Tokio Olimpiadasi yoʻllanmasiga buxorolik sportchilarning qanchasi daʼvogar?

11:27 18 Noyabr 2020 Sport
118 0

Xabaringiz bor, Yaponiya poytaxti Tokioda shu yilning yozida XXXII Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlari oʻtishi kerak edi. Ammo global muammoga aylangan pandemiya tufayli zamonamizning eng nufuzli sport musobaqasi 2021-yilga qoldirildi.

— Mamlakatimiz, jumladan viloyatimiz sportchilarining jahon, Osiyo miqyosidagi turnirlarda erishayotgan yutuqlaridan har birimiz faxru iftixor hissini tuyamiz, — deydi Milliy Olimpiya qoʻmitasining Buxoro viloyati hududiy vakili Husenali Husenov. — Gʻururlanamiz. Ularni yoshlarga namuna qilib koʻrsatamiz. Ayniqsa, yozgi Olimpiada oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyatning qadru qimmati baland. Shu oʻrinda 2016-yilda Braziliyada tashkil etilgan yozgi Olimpiadani eslashning oʻzi kifoya.Unda ishtirok etgan oʻzbekistonlik 70 nafar sportchining 6 nafari viloyatdoshlarimiz edi. Bilasiz, oʻshanda 52 kg vazn toifasida ringga koʻtarilgan vakilimiz Shahobiddin Zoirov barcha raqiblarini magʻlub etib, olimpiada chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi. Yana bir bokschimiz Shahram Gʻiyosov faxrli 2-oʻrinni egalladi, erkin kurashchimiz Ixtiyor Navroʻzov va dzyudochi Rishod Sobirovga bronza medali nasib qildi.

Albatta, Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish anoyi ish emas. Qattiq mehnat, mashaqqatli mashgʻulotlar, kuchli raqobatga dosh bermoq va nihoyat, kerakli ballarni taqdim qiluvchi turli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashish evaziga bunga erishish mumkin. Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish ehtimoli yuqori boʻlgan sportchilar va ularning murabbiylari shuni chuqur his etgan holda boʻlgʻusi musobaqalarga jiddiy hozirlik koʻrishmoqda.

Tokio Olimpiadasiga borish imkoniyatiga ega sportchilar roʻyxati shakllantirilgan. Ular 36 nafarni tashkil etmoqda. Bular asosan sportning boks, erkin kurash, dzyudo, yunon-rum kurashi, ogʻir atletika, qilichbozlik, taekvondo kabi turlari bilan shugʻullanayotgan yoshlardir. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni Milliy qoʻmita hududiy vakilligi oʻzining asosiy vazifa deb bilyapti.

— Shu maqsadda bu sportchilarning uylariga borib, yashash sharoitlari bilan tanishdik, — davom etadi H. Husenov. —Muammolarini oʻrgandik. Ular mashgʻulot oʻtkazayotgan sport zallarida qanday shart- sharoitlar yaratilgani eʼtiborimizda. Murabbiylar bilan ham muntazam muloqotdamiz. Har bir yechimtalab masala viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, uning shahar va tuman boʻlimlari bilan hamkorlikda hal etilmoqda.

Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish umididagi sportchilar haqida iliq fikrlar bildirish mumkin. Ularning barchasi qatʼiyatli, iqtidorli, intiluvchan, irodali. Nufuzli turnirlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishgan,muayyan tajriba toʻplashgan. Shu oʻrinda bir-ikki misol bilan kifoyalanmoqchimiz. Deylik, Mironshoh Ibragimovning nomi boks muxlislariga yaxshi tanish. Bu iqtidorli “charm qoʻlqop” ustasi Abbos Atoyev, Shahram Gʻiyosov kabi taniqli bokschilarga munosib izdosh, desak adashmaymiz. U ayni damda murabbiyi Hamza Avezov qoʻli ostida mashgʻulotlar oʻtkazmoqda. Yoki dzyudochi Shahram Ahadovni olib koʻraylik.Bu sportchimiz 2018-yilda oʻtkazilgan Tunis gran-prisida faxrli 1-oʻrinni egallagan. Tbilisi, Toshkent va Budapesht shaharlarida tashkil etilgan turnirlarda esa bronza medalini qoʻlga kiritgan.

Odatdagidek, yozgi Olimpiadadan soʻng XVI Paralimpiya oʻyinlari ham boʻlib oʻtadi. Buxoroda bu musobaqa yoʻllanmasini qoʻlga kiritish ehtimoli yuqori sportchilar soni 9 nafarni tashkil etmoqda. Ularning ham yashash va mashgʻulot oʻtkazish shart-sharoitlari oʻrganilib, muammolari hal etib borilyapti. Zero, Buxorodan Paralimpiya oʻyinlarining koʻplab sovrindorlari yetishib chiqqan. Masalan, 2016-yilda Rio-de-Janeyro mezbonlik qilgan toʻrt yillikning nufuzli musobaqasida dzyudochilar Sherzod Namozov oltin, Feruz Saidov, Shuhrat Boboyev, Shirin Sharipov esa oʻz vazn toifalarida bronza medalini qoʻlga kiritishgan. Tokioda bu koʻrsatgichlar yana-da yaxshilanishi uchun bor imkoniyatlar ishga solinadi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?