Tokio Olimpiadasi uchun yana ikkita yoʻllanma qoʻlga kiritildi. Ulardan biri tarixiydir.

16:57 05 Yanvar 2020 Sport
332 0

Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.2020-yilining ilk kunlari oʻzbek sporti ixlosmandlari uchun xushxabar bilan boshlandi. 

Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WT) Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi yakuniy reyting jadvalini eʼlon qildi. Quvonarlisi, terma jamoamiz aʼzosi Nikita Rafalovichning nomi -80 kilogramm vazn toifasida reyting orqali Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma olgan taekvondochilar qatorida keltirib oʻtildi.

Hamyurtimiz -80 kilogramm vazn toifasida yakuniy jadvalning toʻrtinchi pogʻonasidan joy olgan. Rafalovich 2 yil davomida oʻtgan bahslar mobaynida 306.89 ball toʻplashga muvaffaq boʻldi.

Shuningdek, Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WTF) Tokio Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi yakuniy reyting jadvalini ham eʼlon qildi.

Quvonarli jihati shundaki, Parataekvondo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Guljanoy Naimova -58 kilogramm vazn toifasida reyting orqali Tokio Paralimpiya oʻyinlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Eʼtiborlisi, Guljanoy shu tariqa Oʻzbekiston Parataekvondo tarixida Palarimpiya oʻyinlariga litsenziya olgan ilk sportchiga aylandi.

Maʼlumot uchun Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlariga qadar Parataekvondochilarimiz 10-12-aprel kunlari Xitoyning Vusi shahrida toʻgʻridan-toʻgʻri litsenziya beruvchi Osiyo chempionatida ishtirok etishadi. Umid qilamizki Parataekvondo boʻyicha litsenziyalarimiz yanada ortadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?