Tinchlik va barqarorlik sari tashlangan muhim qadam

23:55 27 Mart 2018 Siyosat
756 0

27 mart kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan birgalikda tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston tashqi siyosat mahkamalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari hamda vakillari qatnashdi.

Aytish kerakki, O‘zbekiston 2017 yilda Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha o‘tkazilgan turli formatdagi xalqaro va mintaqaviy anjumanlarda, jumladan, kengaytirilgan tarkibdagi Moskva uchrashuvi (aprel), “Kobul jarayoni” (iyun), Afg‘oniston Islom Respublikasiga oid mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (Ashxobod, noyabr), “Osiyo yuragi — Istanbul jarayoni” (Boku, noyabr-dekabr) hamda Xalqaro muloqot guruhi yig‘ilishida (Oslo, dekabr) yuqori darajada ishtirok etdi.

Yurtboshimiz xalqaro minbarlarda, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bayon qildi, bu borada aniq takliflar bildirdi. O‘tgan yilning noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ilgari surilgan xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratmaslik tamoyili Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaning asosiy mazmunini tashkil etdi. 

Yuqori darajadagi xalqaro forum nafaqat qo‘shni davlatlar, balki dunyo hamjamiyatining jafokash afg‘on xalqiga yordam berishga tayyorligini, ayni paytda qariyb 40 yillik inqirozni hal qilish hamda tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qat’iy siyosiy xohishini va sa’y-harakatlarni birlashtirishga bo‘lgan intilishini namoyon etdi.
Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari davrimizning eng o‘tkir mintaqaviy hamda global muammolaridan biri — Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni hal qilishni amaliy ruhda muhokama etib, birgalikda umumiy bir yechim ishlab chiqish zarurligini alohida ta’kidladi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani tinchlik muzokaralarini olib borishda barcha sa’y-harakatni birlashtirish va qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini o‘z nutqida Afg‘oniston tarixida yangi sahifa ochish davri kelganini qayd etdi. “Biz bugun afg‘on xalqi taqdiri o‘zgarishiga ishonamiz. Biz Afg‘onistonda tinchlikni qaror toptirish hamda mamlakatni tiklash uchun sharoit yaratishimiz mumkin. Muzokaralar olib borish Afg‘oniston fuqarolari chekkan ko‘p yillik azob-uqubatlardan so‘ng osoyishtalik sari o‘ta muhim imkoniyat hisoblanadi. Yevropa ittifoqi va xalqaro hamjamiyat tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlashga hamda unga barcha zarur ko‘makni berish uchun katta mas’uliyatga ega”, dedi siyosatchi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Toshkent konferensiyasi ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Forumda mazkur lavha namoyish qilindi. Ta’kidlanganidek, BMT Bosh kotibi O‘zbekiston va Afg‘oniston tinchlik hamda barqaror taraqqiyot yo‘lida yelkama-yelka ish olib borayotganidan mamnun. Yangi tinchlik jarayoni Afg‘oniston uchun ham, mintaqa uchun ham muhim ahamiyatga ega. BMT rahbari xavfsiz va taraqqiy etgan mintaqani yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Darhaqiqat, tinchlik hamda barqarorlik, eng avvalo, afg‘on xalqining ko‘p yillik orzusidir. Chunki bu xalq qariyb qirq yildan buyon davom etayotgan urush, azob-uqubat va muhtojlikni boshdan kechirmoqda. Bu xalq o‘zining butun tarixi hamda mislsiz bardoshi bilan chinakam hurmat va hamdardlik uyg‘otadi. Mamlakatda vujudga kelgan beqaror vaziyat allaqachon Afg‘oniston chegaralarini oshib o‘tib, mintaqadan ancha narida ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Afg‘oniston muammosi faqat Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari xavfsizligiga emas, balki butun jahon xavfsizligiga tahdid tug‘dirayotgani ayni haqiqat. Shuning uchun ham afg‘on muammosining tinch yo‘l bilan hal qilinishini ta’minlash, jafokash afg‘on xalqiga o‘z zaminida uzoq vaqt orziqib kutilgan tinchlik o‘rnatilishiga yordam berish uchun butun imkoniyatlarni ishga solish hayotiy zaruratga aylandi.

Shuni alohida aytish joizki, yurtimizda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi mazkur tadbir birinchi marta juda keng hamda batafsil yoritildi. Bunda tashkil etilgan matbuot markazining roli katta bo‘ldi. U yerda mahalliy va xorijlik jurnalistlarning ishlashi, ekspertlar, olimlar, siyosatshunoslarning fikr-mulohazalari bilan tanishishi, konferensiyaga oid ma’lumotlarni tezkorlik bilan olishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Matbuot markazida yangragan fikrlar, yangiliklar, davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning nuqtai nazarlari dunyo mediamakonini keng qamradi.

Xorijlik mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusi o‘z vaqtida bo‘lgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlashdi. Negaki, Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot hamda yaxshi qo‘shnilik hududiga aylanishi yo‘lida pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. So‘nggi bir yarim yil mobaynida mazkur ustuvor vazifalar hayotga izchil tatbiq qilinib, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida tarixiy o‘zgarishlar yuz berdi. Davlatlar rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari muntazamlik kasb etib, o‘zaro ishonch muhiti mustahkamlandi. Chegara, suvdan foydalanish singari nozik va murakkab masalalarda dadil hamda qat’iy qadamlar tashlandi. Bugun qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida hal qilinmagan muammoning o‘zi qolmadi, deyishga to‘la asoslar bor. Eng muhimi, azaldan quda-anda, qavm-qarindosh hamda jon qo‘shni bo‘lib yashagan fuqarolarning bordi-keldisiga keng yo‘l ochildi.

Bunday tub o‘zgarishlar O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan munosabatlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2017 yil mamlakatlarimiz hamkorlik munosabatlarida tarixiy yil bo‘ldi. Ikki mamlakat Prezidentlari do‘stona, samimiy va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotni yo‘lga qo‘yishga erishdilar. O‘tgan yil dekabr oyida Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Tashrif yakuniga ko‘ra, siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarga oid 20 hujjat imzolandi, 40 dan ortiq tijorat kelishuvlariga erishildi. Hujjatlarning aksariyati nafaqat Afg‘oniston va O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan Mozori Sharif — Hirot temir yo‘li va Surxon — Puli Xumri elektr uzatish liniyasi qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi. Umuman, o‘tgan bir yarim yil ichida Afg‘onistondan mamlakatimizga 20 dan ortiq delegatsiyalar tashrif buyurdi. Ta’kidlash kerakki, bunday ko‘lamdagi delegatsiyalar almashuvi o‘zbek — afg‘on munosabatlarida ilgari kuzatilmagan. Eng muhimi, yaqin yillarda ikki davlat o‘zaro savdo aylanmasini 1,5 milliard dollarga yetkazish ustida faol ish olib bormoqda.

Konferensiya yalpi majlislarida afg‘on muammosini hal etishda hamjihatlik zarurligi qayd etildi. Albatta, mamlakatlar Afg‘onistonga iqtisodiy, gumanitar yordam berib kelmoqda. Ammo ular bir fikrda yakdilki, Toshkent tashabbusi bilan o‘tkazilgan anjuman o‘ta dolzarbligi bilan ahamiyatlidir. Chunki afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha har tomonlama siyosiy, diplomatik sa’y-harakatlarni birlashtirishning vaqti allaqachon kelgan edi.

So‘z — konferensiya ishtirokchilariga

Sergey LAVROV, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri:
— So‘nggi paytlar Markaziy Osiyoning besh mamlakati o‘rtasidagi munosabatlar ijobiy sur’at kasb etmoqda. Nafaqat mintaqaviy muammolarni hal qilish, balki qo‘shni Afg‘onistonga ko‘mak berish uchun ham sharoitlar yuzaga keldi. Ayniqsa, birgalikdagi sa’y-harakatlarga katta ehtiyoj bo‘lgan bir sharoitda bu juda muhimdir. To‘g‘ri, Afg‘onistondagi vaziyat ijobiy tarafga o‘zgarmayapti. Tarixiy tajribadan ma’lum: afg‘on mojarosini harbiy yo‘l bilan hal etishning iloji yo‘q. Faqatgina afg‘on hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish orqaligina haqiqiy tinchlik hamda barqarorlikka erishish mumkin. Biz ushbu jihatlar Toshkent deklaratsiyasida o‘z ifodasini topganini olqishlaymiz. Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayot hukm surishi, ushbu mamlakat terrorchilik, narkotrafik hamda boshqa xatarlardan xoli bo‘lishi barchamizning milliy manfaatlarimizga javob beradi. Mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka qiziqish bildirgan barchaning sa’y-harakatini birlashtirishga yordam bergan Toshkent konferensiyasidan umidimiz katta.

Tomas SHENNON, AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Prezident Tramp hamda AQSh aholisi nomidan O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi bo‘yicha barchamizni bir davraga to‘plagani uchun minnatdorlik bildiraman.

Biz Prezident Mirziyoyevning tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Uning mintaqadagi mamlakatlar bilan munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida ilgari surayotgan sa’y-harakatlarini e’tirof etamiz. Mintaqaning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish, investitsiyaviy jozibadorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham diqqatga sazovor.
Biz Afg‘oniston Prezidentining muzokara qilishga chaqirgan tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Endigi qadamni u yerdagi siyosiy guruhlar tashlashi kerak.

Men O‘zbekiston va Afg‘oniston rahbarlarining nutqlarini diqqat bilan tingladim. Ularda qariyb 40 yildan beri tugamayotgan afg‘on mojarosini hal qilish bo‘yicha qat’iy siyosiy xohish, iroda namoyon bo‘ldi. Ushbu mamlakatning jafokash xalqi urushdan, terakt, zo‘ravonlik va narkotrafikdan aziyat chekmoqda. Shuning uchun ham doimiy ravishda hamkorlikni kuchaytirish, mazkur mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish hammaning umumiy manfaatlariga javob beradi. Biz Afg‘onistonga barqarorlikka erishishi hamda turli tahdidlarga mustaqil kurashishga qodir bo‘lishiga yordam berishimiz zarur. O‘z navbatida, O‘zbekiston mintaqaning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shayotganidan mamnunmiz.

Erlan ABDILDAYEV, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:
— Qariyb 40 yildirki, Afg‘onistonda qonli to‘qnashuvlarning oxiri ko‘rinmayapti. Osiyoning eng qadimiy xalqlaridan biri bo‘lmish afg‘on xalqi tinchlik va osoyishtalikda yashashga to‘laqonli haqli. Biz anjumanda ishtirok etgan boshqa delegatsiyalar vakillari singari “Tolibon”ni zo‘ravonlik xatti-harakatlaridan voz kechib, afg‘on hukumati bilan mojaroga uzil-kesil nuqta qo‘yish uchun muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqiramiz. Bizning asosiy maqsadimiz transchegaraviy terroristik tarmoqlar, jinoiy tuzilmalar tomonidan yaratilayotgan tahdidlarga barham berishdir.

Qirg‘iziston “Istanbul jarayoni” ishtirokchisi sifatida Afg‘oniston hamda boshqa manfaatdor tomonlar bilan “Kobul jarayoni”ni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu jarayon mintaqada tinchlik va ishonch muhitini mustahkamlash, muhim mintaqaviy hamda submintaqaviy loyihalarni Afg‘oniston Islom Respublikasi ishtirokida amalga oshirishda katta ahamiyatga ega. Biz O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlariga mazkur konferensiyani o‘tkazish tashabbusi hamda uning ochilishida ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildiramiz. Ularning Afg‘onistonda tinchlik jarayonini rivojlantirish, xavfsizlik va mintaqaviy masalalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga oid fikrlari alohida ahamiyatga ega.

Tadamiti YAMAMOTO, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili:
— Afg‘onistonda tinchlik, barqarorlik va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan bunday yuqori darajadagi anjumanning tashkil qilinishi O‘zbekiston ilgari surayotgan konstruktiv tashabbuslardan biridir. Dunyo ahli ushbu tashabbuslar mintaqaga qay darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganiga, Afg‘oniston hayotida bu qanday aks etayotganiga guvoh bo‘lmoqda. Anjumanda Afg‘oniston sheriklari hamda qo‘shnilariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular 2001 yildan Afg‘oniston Islom Respublikasida tinchlik va barqarorlikni tiklashga ko‘maklashib kelmoqda. Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Afg‘oniston umumiy tarixi, madaniyati hamda geografik nuqtai nazardan uzviy bog‘langan. Ular xavfli tahdidlarga birgalikda javob qaytarishda, terrorizm, radikalizmga qarshi kurashishda, savdo aloqalarini kengaytirishda va favqulodda holatlardagi risklarni boshqarishda katta salohiyatga ega. Mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda O‘zbekistonning ta’siri kengayib bormoqda. 

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani va hukumat hech qanaqa dastlabki shartlarsiz “Tolibon”lar bilan muzokara o‘tkazish tashabbusini bildirayapti. Bu jarayon yangi voqelikni yaratadi, odamlar qalbida ertangi kunga umid uyg‘otadi.

Markus POTSEL, Germaniyaning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili:
— Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Germaniya bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Toshkent konferensiyasi tashabbusi Afg‘onistonda tinchlikni tiklashga katta hissa qo‘shadi. Afg‘oniston mintaqada qurol, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishi hamda terrorizm kuchaygan hududdir. Faqatgina harbiy yo‘l bilan muammoni hal qilishning iloji yo‘qligini yaxshi tushunamiz. Shu sabab Prezident Ashraf G‘anining u yerda siyosiy kuchlar bilan hech qanday shartlarsiz muzokaralarga kirishishi bo‘yicha tashabbusi ijobiy harakatdir. Toshkent konferensiyasi afg‘on mamlakatida tinchlik o‘rnatilishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib qoladi.

Garet BEYLI, Buyuk Britaniya bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili:
— O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik hukm surishi, iqtisodiy taraqqiyotga erishishi yo‘lida katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning bunday tashabbuslaridan faqat qoyil qolamiz. Biz Prezident Ashraf G‘anining “Tolibon”ni muzokara stoliga o‘tirishga chaqirgan bayonotlarini ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz ham Afg‘oniston uchun porloq kelajakni istaymiz. Barchamiz siyosiy kuchlarni muzokaralar o‘tkazish zarurligiga ishontirishimiz kerak. Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya nafaqat Afg‘oniston, balki umuman, butun mintaqaga farovonlik olib kelishiga aminman. Biz Toshkent konferensiyasida mintaqaning uzoq muddatli ravnaqi yo‘lida hamkorlikka tayyorligimizni aniq namoyish etishimiz kerak. Biz Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun sabr, vaqt va qat’iyatlilik kerakligini yaxshi tushunamiz.

Konferensiya ishtirokchilari anjuman yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasini imzoladilar. Unda mazkur anjuman Afg‘oniston olib borayotgan tinchlik jarayonini xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir sa’y-harakatlarning davomi sifatida ko‘riladi. Jumladan, deklaratsiyada Afg‘onistonda hech qanaqa shartlarsiz hamda “Tolibon” bilan to‘laqonli tinchlik sulhiga erishish uchun muzokaralar jarayonini qat’iy qo‘llab-quvvatlashga doir bayonot mustahkamlab qo‘yilgan. “Tolibon” harakatiga ushbu taklifni qabul qilish, Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatishda o‘z mas’uliyatini tan olishga chaqiriq ham aks etdi. Deklaratsiyada, shuningdek, terrorizmga, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishning hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning asosiy tamoyillari o‘z ifodasini topdi. O‘zbekistonning tinchlik, xavfsizlik va mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha mustahkam hamda keng miqyosli xalqaro va mintaqaviy konsensusni yaratish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etildi.
«Xalq so‘zi» muxbirlari
Omonulla FAYZIYeV va Qobil XIDIROV
tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?