Tohir va Zuhraning qoʻshqabri qayerda?

16:14 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
1748 0

Xalq ogʻzaki ijodining yuksak namunasi boʻlmish mashhur sevgi qissasi qahramonlarining Samarqandning Oqdaryo va Qashqadaryoning Gʻuzor tumanlarida ramziy qabri bor deb kelinardi. Endilikda Tohir va Zuhraning muhabbat fojeasi aynan Namangan zaminida roʻy berganligiga aniqlik kiritilmoqda . Buni namanganlik arxeologlarning Toʻraqoʻrgʻon tumani Fayzobod qishlogʻi, Xoʻja mahallasida olib borgan qazishma ishlari tasdiqlayapti.

Namangan viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan muqaddas qadamjo va qadimiy manzilgohlarni aniqlash va ularni turizm marshrutiga kiritish loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida ikki dil dostoni haqiqat ekanligi isbotini topmoqda.

— Yoshim yetmishga yetmoqda. Bolaligimizdan bobo-buvilarimiz Tohir va Zuhra aynan shu zamindan ekanini aytishsa, eʼtibor bermay oʻtib ketardik. Keyinchalik, bunga qiziqib qoldim, mustaqil izlanishlar olib bordim, yoshi ulugʻ keksalar suhbatida boʻldim. Ularning bari yakdil bir fikrdaliklari meni hayratda qoldirdi. Soʻnggi ikki oy ichida qadimshunoslarning qazishma ishlari bizning farazlarimizni tasdiqladi. Qoʻshqabr atrofi qazilganda, uning poydevori ochildi. Ikki qabrning poydevorida uzilish yoʻq. Ular bir butun yaxlitdek.Tarixchilar bu qabrlar, IX-X asrga oid ekanligini taʼkidladilar, - deydi Oʻzbekiston Xalq oʻqituvchisi, mahalla faxriysi Vohidxon Qodirov.

Darhaqiqat eʼtibor qaratilsa, ushbu qadamjoning quyi qismidan katta daryo oqib oʻtadi. Bu oʻsha Tohir va Zuhra oqqan qadim Sayxun. Qolaversa,oʻzbek kinematografiyasi oltin fondidan oʻrin olgan “Tohir va Zuhra” badiiy filmining aynan shu yerda olingani ham yuqoridagi fikrlar tasodif emasligini koʻrsatadi.

Mutaxassislarning aytishiga qaraganda endi Sirdaryo sohilidagi qadimiy qoʻshqabr muhofazaga olinadi. Uning atrofini obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi bilan bu maskan viloyatning tarixiy ziyoratgohlaridan biriga aylanadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?