TIV Kanadada aviahalokatga uchragan asli oʻzbekistonlik boʻlgan fuqarolar haqida maʼlumot berdi

17:47 02 Dekabr 2019 Jamiyat
93 0

Oʻzbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yil 27-noyabr kuni Kanadaning Ontario provinsiyasida asli oʻzbekistonliklarni tashiyotgan samolyot halokati sodir boʻlgan joy tegishli tuzilmalar tomonidan toʻliq oʻrganib chiqilgan, samolyotning barcha parchalari puxta tahlil qilish uchun Toronto shahridagi maxsus tekshiruv markaziga yetkazilgan. Ayni paytda Kanada maʼmurlari bilan birgalikda halok boʻlganlarning jasadlarini aniqlashtirish va ularni qarindoshlariga topshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda TIV xabar berdi.

Elchixona Kanada TIV va huquqni himoya qilish idoralari vakillari, aviahalokatida vafot etganlarning qarindoshlari va yaqinlari, Toronto shahri va Texas shtatidagi (AQSH) oʻzbek diasporasi bilan yaqin aloqada boʻlib turibdi.

2-dekabr kuni Oʻzbekiston Elchisi Javlon Vahobov Toronto shahrida Kanada transport xavfsizligi kengashi vakillari va mahalliy tergov idoralari bilan uchrashuvlar oʻtkazadi.

Elchixonaga butun dunyodan taʼziya soʻzlari yetib kelmoqda. Kanadaning Oʻzbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Annik Gule barcha kanadaliklar nomidan aviafalokatda halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirdi hamda har tomonlama yordam va zarur koʻmak koʻrsatishga tayyorligini tasdiqladi. AQSH va Kanadada istiqomat qiluvchi oʻzbek diasporasi vakillari tomonidan Oʻzbekiston Elchixonasi saʼy-harakatlari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda.

"Halok boʻlganlarning qarindoshlari uchun Elchixonada tezkor telefon raqami ochilgan: +1 (202) 887-5300 (ichki raqam 1), +1 (202) 251-8298 (mobil), shuningdek, consul.washington@mfa.uz elektron pochta manzili", deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?