Tokioda O’zbekiston savdo uyi ochiladi

11:47 23 Mart 2018 Iqtisodiyot
622 0

2018 yilning birinchi yarmida Yaponiyaning Tokio shahrida O’zbekiston savdo uyi ochilishi rejalashtirilayapti. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi xabar berdi.

O’z navbatida mazkur savdo uyi qoshida doimiy faoliyat olib boradigan shou-rum tashkil etiladi. Ro’yxatga olish bosqichi nihoyasiga etgandan so’ng, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari, quruq mevalar va gilos, shuningdek, moshni dastlab sinov tariqasida etkazib berish yo’lga qo’yiladi.

Yaqinda mamlakatimiz delegatsiyasining “O’zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning yangi trendlari” nomida o’tkazilgan Investitsiyaviy forumiga rasmiy tashrifi doirasida bu boradagi kelishuvga erishildi. Forum ishida Kunchiqar yurtdan davlat tuzilmalari va idoralari, banklar, korporatsiyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy o’quv muassasalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining 140dan ziyod vakili ishtirok etdi. 

Ishtirokchilar tomonidan O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o’zgarishlarning dastlabki natijalari hamda istiqboldagi imkoniyatlar muhokama etilib, mamlakatda sarmoyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilangani va xorijlik investorlar uchun uning iqtisodiy jozibadorligi oshgani alohida ta’kidlandi.

O’zbekistonning “Uztrade” va Yaponiyaning “Meiko Corporations” brendlari o’rtasida savdo uyi ochish to’g’risida imzolangan shartnoma doirasida kelgusida Uzoq Sharq mintaqasida o’zbek mahsulotlarini keng assortimentda taqdim etish mo’ljallanayapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?