Tokio Olimpiadasiga bormoqchimisiz? Endi chiptalarni Toshkentdan turib ham sotib olishingiz mumkin

17:45 07 Fevral 2020 Sport
246 0

Maʼlumki, ayni paytda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan yaqinlashib kelayotgan Tokio Olimpiadasiga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Bugun “Humo arena” muz saroyida Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasini qoʻllab-quvvatlash uchun muxlislar guruhini shakllantirish va ularni turistik yoʻllanmalar bilan taʼminlash boʻyicha shtabning ochilish marosimi va mazkur tadbirga bagʻishlangan matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda MOQ xabar berdi.

Mazkur ofis orqali yurtimizdagi sport ishqibozlari Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga chiptalarni buyurtma qilishlari va sotib olishlari mumkin boʻladi. Mazkur ofisning tantanali ochilish marosimida MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Asushi Suda, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbarining oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari, Respublikamizdagi yetakchi sayyohlik kompaniyalari, katta sport jamoatchiligi va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Yana bir ahamiyatli jihati, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda Tokioga safarlarni tashkil etish ishlariga “Radiuss Travel”, “Asia Tour Elite”, “Mega Tour” va “Trip Group” kabi yurtimizdagi yetakchi sayyohlik kompaniyalari jalb etilgan. Eʼtiborlisi, bugungi tadbirning oʻzida Shahnoza Rahimova mazkur ofisning dastlabki mijoziga aylandi.

“Biz oilamiz bilan sportga qiziqamiz. Rioda oʻtgan Olimpiada uchun Oʻzbekistonda bunday imkoniyatlar yaratilmagani bois Braziliyaga bora olmagan edik. Mana endi yaratilgan bunday fursatdan unumli foydalanib, oilamiz uchun 4 kishilik paket sotib oldim. Oilamiz bilan suzish, boks, qilichbozlik va tennis musobaqalarini koʻrishni xohlaymiz. Muxlislar uchun bunday imkoniyat yaratib bergan tashkilotchilarga oʻz minnatdorchiligimni bildirib qolaman”, – dedi Shahnoza Rahimova.

Ofisning tantanali ochilish marosimi yakunlangach mazkur loyihada faoliyat olib boradigan sayyohlik kompaniyalarining mutasaddilari va jurnalistlar uchun matbuot-anjumani boʻlib oʻtdi.

“Dastlabki rejamizga koʻra mazkur paket 380 kishiga moʻljallangan. Agar talab yana-da ortib borsa, biz buni 600 kishigacha koʻpaytira olamiz. Har bir paketimiz 7 kunga moʻljallangan boʻlib, uning ichida muxlislarimiz istagan 4 ta sport turi uchun chiptalar, Toshkent-Tokio-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviachipta va aeroport-mehmonxona yoʻnalishlari boʻyicha transport, 7 kunlik yashash, nonushta, viza xarajatlarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, mijozlarimizga oʻzlari uchun qulay vaqtda Tokio shahri va uning atrofidagi diqqatga sazovor joylari boʻylab sayyohlik turlari tashkil qilinadi. Oʻylaymanki, bu 4 yilda 1 marotaba boʻladigan Olimpiya oʻyinlarini tomosha qilish uchun eng qulay imkoniyatlardan biri”, – dedi “Asia Tour Elite” sayyohlik kompaniyasi rahbari Akmal Qosimov.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining maqsadi yozgi Olimpiya oʻyinlarida, xususan, yaqinlashib kelayotgan Tokio Olimpiadasida koʻp sonli oʻzbek muxlislarining ham ishtirokini taʼminlashdir. Shuningdek, Yaponiyadagi Olimpiya oʻyinlari mobaynida Tokio shahrida “Oʻzbekiston kunlari” madaniy tadbirlarini ham oʻtkazish rejalashtirilgan. Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik doirasida ilk bor Oʻzbekistondan tashrif buyuradigan muxlislar jamoasini shakllantirish ham koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?