Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri Samarqanddan topildi...(mi?)

15:18 25 Fevral 2019 Jamiyat
1070 0

Illyustrativ foto

Yaqinda Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Qorabotir qishlogʻidagi qabristonda mashhur “Tohir va Zuhra” dostoni qahramonlarining qabri topilgani va bu joy obodonlashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda mahalladosh.uz yozmoqda.

Qayd etilishicha, Tohir va Zuhra yodgorligining tarixini aniqlash maqsadida arxeolog olimlar Muxtor Pardayev hamda Sobir Rahimboyev qabriston hududida va unga tutash tepaliklarda ilmiy tekshiruv ishlarini olib borgan. Tadqiqotlar natijasida topilma joylashgan hudud 3 ming yillik, qabriston esa 1,5 ming yillik tarixga ega ekani oydinlashgan.

Ayni paytda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi Oqdaryo tumani boʻlimi tomonidan ushbu ziyoratgohni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tahririyat xodimlari mazkur jarayonlar bilan tanishish, shuningdek, tarixiy qabrlar haqiqatan ham mashhur doston qahramonlariga tegishli ekaniga oydinlik kiritish maqsadida ushbu hududda boʻlib, fondning tuman boʻlimi mutaxassisi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Oygul Mamatova bilan uchrashishgan.

Foto: mahalladosh.uz dan olindi.

— Tohir va Zuhra ziyoratgohi qadimda Oqdaryo sohilida juda katta maydonni egallagan, biroq keyinchalik daryo oʻzanigacha surilib, paxta maydonlariga qoʻshib yuborilgan, — deydi O. Mamatova ularga. — Faqatgina oʻrtadagi xilxona atrofidagi 1 gektarli maydon saqlanib qolingan. Qorabotir qishlogʻi markazga koʻchirib yuborilgach, soʻnggi ellik yillar mobaynida qabristonga mayitlar qoʻyilmagan, natijada u tashlandiq changalzorga aylanib qolgan. Hozirgi paytda uning atrofi tozalanib, yoʻllar ochildi. Qabristondagi boshqa qabrlar deyarli tekislanib ketgan, ammo oʻrtadagi uch oshiqning qabri asrlar davomida oʻz mahobatini yoʻqotmasdan turibdi.

Maʼlumotlarga koʻra, Tohir va Zuhra ziyoratgohining tarixi IV-V asrlarga borib taqaladi. Bunday xulosaga kelishga asos shuki, zaminimizda islom dini yoyilgunga qadar mavjud boʻlgan qadimiy diniy qoidalar, urf-odatlarga koʻra, har bir mayit dafn etilayotgan paytda liboslari, qurol-aslahasi, boyliklari bilan birga koʻmilgan. Qabrlar orasida esa yetti qadamdan masofa qoldirilgan. Bu jihatlar mazkur qabristonda ham koʻzga tashlanadi. Har uchala qabr orasi yetti metrni tashkil qiladi.

O. Mamatovaning qayd etishicha, yurtimizning boshqa hududlarida ham Tohir va Zuhra dostoni qahramonlarining ramziy qabrlari belgilangan. Jumladan, ular ayni paytda Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm va Namangan viloyatlarida mavjud. Tarixiy manbalarga asoslanib, Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri aynan Oqdaryo sohilida joylashgan, deyishga asos bor. Chunki geografik tomondan va dostondagi voqealar tafsilotiga nisbatan ham qahramonlar hayoti, yashab oʻtgan joyi mana shu maskanga juda mos keladi. Dostonning qadimiy hamda yangi variantlarida ham voqealar Samarqandda boʻlib oʻtgani taʼkidlanadi.

— Toʻgʻri, qabristondagi arxeologik qazishmalar jarayonida bironta qabrtosh yoki yozuvni uchratmadik, ammo boshqa koʻplab maʼlumotlar bu yerda Tohir va Zuhraning dafn etilgani ehtimoli borligini koʻrsatadi, — deydi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo Gʻulomov nomidagi arxeologik tadqiqotlar instituti direktori Amriddin Berdimurodov. — Agar bu joy obod qilinsa, yoshlarimiz uchun juda katta maʼnaviyat va tarbiya oʻchogʻiga aylanadi.

Tarixiy manbalarga koʻra, IV asrning oxiri va V asrning boshlarida sodir boʻlgan voqealarni oʻz ichiga olgan xalq ogʻzaki ijodining bu nodir namunasi XVII-XVIII asrlarda Muhammad Sayyodiy tomonidan yozib olinadi. Keyingi davrlarda turkman shoiri Mullanafas tomonidan qaytadan nashrga tayyorlanadi. Shu asosda 1938 yilda Sobir Abdulla “Tohir va Zuhra” musiqali dramasini yozadi, 1945 yili esa “Oʻzbekfilm” studiyasi tomonidan shu nomda film suratga olinadi.

Ayni paytda Tohir va Zuhra ziyoratgohi viloyat hamda tuman hokimliklarining tegishli qarorlari asosida davlat tasarrufiga olingan. Atrofida fermer xoʻjaliklari tomonidan bogʻlar tashkil etilib, hudud obodonlashtirildi. Shuningdek, yodgorlikni koʻrkam maskanga aylantirish maqsadida mutaxassislar tomonidan Muhabbat qasri majmuasining loyihasi tayyorlanib, tegishli tashkilotlarga taqdim qilingan.

Albatta, mazkur ziyoratgoh tarixi bilan bogʻliq tadqiqotlar hali davom etadi. Oʻylaymizki, izlanishlar davomida yana koʻplab yangi maʼlumotlarga duch kelamiz. Eng muhimi, bugun ushbu hududda ulkan bunyodkorlik ishlari avj olgan. Bu esa qisqa muddatda Oqdaryo tumanining chekka hududida yana bir qadamjo, obod maskan, turizm manzili bunyod boʻlishidan darak beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?