Toʻyda belgilangan karantin qoidalariga amal qilinmaganligi oqibatida 250dan ortiq fuqarolar karantinga olindi

09:25 17 Iyun 2020 Jamiyat
1534 0

Arxiv foto

Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov mahalliy televideniye orqali chiqish qilib, viloyatdagi hozirgi epidemiologik vaziyat hamda koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish uchun zarur profilaktik chora-tadbirlar koʻrilayotgani haqida maʼlum qildi.

“Ming afsuski, viloyatdagi ayrim rahbar va xodimlarning, fuqarolarimizning karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilishdagi eʼtiborsizligi koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyatning keskinlashuviga sabab boʻlmoqda.

Misol uchun, viloyat tashkilotlarining birida karantin qoidalariga rioya etilmaganligi, yaʼni xodimlarning ishga kelishida termometriya qilinmaganligi, antiseptik vositalaridan foydalanilmaganligi, 2 metrlik ijtimoiy masofa saqlanmaganligi, niqob taqish va dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmaganligi natijasida Toshkent shahrida xizmat safarida boʻlib qaytgan bemor xodim ishga chiqib, hamkasblariga koronavirus infeksiyasining yuqishiga sababchi boʻlgan.

Buning natijasida ushbu bemor bilan muloqotda boʻlgan 300 nafardan ortiq fuqaro bugungi kunda karantinga olinib, 9 nafarining ushbu kasallikka chalinganligi tasdiqlandi. Yana bir nechta fuqaroda ushbu kasallik gumon qilinmoqda.

Shuningdek, toʻy va maʼrakalarning belgilangan talablar boʻyicha oʻtkazilmaganligi natijasida ham koʻplab fuqarolar karantinga olinmoqda. Xususan, Muzrabot tumanida oʻtkazilgan toʻyda belgilangan karantin qoidalariga amal qilinmaganligi natijasida 250 dan ortiq fuqaro karantinga olindi.

Shu tariqa hozirda viloyatda 4118 nafar fuqaro karantinga olingan. Ularning 298 nafari tibbiyot muassasalarida, 678 nafari sihatgoh va maxsus binolarda, 3142 nafari esa oʻz uylarida kuzatuvda boʻlib turibdi.

Eng yomoni, bu kasallik aholi orasida aniqlanyapti. Ular kasallikni aynan qayerda yuqtirganligini, kasallik manbaini aniqlashimizning imkoni qiyin boʻlmayapti.

Koronavirus infeksiyasini birgalashib, karantin qoidalariga soʻzsiz amal qilgan holda harakat qilmasak hech qachon yenga olmaymiz.

Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, “Biz biriksak, birgalikda, hamjihatlikda shaxsiy namuna asosida, intizom bilan kurashsak, mazkur pandemiyani yengamiz”. Buning uchun imkoniyatimiz ham, kuchimiz ham yetadi.

Shuning uchun virus tarqalishining oldini olishda barchamiz birdek masʼuliyatimizni oshirib, bor kuchimizni safarbar etishimiz lozim.

Kuzatilayotgan epidemik vaziyatni hisobga olib, biz bugundan Termiz shahriga kirib-chiqishni toʻxtatdik va bir qator yumshatishlarni bekor qildik.

Termiz shahri fuqarolari, tadbirkorlari bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, karantin talablariga rioya etishi lozim. Shu bilan birga, epidemik vaziyat murakkab boʻlgan Termiz, Denov, Muzrabot, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon va Boysun tumanlarida ham karantin talablarini qatʼiylashtiramiz.

Shuning uchun, vohadoshlarimizdan zarur boʻlmagan holatlarda koʻchaga chiqmasliklarini, juda zaruriyat tugʻilganda karantin qoidalariga amal qilgan holda niqob taqib chiqishlarini, shifokorlar tavsiyasiga koʻra yuz-qoʻllarini gigiyena vositalarida doimiy tozalab turishlarini iltimos qilaman.

Agar oila aʼzolaringizdan kimningdir harorati keskin oshadigan yoki sogʻligʻida boshqa biror oʻzgarish boʻlsa, zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling.

“Oʻtib ketadi”, deb mustaqil davolanishga urinmang! Kasallik qancha erta aniqlansa, uning oldini olish ham oson kechadi.

Baʼzi fuqarolarimiz andisha qiladi, “Uyda davolanaman”, deb oila aʼzolari va yaqinlari hayotini katta xavf-xatarga qoʻyadi. Shuning uchun, avvalo, oʻzingiz, oila aʼzolaringiz hamda yaqinlaringiz sogʻligini oʻylashingizni soʻrayman”, — deyiladi viloyat hokimi murojaatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?