TIV: “Oʻzbekistonda xususiy samolyotlarda charter reyslar amalga oshirilmayapti”

22:47 26 Mart 2020 Jamiyat
166 0

Arxiv surat

TIV xorijiy davlatlardan Oʻzbekistonga xususiy samolyotlarda charter reyslar amalga oshirilayotgani haqidagi xabarlarga ishonmaslikni soʻradi. Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda Oʻzbekistonga amalga oshiriladigan har qanday turdagi xalqaro aviaparvozlar toʻxtatilgani bois, xususiy samolyotlardagi charter reyslar amalga oshirilmayapti.

Tashqi ishlar vazirligining axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimetovning maʼlum qilishicha, Telegram kanallarida Buyuk Britaniyadagi oʻzbekistonliklar orasida tarqatilgan xabarlar mazmuni asossizdir.

“Telegram kanallarida tarqagan “kimdir erta/indin Toshkentga uchmoqchi boʻlsa, xususiy samolyotda charter reys amalga oshiriladi. 3ta oʻrin qolgan. Narxi 10 ming atrofida. Aloqaga chiqing” qabilidagi xabarlarga ishonmaslik kerak.

Oʻzbekiston TIV va Londondagi elchixonasi ushbu masala yuzasidan rasmiy axborot bergan. Vazirlik Londondan Oʻzbekistonga xususiy samolyotlarda parvozlar tashkil etishiga doir xabarlarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Chunki, Oʻzbekiston havo kengliklari vaqtincha yopilgan va mamlakatga amalga oshiriladigan har qanday parvoz hukumat ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin, xolos”, dedi TIV rasmiysi AOKAda oʻtkazilgan brifing chogʻida.

Shu bilan birga, vazirlik bayonotida taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasida tashkil etilgan operativ shtab tomonidan vatanga charter reys orqali qaytishni istayotgan fuqarolar roʻyxati tuzilmoqda. Kunlik yangilangan maʼlumotlar vatandoshlarni qaytarish boʻyicha jarayonga jalb etilgan boshqa vazirlik va idoralarga taqdim etilmoqda.

Bundan tashqari, vazirlik vatandoshlar, jumladan, talabalar va ularning ota-onalarini sabrli boʻlishga hamda charter reyslar amalga oshirilishini kutishga, fuqarolar orasida tushunmovchilikka sabab boʻluvchi ishonchsiz maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?