“Tokio — 2020” yoʻllanmalar soni 20 ta boʻldi

07:55 10 Mart 2020 Sport
519 0

Iordaniyaning Amman shahrida boks boʻyicha Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun yoʻllanma beruvchi litsenzion turnir davom etadi. Musobaqaning kecha boʻlib oʻtgan chorak final bahslari doirasida 6 nafar vakilimiz “Tokio — 2020” yoʻllanmasi uchun ringga koʻtarilishdi.

Jumladan, 52 kg.gacha vaznda Shahobiddin Zoirov eronlik Omid Ahmadisafani magʻlub etgan boʻlsa, 63 kg.gacha vaznda Elnur Abduraimov avstraliyalik Xarrison Garseyddan ustun keldi.

Mirazizbek Mirzahalilov (-57 kg.) esa gongkonglik Sing Yu Soni magʻlub etishni uddaladi. Ushbu gʻalaba yurtdoshimizga Tokio Olimpiadasining yoʻllanmasini ham taqdim qildi. Taʼkidlash joiz, bu delegatsiyamizning Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritgan yigirmanchi yoʻllanmasi boʻldi.

Soʻnggi bahsda hamyurtimiz Fanat Qahramonov (-75 kg) ham Olimpiada litsenziyasi uchun oʻtish bosqichida ishtirok etdi. Afsuski, eronlik Seyedshahin Musaviga qarshi bahs yurtdoshimizning magʻlubiyati bilan yakunlandi. Shu tariqa Fanat Qahramonov musobaqadagi ishtirokini tugatdi.
Kechki dastur doirasida ringga koʻtarilgan qizlarimiz Tursunoy Rahimova(-51 kg) va Rayhona Qodirova (-60 kg) imkoniyatni boy berib qoʻyishdi. Biroq Rahimovaning vazn toifasida 6 ta yoʻllanma oʻynalishi uning litsenziya uchun kurashish imkoniyati mavjudligini anglatadi.

Shu tariqa, Tokio Olimpiadasiga Shahobiddin Zoirov (-52), Mirazizbek Mirzahalilov (-57), Elnur Abduraimov (-63),Bobousmon Baturov (-69 kg), Sanjar Tursunov (-91), Bahodir Jalolov (+91 kg) yoʻllanma oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?