Tog‘ay Murod asarlari rus tiliga tarjima qilindi

16:53 13 Mart 2018 Madaniyat
608 0
Tog`ay Murod. Foto: Internet

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida iste’dodli yozuvchi va tarjimon Tog‘ay Murodning rus tiliga tarjima qilingan "Tarlan" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Moskvadagi "RIPOL klassik" nashriyotida chop etilgan mazkur kitob taqdimotida shoir V. Fayzullo, filologiya fanlari nomzodi A. Ulug‘ov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xorijiy mamlakatlar bilan aloqa qilish bo‘limi boshlig‘i A. Alimbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Sh.Qurbon hamda tarjima mualliflari V. Murodxonov va S. Aflotuniylar ishtirok etdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilayotgan bu kabi taqdimotlar yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalashdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan va nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Mazkur “Tarlan” kitobidan Tog‘ay Murodning “Tarlan/Ot kishnagan oqshomlar” (Vadim Muratxanov va German Vlasovlar tarjimasi) hamda "Oydinda yurgan odamlar/Lyudi, iduщiye v lunnom svete” (Suhbat Aflotuniy tarjimasi) asarlari o‘rin olgan.

Tarjima jarayoni haqida so‘zlar ekan, Vadim Murodxonov shunday dedi: “Tog‘ay Murod - qimmatbaho toshlar xazinasi, jon ato etilgan milliy naqsh kabidir. Bu - asarlari yevropa tillariga tarjima qilingan o‘zbek nasrining zabardast vakili, o‘zida fantastika va reallikni, hajv va fojeani mujassam etgan qadimiy O‘rta Osiyo dostonchiligini yangilagan adib. Uning asarlarini tarjima qilish ham mushkul, ham zavqli. Bu - ichki nazm nafasiga yo‘g‘rilgan nasr, nokitobiy, jonli folklor nurida bitilgan realistik maktub, nozik psixologiya, yorqin bo‘yoqlar bilan tasvirlangan obrazlar yig‘indisidir.

Tarjimon Yevgeniy Abdullayev Tog‘ay Murodning asarlaridan olgan taassurotlari bilan

o‘rtoqlashdi va “Oydinda yurgan odamlar” qissasining rus tiliga tarjima qilinishida kechirgan hissiyotlarini ta’rifladi. “Tog‘ay Murodning nafaqat asarlarining tili, balki nomlarini xam tarjima qilish mushkul. Buning uchun u kabi dunyoqarash va fikrlash doirasiga ega bo‘lish kerak”, - dedi Yevgeniy Abdullayev.
Tadbirda shuningdek o‘zbek va rus shoirlari o‘z she’rlaridan namunalar o‘qishdi.
Farrux JABBOROV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?