Tijorat banklarida ahvol qanday? — qoʻmitada ularning axborotlari eshitildi

12:57 10 Avgust 2020 Siyosat
268 0

Parlament quyi palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining videokonferensaloqa shaklidagi navbatdagi eshituvi boʻlib oʻtdi. Unda tijorat banklari tomonidan hududlarda aholining moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda bank xizmatlarining hududiy qamrovini kengaytirish borasida 2020-yilning I yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha axborotlar berildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi pandemiya sharoiti banklarimizga yuksak masʼuliyatni yukladi. Ushbu masʼuliyat banklarni inqiroz sharoitiga tezroq moslashishga, masofaviy xizmatlarni oʻzlashtirishga hamda transformatsiya jarayonini jadallashtirishga undamoqda.

Xalq banki bergan axborotga koʻra, bank faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha bugungi kunga qadar bir qator sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yangi innovatsion bank xizmat turlarini joriy qilish hamda masofadan ishlash tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

Qayd etilganidek, Xalq banki yurtimizdagi keng tarmoqli yirik moliya muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda bank tomonidan ajratiladigan kreditlar bir bosqichda koʻrib chiqilib, kredit ajratish boʻyicha qaror qabul qilish jarayoni standart kreditlarga “kredit moduli” orqali oʻrtacha 5-10 minut ichida avtomatik ruxsat berilmoqda. Bugungi pandemiya sharoitida joriy qilingan karantin davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 16 ta yangi innovatsion bank xizmat turlari amaliyotga joriy qilingan boʻlib, birgina “UzPay” milliy toʻlov tizimi orqali Oʻzbekistonning istalgan nuqtasidan turib, xohlagan miqdordagi pul mablagʻlarini naqd va naqdsiz shaklda yuborish tez, xavfsiz va arzon narxlarda joʻnatish imkoniyati yaratilgan.

Mikrokreditbank tomonidan 2020-yilning 1-yarim yilligi davomida kichik biznes, xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga ajratilgan 1 374.5 mlrd. soʻmlik kreditlar evaziga 12 300 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratildi. Shuningdek, mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida bir xil turdagi chakana kreditlar ajratishdagi 8 bosqichli amaliyotlar qisqartirilib, 3 bosqichga tushirilishi natijasida kreditlarning 3 kun oʻrniga bir soat ichida ajratilishi yoʻlga qoʻyilganligi eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, Mikrokreditbankning masofaviy bank xizmatlari hajmi oshib, bugungi kunga qadar 28,5 mlrd. soʻmlik 2 736 ta masofaviy omonatlar ochilganligi, shuningdek, 18 854 ta mijozga masofadan turib 29,1 mlrd. soʻmlik onlayn kreditlar ajratilganligi maʼlum qilindi.

Shuningdek, eshituvda Agrobank tomonidan qishloq joylaridagi aholining daromad manbaini shakllantirish va oʻz-oʻzini band qilishga moʻljallangan kredit turlarini joriy qilinganini deputatlar eʼtirof etdi. Bank tomonidan 2020-yilda 1,4 mlrd. dollar (13,3 trln. soʻm) kredit ajratish rejasi ishlab chiqildi va joriy yilning 6 oyida iqtisodiyotning turli yoʻnalishlariga jami 11,1 trln.soʻm kreditlar ajratildi.

Shuningdek, yuridik shaxslar uchun joriy qilingan kredit turlari kichik va oʻrta biznes subyektlarining biznes faoliyati bilan bogʻliq maqsadlari uchun ajratiladi. Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida joriy qilingan karantin davrida aylanma mablagʻlarni toʻldirish, biznesdagi moliyaviy uzilishlarning oldini olish imkonini berayotganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlar uchun Agrobank tomonidan mobil ilovalarini joriy qilinishi hozirgi pandemiya sharoitida toʻlovlarni amalga oshirish, kredit olish va omonatga mablagʻ qoʻyish va shu kabi koʻplab bank xizmat turlaridan masofadan turib, “on-layn” tarzda foydalanishiga yaqindan yordam berayotganligi qayd etildi.

Qoʻmita eshituvi davomida tijorat banklari tomonidan ishtirokchilarning bank faoliyati bilan bogʻliq savollarga batafsil javob taqdim etildi. Xususan, deputatlarning aholi bilan muloqoti davomida koʻtarilayotgan masalalar, yaʼni tadbirkorlarning aylanma mablagʻlarga olingan kredit muddatlarini 18 oydan 30 oygacha uzaytirish, loyihalar fabrikasini tatbiq qilish va xorijiy kreditlarning foiz stavkalarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi savollar muhokama qilindi. Shuningdek, tijorat banklari taʼlim kreditlarini ajratishda talabalarga imtiyozlar yaratishda “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasining kompensatsiya mexanizmini qoʻllash boʻyicha qoʻmita bilan hamkorlik qilish lozim ekanligini qayd etdilar.

Taʼkidlanganidek, zamonaviy bank tizimini shakllantirish, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va bank xizmatlarining yangi standartlarini joriy etishga qaratilgan bank tizimida kompleks oʻzgartirishlarni amalga oshirish bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston bank tizimining mavqeini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?