Tokio Olimpiadasi medallarini tayyorlashda ishlatilgan smartfon va planshetlardan foydalaniladi

18:06 24 Iyul 2019 Sport
281 0

Bugun Tokioda boʻlib oʻtadigan navbatdagi yozgi Olimpiada oʻyinlari ochilishiga bir yil qoldi. Shu munosabat bilan nufuzli musoabqa tashkilotchilari tomonidan tantanali marosim oʻtkazildi. Unda toʻrt yillikning eng yirik bellashuvlari medallari dizayni namoyish etildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Har bir medalda Tokio Olimpiadasi timsoli oʻz ifodasini topgan. U anʼanaviy yapon naqshlarini oʻz ichiga olgan dumaloq shaklda. Uni barcha tomondan uch oʻlchovli koʻp qirrali “girdob” oʻrab olgan. Ort tomonida qadimgi yunon mifologiyasi maʼbudasi Nika joy olgan. Dizayn muallifi yaponiyalik Dzyunʼiti Kavanisidir.

Kunchiqar yurtda “itimatsu” bezaklari Edo davri(XVII asr- XIX asr birinchi yarmi)da mashhur boʻlgan. Dizaynerlarning fikricha, bunday belgi xushbichimlik va nafislikni anglatadi. Bu esa Yaponiyaga xos xususiyat hisoblanadi. Geometrik figuralarning turli shakllari dunyo madaniyatlari xilma-xilligi ramzi boʻlib, birlik hamda rang-baranglikni ifodalaydi.

Olimpiada medali ogʻirligi taxminan 550 gramm. Foydalanilgan elektronika vositalari, birinchi navbatda, smartfon va planshetlardan ularni tayyorlashda qisman foydalanishga qaror qilingan. Bunday qurilmalar mamlakat boʻylab yigʻilgan. Yaponiya aholisi uchun mazkur konsepsiya juda foydalidir. Sababi odatda bu mamlakatda utilizatsiya pulli boʻlib, yuqoridagi kabi apparatlarni shunchaki tashlab yuborish mumkin emas.

Binobarin, shahar rasmiylari ikki yil davomida olib borgan aksiyalari sabab Kunchiqar yurtidan qariyb 79 mingta elektronika qoʻlga kiritildi. Yana 6 mln.ta mobil telefonlari egalari tomonidan NTT telekommunikatsiya operatori doʻkonlariga topshirildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida medallar tayyorlash uchun 32 kg. oltin, 3,5 tonna kumush va 2,2 tonna bronza yigʻildi.

Tokiodagi yozgi Olimpiada oʻyinlari kelgusi yil 24-iyuldan 9-avgustigacha, Paralimpiya musobaqalari esa 25-avgustdan 6 sentyarbgacha boʻlib oʻtadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?