turishi qiyin. Mazkur konsepsiyaning kelajakdagi samarasini tasavvur qilib koʻrsangiz, farzandlarimizning barkamol qiyofasi koʻz oldimizda gavdalanadi. Axir, bitta maʼnaviy emlashga qaratilgan har bitta “ukol” qanchadan-qancha illatlar “mikrob”ini kamaytirishga xizmat qiladi.

Shodi OTAMUROD, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

 

Maqola tahririyatning fikrini bildirmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?