Tilimiz – faxrimiz yoxud igʻvolarga beeʼtibor boʻlmaylik!

20:12 05 May 2019 Jamiyat
261 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Rus tiliga davlat tili maqomini berish” haqidagi “tashabbus”ga fikr-mulohazalar bildirilmoqda, bu borada qizgʻin bahs-munozaralar davom etmoqda. Mavridi kelganida men ham shu yurt farzandi sifatida bu masalaga oʻz munosabatimni bildirishni lozim topdim.

Avvalo, bu “tashabbus”ni yoqlab chiqqanlar shu yurt uchun gʻam chekishiga, oʻzbek millati, milliy tili haqida qaygʻurishi, ularda milliy qadriyatlarga hurmat hisi borligiga shubha qilaman. Chunki, agar ularda milliy gʻurur tushunchasi boʻlganida bizga yot bir tilga davlat tili maqomini berishni talab qilib chiqishmas edi.

Maʼlumki, har bir davlat oʻz tiliga, oʻz bayrogʻi, madhiyasiga egadir. Bularsiz biron davlatni mustaqil, oʻziga xos yoʻlga ega deb boʻlmaydi. Chunki, tildagi qaramlik boshqaruvdagi qaramlikka sababdir.

Inson qaysi tilda soʻzlashsa, oʻsha tilda fikrlaydi, biron voqea-hodisaga munosabatini oʻsha tilda ifodalaydi. Tilning inson eʼtiqodiga, xatti-harakatlariga, odob-axloqiga taʼsir kattadir. Oʻzbek boʻlaturib chet tilida soʻzlashuvchi odamlarga eʼtibor bersangiz, ularning tushunchasi, tasavvuri, dunyoqarashi, oʻzini tutishi, muomalasi oʻsha tildagilarga oʻxshaydi. Zero, til butun tanaga amirdir. Til qanday boʻlsa, boshqa tana aʼzolari ham shunday boʻladi.

Shuni baralla ayta olaman: Biz qaysidir tilga bogʻliq emasmiz, rus tili boʻlmasa, millat sifatida dunyo xaritasidan oʻchib ketadigan darajada kichik millat emasmiz. Rus tilisiz ham oʻz qaddimizni tik tutib, obroʻyimizni saqlab tura olamiz. Chunki, bizning ildizimiz chuqur, asosimiz mustahkam. Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Adib Ahmad Yugnakiy kabi ming yillar avval turkiy tilda ijod qilgan bobolarimiz bor. Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mashrab, Ogahiy, Furqat, Zavqiy, Muqimiy, Abdulla Qodiriy kabi turkiy-oʻzbek tilining rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimiz bor. Biz hech qachon oʻzga tillarga qaram boʻlmaganmiz. Bundan keyin ham qaram boʻlmaymiz!

1989 yil 21 oktyabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Joriy yilning oktyabr oyida bu voqeaga 30 yil toʻladi. Afsuski, shuncha muddat ichida oʻz ona tilimizni toʻlaqonli davlat tili qilish yoʻlida qattiq jiddu jahd qilmadik, til bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga koʻp ham eʼtibor qaratmadik. Bunisi yetmagandek, rus tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi gap-soʻzlar dard ustiga chipqondek boʻldi. Chunki hali oʻzbek tilini toʻlaqonli davlat tili maqomiga koʻtarish borasida koʻp saʼy-harakatlar qilishimiz lozim. Rus tiliga davlat tili maqomi berilishi mustaqil Oʻzbekiston manfaatlariga zid, xalqimiz ongi, tushunchasi, xulq-atvori, milliy qadriyatlariga nomunosibdir.

Xullas, men “Rus tiliga davlat tili maqomini berish” haqidagi tashabbusni fitna, igʻvo, deb bilaman, ilm-maʼrifat egalari, ziyolilar, yurtini, millatini yaxshi koʻrgan har bir fidoyi inson bunday gʻayrli harakatlarga tish-tirnogʻi bilan qarshi turishi kerak, degan fikrdaman.

Odilxon qori Yunusxon oʻgʻli


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?