“Togʻ qoʻriqchisi” qishki oʻquv kursida harbiylar murakkab mashqlarni bajarishdi

16:24 25 Fevral 2020 Jamiyat
473 0

Yurtimiz hududining 30 foizini togʻlar va togʻ oldi kengliklari tashkil etadi. Togʻli sharoitlarda olib boriladigan har qanday jangovar harakatlarning muvaffaqiyati koʻproq shaxsiy tarkibning jismoniy va ruhiy holatiga, qolaversa, ularda tabiiy qiyinchiliklarni yengib oʻtish, yuksak kasbiy tayyorgarlik hamda ekstremal sharoitlarni toʻgʻri baholay olish qobiliyatiga bogʻliq.

Shu bois harbiy xizmatchilarning sohaga oid bilim va koʻnikmalarini oshirib borish, mahorat va tajribalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mudofaa vazirligi togʻ tayyorgarligi oʻquv mashq markaziga Qurolli Kuchlar barcha tizimlarining harbiy xizmatchilari, togʻ tayyorgarligi mutaxassislari malaka oshirish kurslariga jalb etiladi. Xususan, “Forish” togʻ dala poligonida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya ham Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining mutaxassislari uchun “Togʻ qoʻriqchisi” qishki oʻquv kursi tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Mashgʻulotlarni Mudofaa vazirligining tajribali harbiy xizmatchilari olib bordi. Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ dala poligonida oʻtkazilgan mazkur kursda asosiy eʼtibor amaliyotga qaratildi.

Togʻda harakatlanish jarayonida shaxsiy va guruh anjomlaridan oʻrinli foydalanish, tik qoyalarga chiqib-tushish, tor koʻpriklardan oʻtish, qoyadan qoyaga arqonlar yordamida koʻchish, togʻ sharoitida yaradorlarni evakuatsiya qilish amaliyotlarini kuzatish kishini hayajonga soladi. Bu oʻgʻlonlar dastlab yozgi oʻquv kursida toblandi. Nazariy va amaliy bilimlarini oshirdi. Bugun esa qish faslining noqulay ob-havo sharoitlarida togʻli hududlarda belgilangan murakkab vazifalarni bajarishdi.

Harbiy xizmatchilar real togʻ sharoitlarida togʻ anjomlari yordamida qoyaga koʻtarilish va tushish, togʻli hududda harakatlanish, togʻ daralari va toʻsiqlardan oshib oʻtish, yaradorga tibbiy yordam koʻrsatish va uni evakuatsiya qilishning zamonaviy usul va uslublarini amalda bajardi. Albatta, harbiy, tibbiy tayyorgarlik, yashovchanlik, togʻda maxsus-taktika va otish tayyorgarligi, harbiy alpinizm... bularning barini puxta oʻzlashtirgan harbiy xizmatchi har qanday murakkab vazifani bajarishda muvafaqqiyatga erishishi aniq.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari sohaning eng maʼqul jihatlarini milliy armiyamizga tatbiq etmoqda. Mazkur oʻquv kursi ham yurt himoyachilarining togʻ tayyorgalrigi boʻyicha amaliy koʻnikmalarini oshirishda yana bir muhim qadam boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?