Tokioda “Olimpiada-2020” stadioni qurib bitkazildi. Buning uchun kedr yogʻochidan foydalanildi

11:31 03 Dekabr 2019 Jamiyat
70 0

Tokioda 2020-yilda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlari uchun asosiy stadion qurib bitkazildi. Bu jarayon Zaxi Hadid konsepsiyasidan voz kechilgandan toʻrt yil oʻtib yakunlandi.

Ushbu milliy oʻyingoh 60 ming tomoshabinga moʻljallangan. Loyihaga 1,4 mlrd. dollar sarflandi, deb yozadi TJournal.

Besh qavatli inshoot loyihasi yapon meʼmori Kengo Kuma tomonidan ishlab chiqilgan. Stadionga pardoz berishda Kunchiqar mamlakatning 47 hududidan keltirilgan qariyb 2000 metr kub kedr yogʻochi ishlatildi.

Majmua ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda yaratildi. Arxitektor stadion konstruksiyasi va havo almashtirish(konditsioner) tizimi Tokioning 40 darajali jaziramasida ham haroratni meʼyorida ushlab turish imkonini beradi. Arenada nufuzli musobaqaning ochilish va yopilish marosimlari hamda yengil atletika bahslari oʻtkaziladi.

Maʼlumot uchun, Yaponiya hukumati Kengo Kuma variantini Zaxi Hadid konsepsiyasidan voz kechgandan soʻng tanlagan edi. 2013-yilda ushbu davlat arxitektura byurosi tomonidan stadion qurilishi boʻyicha oʻtkazilgan ochiq tanlovda Zaxi Hadidning konsepsiyasi yutib chiqqandi. Unga koʻra, oʻyingoh 80 ming tomoshabinni oʻziga sigʻdirishi va buning uchun 1,3 mlrd. dollar sarflanishi moʻljallangan edi.

Biroq 2014-yilda hukumat bu boradagi byudjetni qisqartirdi va meʼmor loyihasini soddalashtirishiga qaror qildi. 2015-yilda esa unga sarflanadigan xarajatlar 2 mlrd. dollarga yetishi maʼlum boʻlgach, bosh vazir Sindzo Abe loyihani bekor qilib, yangisini boshlashga ruxsat bergandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?