Tilimizning jilosini, avvalo, tilshunoslar koʻrsatishsin

04:55 26 Yanvar 2019 Jamiyat
500 0

Illyustrativ foto

Oʻzbek tilini oʻz yurtida oʻrganib, mamlakatimizga kelgan xorijliklarning ajablanishlari bejiz emas.

Bir tilshunos “mishkam chyoto ishlamayapti”, “maqolani normalniy yozarkan-ku”, “bu juda seryozniy tema” desa, farzand kutayotgan ona “medosmotrga boraman”, “vrachga lecheniye yozdirdim”, deydi. Ota ham ulardan qolishmay, “roddomdan bolamni olib chiqaman”, “mamashkaga podarka olishim kerak”, deganiga hech kim ajablanmaydi. Negaki, koʻpchiligimiz bunaqa antiqa muomala vositasiga oʻrganib qolganmiz. Yurtimizga kelayotgan xorijlik mutaxassislar ham “normalniy”, “seryozniy”, “tema”, “medosmotr”, “lecheniye” qabilidagi soʻzlarni yangi deb oʻylab, darhol lugʻat titkilashga tushib ketishadi.

Nafsilamrini aytganda, ular toza va sof holda oʻrgangan til amalda bunaqa ekanligini xayollariga ham keltirishmagan boʻladi.

Bu oddiy odamlar orasida, jonli tildagi manzara.

Ehtimol, tilshunoslikda ahvol boshqachadir? Yoʻq, unaqa emas. Oʻzbek tilshunosligi “propozitiv aspekt”, “predikativlik”, “modallik”, “relyatsion struktura”, “paradigmatika”, “sintagmatika”, “predikativ sintagma transformatsiyasi”, “morfonologiya”, “ideoma”, “trop”, “atributiv logika”, “parazit soʻzlar”, “sistemaviy struktur usul”, “areal lingvistika” singari Gʻarb tilshunosligining oʻzida ham isteʼmoldan chiqarib tashlangan yoki tashlanayotgan atamalar botqogʻidan chiqishni negadir hali-hanuz hayoliga keltira olmayapti.

Soʻz turkumlari, kelishiklar, gap boʻlaklari — barcha-barcha qoidalar oʻzbek tilshunosligi tarixida alohida oʻrin egallagan oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida ishlab chiqilgan edi. V. Reshetovning “Sovremennыy uzbekskiy yazыk”, A. Kononovning “Grammatika uzbekskogo yazыka” kabi qoʻllanma-darsliklari oʻz vaqtida vazifasini bajarib boʻlganini negadir tan olgimiz kelmaydi. Bugun biz tilshunoslik doirasida oʻrganayotgan va oʻrgatayotgan qoidalar oʻtgan asrning 40 — 80-yillarida A. Gʻulomov, Sh. Shoabdurahmonov, N. Baskakov, A. Sodiqov, Sh. Rahmatullayev, Gʻ. Abdurahmonov, M. Asqarova kabi olimlar tomonidan ishlab chiqilgan. Shu bois jonli til tilshunoslik qoidalariga toʻla mos kelmaydigan morfologiya, sintaksis, fonetika, morfemika va hokazolarga ega, chunki u qotib qolgan hodisa emas.

“Oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi hamda oʻzbek yozuvining lotin alifbosiga oʻtkazilishi oʻzbek tilshunosligining eng muhim yutuqlaridir”, deya eʼtirof etilayotgan qoʻllanma-darsliklar ham bir-ikki ogʻiz gap yo biror qoida hisobiga boyib, yana million-million nusxada chop etilaveradi. Bunday koʻzboʻyamachiliklar ortidan yana muammolar kelib chiqaveradi.

Taqqoslash lozim boʻlsa, zamonaviy tibbiyotda bir yoʻnalish ikkinchisi bilan chalkashtirib yuborilmaydi. Koʻz doʻxtiri hech qachon jarrohlikdan aql oʻrgatmaydi. Tilshunoslikda esa oʻnta yoʻnalish boʻlsa ham farqi yoʻq, bitta shaxs mualliflik qilaverishi mumkin. Bu qomusiylik belgisimi? Yoʻq, unday emas, iddao katta boʻlgani bilan natija yoʻq, buni ona tilimizning bugungi ahvoli koʻrsatib turibdi. Milliy gʻurur, milliy qadriyatlar — barchasi ona tili hissiyoti bilan bogʻliq ekanligi mushohada etiladigan boʻlsa, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda kechayotgan islohotlarning nechogʻli ekanligini ham tasavvur etish qiyin emas.

Oʻzbek tilining xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda turli yoʻnalishlarda izlanishlarga ehtiyoj, imkoniyat — barcha-barchasi yaratilgan boʻlsa-da, negadir xohishning yoʻqligi, loqaydlik bunga toʻsiq boʻlib qolmoqda. Ona tilimizning hozirgi ehtiyoji tilshunoslikda Mahmud Zamahshariy, Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiy, Abdurauf Fitrat kabi ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy manbalarga tegishlicha asoslangan, tilimizning tarixiy va zamonaviy xususiyatlari, uning barcha imkoniyatlari, jilolari, fonetik jihatdan oʻziga xosliklarini qatʼiy hisobga olgan holda tizimli ravishda oʻrganadigan va oʻrgatadigan yangicha tilshunoslik manbalari, darsliklari yaratilishini taqozo etayotir.

— Oʻttiz yildan beri ona tilidan dars beraman, — deydi oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi Muyassar Mamatova. — Chalkashliklar, qoʻpol xatolar shunaqa koʻpki, “Kitob boʻlsa boʻldi ekan-da”, deb xafa boʻlib ketaman. Bunday xatolarning koʻpligidan qay birini aytishni va tuzatishni bilmaysan, kishi. Bugun butun bir mamlakat oʻquvchilari, talabalar ana shunday tilshunoslik asosida ona tili darsini oʻrganganlaridan keyin qanday qilib ularda milliy ruh butun boʻlsin, sof oʻzbek tilida soʻzlashishga intilishsin?

“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa turdosh hujjatlar ijrosini nazorat qilish, chetdan oʻzlashadigan soʻzlarni tartibga solish, muvofiqlashtirish, quvvati baland shevalarimizdan adabiy tilga soʻz qabul qilish, tilimizning turkiy olam minbaridagi alohida oʻrnini saqlab qolish va rivojlantirish, uning turli diplomatik aloqalarda amal qilishini, barcha tashkilot hamda muassasalarda meʼyoriy hujjatlar davlat tilida olib borilishini, ommaviy axborot vositalarida davlat tili toʻliq amalda boʻlishini nazorat qiluvchi davlat muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi orqali bu sohadagi muammolarga maʼlum maʼnoda yechim topilar. Ammo bugungi innovatsion oʻzgarishlar davrida til sohasida ham barcha muammoga majmuaviy yondashuv zarurligi davr talabidir.

“Oʻzingiz oʻylang, aziz doʻstlar, yoshlarimiz oʻzimizning gazeta-jurnallarimizni oʻqimasa, oʻz milliy adabiyotimiz va sanʼatimizni bilmasa, ular qanday qilib vatanparvar boʻladi? — davlatimiz rahbari “Jismoniy va maʼnaviy yetuk yoshlar — ezgu maqsadlarimizga yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir” mavzuida soʻzlagan nutqida bu masalaga nihoyatda dolzarb hamda jiddiy tarzda yondashib, barcha masʼul idoralar rahbarlari oldiga koʻndalang savol qoʻygan edi. — Ularning ongu tafakkuri, dunyoqarashi nima hisobidan shakllanadi? Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, katta-kichik rahbarlarning barchasi bu masala boʻyicha shaxsan masʼul ekanini unutishga hech qanday haqqi yoʻq”.

“Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosini taʼminlash boʻyicha Oliy Majlis Senati Kengashining “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 dekabr kuni “Yoʻl xaritasi” imzolandi. Unda ona tilimizning nufuzini, sofligini saqlab qolish uchun talay muhim vazifalar qoʻyildi. Ular orasida taʼlim jarayonida oʻzbek tili va adabiyoti oʻqitilishini yanada takomillashtirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat tili haqidagi qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan nazorat olib boruvchi maxsus inspeksiya tuzish vazifasi belgilandi. Endigi amaliy harakatlardan soʻng oʻzbek tilini chin dildan oʻrgangan xorijlik mutaxassis yurtimizga kelganda “zamonaviy” oʻzbek soʻzlarimizni eshitib, uning magʻzini chaqishga bosh qotirib yurmasa, deymiz. Shoyad, shunday boʻlsa.

Maʼmura ZOHIDOVA, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

oʻquv-metodika va harbiy-vatanparvarlik boʻlimi bosh mutaxassisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?