Tili birni tish ajratolmas

10:08 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
248 0

Jahon ilm-fani, xususan, oʻzbek, yapon, xitoy olimlari tomonidan soʻnggi yillarda olib borilgan izlanishlar kuch, qudrat, yetuklik, ulugʻvorlikni anglatuvchi “turk” atamasi bundan kamida 3000-yil burungi bitiklarda tilga olinganini isbotlamoqda. Biz turkiy xalqlarning kelib chiqish tariximiz esa undan-da qadimiyroqdir. Turkiy tilshunoslik ilmini oʻn birinchi asrdayoq boshlab bergan, “Devonu lugʻotit turk” asari bilan butun dunyoda shuhrat qozongan Mahmud Koshgʻariy turkiylarga koʻrkamlik, yoqimlilik, odoblilik, kattalarga hurmatda boʻlish, soʻzining ustidan chiqish, kamtarlik, botirlik xosligini alohida urgʻulab oʻtgan.

Turkiy xalqlarning kishilik tarixidagi oʻziga xos oʻrni va ulkan taʼsirini hech kim inkor etolmaydi. Alp Er Toʻnga ­(Afrosiyob), Tomir xotun (Tomiris), ­Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, ­Saroymulkxonim (Bibixonim), Sulton ­Sulaymon singari buyuk shaxslarni bilmagan, ular haqida eshitmagan kishi kamdan-kam topilsa kerak. Shu bilan birga, turkiy xalqlarning kishilik tarixidagi kuch-qudrati, yetuklik va ulugʻvorligi oʻtmishdagi buyuk davlat arboblari, sarkardalari, saltanatlari bilangina emas, balki, eng avvalo, oʻz yurtlari barobarida butun insoniyat yuksalib borishiga teng­siz va ulkan ulush qoʻshgan olimu fozillar isteʼdodi va mehnati orqali belgilanadi, desak, adashmaymiz.

Zamonaviy oʻnlik sanoq tizimi, algoritm va algebra asoschisi ­Muhammad Xorazmiy, toʻqqizinchi asrda Nil daryosi sathini oʻlchovchi uskunani yaratish orqali bundan deyarli 1200-yil burun innovatsiyaviy ishlanma yaratgan Ahmad Fargʻoniy, oʻrta asrlar sharoitida birinchi boʻlib jamiyat asoslari, maqsad va vazifalariga oid ilmiy taʼlimotni yaratgan qomusiy olim Abu Nasr Forobiy, taʼriflab oʻtirishga ortiqcha hojat yoʻq Ibn Sino, 1000-yil oldin oʻzining matematik hisob-kitoblari bilan koinot markazida Quyosh turishi, yaʼni geliotsentrizm ilmiy qarashi ehtimolini olgʻa surgan Abu Rayhon Beruniy, oʻrta asrlardagi eng mukammal astronomik asar muallifi, oʻz nomidagi ­akademiya asoschisi Mirzo ­Ulugʻbek va yana koʻplab daholarning ilmiy maktab hamda meroslari Sharq va Gʻarbning necha-necha avlodlariga ustozlik qilgani, taraqqiyot yoʻlini koʻrsatganini hech kim inkor etolmaydi.

Sheʼriyat mulkining sultonlari Nizomiy, Rumiy, Navoiy, ­Bobur, Fuzuliy, Maxtumquli, Abay ijodi qanchadan-qancha avlodlar uchun maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻlib kelishi qatorida, xalqlarimizning soʻz sanʼati hamda ­hikmat ifodasi bobidagi tengsiz isteʼdodi va imkoniyatlarini ­butun ­dunyoga tarannum etdi.

Adabiyotlarimizdagi ustoz — shogirdlik maktabining necha asr­lik umri ham aynan mana shu buyuk zotlar ibrati bilan bogʻliqdir. Jaloliddin Rumiyni ilohiy ishq kuychisi, buyuklikning koʻz ilgʻamas choʻqqisi deb ulugʻlagan Alisher ­Navoiy Nizomiy Ganjaviyning fors tilida yaratilgan mashhur “Xamsa”siga javoban oʻzbek tilida ilk “Xamsa” asarini bitdi va “Emas oson bu maydon ichra turmoq, ­Nizomiy panjasiga panja urmoq”, deya oʻz ustoziga hurmat bajo keltirdi. Oʻz ijodi orqali turkiy tillarning bitmas boyligi va badiiy goʻzalligini is­botlab qoʻygan Alisher Navoiy ­keyingi davrlar barcha turkiy tilli adabiyotlar rivoji uchun tamal toshi qoʻyib berdi.

Tarix, adabiyot, geografiya, botanika singari yoʻnalishlarni oʻzida qamrab olgan va aynan shu mazmunda ilk bor oʻzbek tilida bitilgan “Boburnoma” umumjahon ilmiy va madaniy xazinasining durdonalaridan biri boʻlishi ­barobarida, turkiy tillardagi bitikchilikning gʻururi va nodir namunasi hamdir.

Ijoddagi ustoz — shogirdlik, oʻzaro yelkadoshlik anʼanalari ilm-fan merosimizga ham xosdir. Mirzo Ulugʻbekning suyukli shogirdi, buyuk matematik va astronom, oʻz zamonasining Batlimusi ­(Ptolemeyi) sanalgan Ali Qushchi umrining soʻnggi bosqichini Istanbulda oʻtkazgani, Ayasofiya madrasasida bosh mudarrislik, bugungi til bilan aytganda, rektorlik qilgani, matematika va astronomiya maktabini yaratgani, mash­hur turk olimi Miram Chalabiyga ustozlik qilgani yaxshi maʼlum (Ali Qushchi 1474-yili olamdan oʻtgan va Istanbuldagi Abu Ayub Ansoriy maqbarasiga koʻmilgan).

Atoqli ozar shoiri, xattoti, naqqoshi, musiqashunosi, tor chertish, qoʻshiq aytishda oʻz davrining mumtozlaridan boʻlgan Xoja ­Abdulqodir Marogʻiy Amir Temur, Shohruh saroylarining koʻrki sanalgan. Koʻplab shogirdlar yetishtirishdan tashqari, musiqa nazariyasi boʻyicha bugun ham oʻz qimmatini yoʻqotmagan asarlar yaratgan. Uning 1405-yili Samarqandda bitilgan “Jome al-alhon” — “Ohang­lar toʻplami”, 1418-yili, oʻsha kezlarda oʻzbek davlati poytaxti Hirotda yaratilib, Shohruhga ­bagʻishlangan “Maqosid al-alhon” — “Ohanglarning qoʻllanishi” asarlarida maqomchilik nazariyasi tizimli ravishda tahlil qilingan, yigirma toʻrt maqom birma-bir bayon etib berilgan.

Mahmud Koshgʻariy qoldirgan ming yillik hikmat bor: “tilin tugmishni tishin yozmas”, yaʼni “tili birni tish ajratolmas”. Chindan ham, tarix charxpalagi qanday aylanishidan qatʼi nazar, tili, dili bir xalqlarni bir-biridan ajratish mumkinmas. Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oqilona tashabbuslari bilan Oʻzbekistonimiz Turkiy tilli davlatlar kengashidagi oʻz oʻrnini tiklayotgani olqishga sazovordir. Gapning poʻstkallasini aytganda, Turkiy tilli davlatlar kengashini qadim Turkistonning yuragi sanalmish Oʻzbekistonsiz, turkiyalik qardoshlarimiz soʻzlari bilan aytganda, ota yurt ishtirokisiz tasavvur qilish mumkinmi? Albatta, yoʻq! Shu bilan birga, bugungi Oʻzbekistonni turkiy tilli davlatlar, turkiy xalq­larsiz tasavvur qilish mumkinmi? Albatta, yoʻq! Negaki, bizning ­ildizimiz, oʻzagimiz bir.

XXI asr davlatlari, xalqlari aro hamkorlik qirralari barchaga yaxshi maʼlum. Soʻnggi uch yil ichida yurtimizda boshlangan yangi sifat bosqichi, umuman, xalqaro munosabatlarimiz, xususan, Turk­maniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Turkiya bilan aloqalarimizni ham yangi sifat darajasiga yuksaltirib borayotganidan xabardormiz. Iqtisodiy hamkorligimiz jadallik bilan rivojlanib ketgan endigi pallada ilm-fan va madaniy munosabatlarimiz yanada jonlanib ketishidan umidimiz katta.

Yuqorida urgʻu berilganidek, ilmiy-madaniy merosimiz oʻta boy va ulkandir. Uni yanada chuqurroq oʻrganib, shu tariqa kishilik sivilizatsiyasida mamlakatlarimiz egallagan oʻz oʻrnimizni bundan ham ­mustahkamlashga qodirmiz. Ayniqsa, matematika, fizika, astronomiya, kimyo, optika, tibbiyot singari yoʻnalishlar tarixini ilmiy jihatdan oʻrganish boʻyicha juda koʻp ishlar qilishimiz mumkin. ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev saʼy-harakati bilan Toshkentda qad rost­layotgan Oʻzbekistondagi Islom ­sivilizatsiyasi markazidan koʻzlangan muddaolardan biri ham aynan ushbu vazifa bilan bogʻliqdir.

Asrlar ichra ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan oʻlmas, qimmatini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydigan, ulkan ilmiy-madaniy merosni saqlab qolish, koʻpaytirish, xalqlarimizning ilmiy va madaniy tafakkurini Yevropa, butun olamga yoyishda Turkiyaning alohida oʻrni bor, desak oshirib yubormagan boʻlamiz. Bugungi kunda ushbu yurtdagi koʻplab muzey, kutubxona, jamgʻarmalarda asrab-avaylab kelinayotgan nodir qoʻlyozma asarlarning son-sanogʻi yoʻq. Ularni oʻrganishda olimlarimizning oʻzaro hamkorligi turkiy tilli davlatlarning kishilik sivilizatsiyasidagi alohida oʻrnini yuzaga chiqarishda katta va serqirra ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

Xalqlarimiz oʻtmishining turli yoʻnalishlarini oʻzida aks ettirgan va mamlakatlarimizda asrab-avaylab kelinayotgan qoʻlyozma asarlar, muzeylarimizda saqlanayotgan madaniy meros ashyolarining roʻyxatlari, fihristlari tuzilsa, ularni birgalikda ilmiy oʻrganish yoʻlga qoʻyilsa, umumiy va xususiy mavzulardagi teran asarlar tayyorlansa, oʻzligimiz va birligimizni yanada chuqurroq anglash barobarida, davlatlarimiz va xalqlarimizning kishilik sivilizatsiyasiga qoʻshgan tengsiz va katta ulushini barchaga koʻrsatish, targʻib etish imkoni tugʻilishi aniq.

Azamat ZIYO,

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati,

tarix fanlari doktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?