Toʻy, hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar bilan bogʻliq tadbirlar tartibga solinadi

12:48 14 Sentyabr 2019 Jamiyat
566 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis palatalari Kengashlari aʼzolari, deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Kun tartibi tasdiqlangach, toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan toʻy-hashamlarda, oilaviy tantanalarda, maʼraka va marosimlarda, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazishda shuhratparastlik, oʻzini koʻz-koʻz qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va anʼanalarini mensimaslik kabi illatlar koʻzga tashlanmoqda. Ularga barham berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek fuqarolar yigʻinlarida oilaviy tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyalar tuzildi, koʻplab tushuntirish va targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Biroq oʻrganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita oʻtkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini koʻrsatdi. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali toʻy marosimlari va ularni oʻtkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Baʼzi fuqarolar oilaviy tadbirlarni dabdaba bilan oʻtkazishni qoʻshnilar, qarindoshlar tomonidan boʻladigan tanqidlardan, qoralashdan, umuman olganda, ijtimoiy tazyiqdan xalos boʻlish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar oʻrtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Majlis ishtirokchilari bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida qatʼiy choralar koʻrish lozimligini taʼkidlab oʻtishdi. Oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida oilaviy tadbirlarni qatʼiy tartibga solishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Shundan kelib chiqqan holda Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanib, uning talablariga rioya qilish yuzasidan nazorat olib borish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari zimmasiga yuklatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?