Tokio Olimpiadasiga litsenziya qoʻlga kiritgan har bir sportchi uchun 100 million soʻmdan mukofot puli beriladi

17:14 22 Noyabr 2018 Sport
571 0

Milliy olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishlari yoʻlida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

2020 yilda Tokio mezbonlik qiladigan Olimpiya oʻyinlaridagi zafarli ishtirok esa tashkilot oldidagi eng asosiy vazifa hisoblanadi. Ana shularni hisobga olgan holda, Milliy olimpiya qoʻmitasi Yaponiyadagi Olimpiadaga litsenziya qoʻlga kiritgan har bir sportchi uchun mukofot puli 100 million soʻm etib belgilanganini maʼlum qiladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Eslatib oʻtamiz, bungacha Indoneziyadagi Osiyo oʻyinlarida oltin medalga ega chiqqan tennischimiz Denis Istomin sportchilarimiz ichida birinchi boʻlib Tokio Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgandi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Tokio Olimpiadasida medallar soni va sifati boʻyicha ham avvalgi natijalarni yaxshilashni niyat qilgan. Shunday ekan, litsenziyalar soni ham avvalgilarga nisbatan koʻproq boʻlishi lozim. Bunday ragʻbat esa sportchilarga yangi ishtiyoq taqdim etishi, ularni yangi-yangi marralar sari chorlashi shubhasizdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?