Tijorat banklarida naqd valyuta sotish bugundan emas, ertadan yoʻlga qoʻyiladi. Denominatsiya esa boʻlmaydi

12:37 20 Avgust 2019 Jamiyat
364 0

Illyustrativ foto

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida valyuta siyosati boʻyicha matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Markaziy bank raisi Mamrizo Nurmurotov jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob beryapti.

Xususan, u valyuta ayirboshlash, inflyatsiya, denominatsiya kabi bugungi kunning dolzarb masalalariga toʻxtalib oʻtdi.

“Denominatsiya haqida men ham qoʻshnilarimdan eshitdim, nollarni olib tashlasharmishmi, deb soʻrashdi, - dedi u. - Lekin denominatsiya qilish bizning xayolimizda ham yoʻq, rejamizda ham yoʻq. Denominatsiya uchun barqaror iqtisodiy vaziyat zarur. Bizda hozir bunga ehtiyoj yoʻq”.

Maʼlumot uchun, denominatsiya pul qiymatini oʻzgartirish demakdir.

Oʻz navbatida MB raisi valyuta kursining oshishi valyutaga boʻlgan talabning ortib borishi, shu yil 1-oktyabrdan biznes, tadbirkorlik sohasidagi bir qator imtiyozlarning bekor boʻlishi bilan bogʻliq ekanligini taʼkidladi. Shuning uchun ushbu preferensiyalar bekor boʻlguncha ulardan iloji boricha koʻproq foydalanishga harakatlar boʻlmoqda.

M.Nurmuratov 21-avgustdan banklar qoshidagi valyuta ayirboshlash shoxobchalarida naqd valyuta sotish toʻliq boshlanishi, biroq jamoat joylaridagi shoxobchalarda bu tizim hali yoʻlga qoʻyilmagani aytib oʻtdi.

“Bu shaxsni identifikatsiyalash, texnik holat bilan bogʻliq. Bu ham yaqin kelajakda amalga oshiriladi”, - dedi u.

U 2018-yilda aholidan 3,5 mlrd. dollar valyuta sotib olinganini eslatib oʻtdi.

Nashrimizda bundan oldin, bugundan, yaʼni 20-avgustdan tijorat banklari naqd valyuta sotishni boshlagani haqida xabar bergan edik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?