Tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik mustahkamlanadi

13:02 03 Iyul 2018 Jamiyat
343 0

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hamjihatlik va konstruktiv hamkorlik muhitini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratib, bu borada barchani faollikka chaqirgan edi. Natijalar ko‘p kuttirmadi.

Bugun sessiyada ilgari surilgan ana shunday tashabbus hamda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan izchil tashqi siyosat dunyo miqyosida keng e’tirofini topmoqda.

Kuni kecha BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi ana shundan dalolat beradi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan mintaqadagi qo‘shni davlatlar hamkorligida ishlab chiqilgan mazkur hujjat xalqlar o‘rtasida totuvlik hamda mushtarak maqsadlarga erishishni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin. E’tiborlisi, ushbu rezolyutsiyani dunyodagi 55 davlat vakillari bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Uning loyihasini tayyorlashda Rossiya, Xitoy, AQSH va Yevropa ittifoqidagi yetakchi davlatlar faol qatnashdi. Zero, bunday hamkorlik Markaziy Osiyoda dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida manfaatlar raqobatidan ko‘ra, samarali hamkorlik muhiti ustun ekanidan dalolatdir.

Rezolyutsiya muqaddimasida bu boradagi faoliyat aniq misollar bilan birma-bir tilga olingan. Xususan, O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan 2017 yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiya natijalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu bejiz emas, albatta. Chunki aynan mazkur xalqaro anjuman mintaqa davlatlarining bu boradagi amaliy ishlari asosiy yo‘nalish hamda mezonlarini belgilab berdi.

Shuningdek, hujjatda xavfsizlik va taraqqiyot sohalarida hududiy hamda xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bosh mezonga aylangani qayd etilgan. Chunki faqatgina shu yo‘l bilan, ya’ni mintaqaviy va xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish hamda o‘zaro muvofiqlashtirish orqaligina barqaror taraqqiyotga erishish mumkin.

Qolaversa, hujjatda qo‘shni davlatlarning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlariga ham urg‘u berilgan. Joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyaning ahamiyati alohida qayd etilgan. Bu prinsipial jihatdan to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.

Zero, Afg‘onistondagi nizoni hal qilmasdan turib, Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan hamda yuksak taraqqiy topgan mintaqaga aylantirish mumkin emas. Chunki afg‘on zamini tarixiy va geosiyosiy jihatdan Markaziy Osiyoning ajralmas bo‘lagidir. Uning tinchligi nafaqat afg‘on xalqi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyotning muhim omili sanaladi.

Rezolyutsiyada, shuningdek, xalqlar kelajak taqdiriga daxldor muhim masalalar tilga olingan. Jumladan, suv-energetika zaxiralaridan oqilona foydalanish, Orol dengizi halokatining asoratlarini yumshatish, mintaqada transport-logistika infratuzilmasini barpo etish, fan, ta’lim, madaniyat hamda turizm sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish, mamlakatlarning innovatsion taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham keng e’tibor qaratilgan.

Aytish joizki, bu haqda kecha qo‘mitamiz tomonidan tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda O‘zbekistonning tutgan o‘rni va roli” mavzuidagi davra suhbatida ham alohida ta’kidlandi.

Qisqacha aytganda, BMTga a’zo davlatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangan ushbu muhim rezolyutsiyaning qabul qilinishi, avvalo, O‘zbekiston diplomatiyasining katta yutug‘idir. Bosh Assambleyaning mazkur rezolyutsiyasi turli mamlakatlarni aynan Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlik yo‘lida jipslashtiruvchi, ularning birgalikdagi sa’y-harakatlariga asos soluvchi tarixiy hujjat hamdir. Ushbu kelishuv kelgusida davlatlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, pirovardida mintaqa aholisining baxtu saodati va farovonligi yo‘lida keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Qodir JO‘RAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va
parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?