Tog‘ay Murodning “qo‘shiqlari“ bir jildga jamlandi

12:23 25 Iyun 2018 Madaniyat
393 0

Shunday asarlar bo‘ladiki, hayotingni o‘zgartirib yuboradi, dunyoqarashingni, qalbingni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi. Maktab davrida Jek Londonning “Martin Iden“ asarini o‘qib benihoya ta’sirlangan edim. Keyin esa Tog‘ay Murod degan bir ulkan ADABIYOTga duch keldimki, uning asarlari qalbimni rom etdi-qo‘ydi. Aka-ukalarimiz bilan talashib-tortishib kitob o‘qirdik. Ammo akalarim ham, ukalarim ham Tog‘ay Murodni o‘qishmadi. “Tili boshqacha ekan”, deyishdi. Men esa ana shu “boshqacha” yozadiganning asarlarini o‘qib, butun vujudim bilan yozuvchining ijod olamiga maftun bo‘lib qoldim. Nazarimda, u o‘z asarlarini qo‘li bilan yozmagan: yuragini shundoq qog‘ozning ustiga qo‘ygandek.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 22 iyun kuni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning tanlangan asarlari taqdimotida ham adibning har bir kitobi ana shunday o‘ziga xos xislatlarga ega bo‘lganligi haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad Tog‘ay Murod asarlarini qo‘shiqqa o‘xshatgan edi. Ustoz adib haq. Darhaqiqat, bular shunchaki emas, balki yurakning tub-tubidan otilib chiqqan, dillarni rom etguvchi, xalqimizning dardini kuylaguvchi qo‘shiqlardir. Ijro etiladigan ashulalar bor, buni hammamiz bilamiz, ammo o‘qiladigan qo‘shiq, o‘qiganda ham huzurlanib, ko‘ngildan iztirob tuyib mutolaa qilinadigan qo‘shiqning ta’siri, taassuroti, “ta’mi” o‘zgacha bo‘lishini biz Tog‘ay Murod asarlari orqali anglab yetdik.

Adib bir asarini “Yulduzlar mangu yonadi” deb nomlagan edi. Shubhasiz, uning chin o‘zbekona, chin millatparvar, xalqparvar asarlari ham abadiyatga daxldordir.

Tadbirda adibning zahmatkash shogirdlari, u kishi bilan bir davrada suhbatdosh bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan kishilar, taniqli shoir, yozuvchi va adabiyotshunos olimlar, yosh tadqiqotchi hamda havaskor ijodkorlar ishtirok etishdi.

Shoir Shodmonqul Salomning adib hayotiga bag‘ishlangan she’ri yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
“Sharq” nashriyotida chop etilgan kitobda adibning to‘rt qissa va ikki romani bir jildda jamlangan.
Maqsud JONIXONOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?