Andorra kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda birinchi tog‘ chang‘i kurorti quriladi

15:03 06 Iyul 2018 Sport
478 0
Foto: snowindustrynews.com

Tog‘ kon komplekslari biznes jarayonlarini boshqarish va bu sohada xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan Andorraning PGI kompaniyasi va O‘zbekistonning Amirsoy Mountain Resort kompaniyasi o‘rtasida bitim imzolandi.

Unga ko‘ra Andorra kompaniyasi mamlakatimizda ilk zamonaviy tog‘ chang‘isi kurorti qurilishini muvofiqlashtirib boradi.

Kompaniya saytida yozilishicha, PGI loyihani ilk qadamlaridan boshlab to tog‘ chang‘isi kurorti o‘z faoliyatini boshlamaguncha va birinchi mijozlarini qabul qilmaguncha boshqaradi.

PGI uchun dastlabki bosqichda loyihani boshqarish, keyin qurilishning o‘zini nazorat qilish bilan shug‘ullanadigan maxsus xalqaro mutaxassislar jamoasi yig‘ib beriladi.

Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – tog‘ chang‘isi kurorti top-menejmenti uchun strategik qo‘llab-quvvatlashni taklif etish, texnik talablarni belgilash, loyihaning barcha manfaatdor tomonlari uchun kommunikatsiya liniyasini yaratish, qurilish jarayonini risoladagidek muvofiqlashtirishni ta’minlash.

Keyingi bosqichlarda Andorra kompaniyasi loyiha o‘z muddatida, lekin sifat yo‘qotilmagan holatda bajarilishi uchun barcha pudratchilar jamoasini boshqarishda ko‘mak beradi hamda qurilish jarayonlarini nazorat qilib boradi.

Pirovardida “Amirsoy” O‘zbekistonda yil bo‘yi faoliyat yuritadigan va xalqaro standartlarga javob beradigan birinchi tog‘ chang‘isi kurortiga aylanadi.

PGI kompaniyasi ayni paytda Ozarbayjon, Fransiya, Argentina, Qozog‘iston va boshqa davlatlardagi kurortlarni boshqarib kelmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?