“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” boʻlmaylik!

10:41 09 Oktyabr 2020 Jamiyat
1001 0

“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” – ona tilimizga oid hikmatlar qatorida Hazrat Alisher Navoiy bobomizning ushbu naqlini doimo elga havola etamiz. Shunchaki oʻqib ketaveramiz, ammo amal qilmaymiz. Men bu yil birgina maqolamning oʻzida uni oʻn marta takrorlamoqchiman.

“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”. Bu hikmatdan soʻng qanday tinish belgisi qoʻyish kerak (arab yozuviga asoslangan eski oʻzbek tilimizda tinish belgilar qoʻllanmagan)? Birgina nuqtaning oʻzi kifoya deb oʻylaysizmi, birodarim?

Gʻazal mulkining sultoni, avliyo insonning muxtasar hikmatlariga chuqur zehn solib koʻraylik va bugungi kun odamlari – aziz yurtdoshlarimiz qanday munosabatda boʻlishyapti, birgalikda muhokama qilaylik.

Bobomiz oʻgitlarida shiddat va latofat, kuyunchaklik va iztirob, hayotiy kuzatuvchanlik va alam qorishiqligiga eʼtibor berganmisiz? Masalan, «Odami ersang, demagil odami, Oniki yoʻq xalq gʻamidin gʻami», «Kim xoʻtuk birla kuchukka qancha qilsa tarbiyat, It boʻlur, eshak boʻlur, aslo boʻlmas odami», «Boshni fido qilgʻil ato qoshigʻa, jismni qil sadqa ano boshigʻa»...

“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz?” soʻroq belgisi qoʻysak qanday maʼno anglatadi? Yaʼni, oʻz tilini hurmat qilmaydigan, befarq va savodsiz odam el, millat qaygʻusi bilan yasharmidi? Agar afkor-ommaga bir narsani taqdim etuvchi odam eʼtiborli boʻlganida edi, shahar koʻchalaridagi (hatto har bir qadamda) afishalarda elni ranjitadigan xatoliklarga yoʻl qoʻyilmagan boʻlardi. Respublika televideniyesi (!!!) orqali uzatilayotgan koʻrsatuvlardagi xatoliklar noziktaʼb xalqimizni iztirobga solmas, ijtimoiy tarmoqlardagi qoʻpollik va savodsizliklardan kuyib yurmagan boʻlardik.

“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz!” – undov belgisi bobomiz ruhiyatiga mos tushadi.

“Soʻzi ulugʻning – oʻzi ulugʻ” deydi xalqimiz. Hazrat Navoiy – buyuk missiyani amalga oshira olgan inson. Oʻz taʼbirlari bilan aytganda: «Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam!».

“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz!!!” – bu hikmatdan soʻng ikki yoki uchta undov belgisi qoʻyib koʻring. Beixtiyor, salmoqli qadam, salobatli soʻz egasi Abdulla Qahhor yodimizga keladi. «Nega yoʻl harakatini buzgan haydovchiga hushtak chalamizu, tilimizni buzganga hushtak chalmaymiz?»

“Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz!” – hushtak chaladigan odam bormi? Bu borada mohir soʻz ustasi Avaz Oxun topib aytib qoʻygan. Yoʻl ustida qolgan buyumni rasmiylashtirayotgan yosh DAN xodimi boshligʻidan “asfalt” soʻzining qaday yozilishini soʻraydi. Boshligʻi uzoq oʻylanib, yoʻlda yotgan buyumni ariqning ichiga tepib tushirib yuboradi va ...

Savol ortidan yana savol beraman, koʻnglingizga ogʻir olmang, chunki biz dillarni dillarga ohanraboday birlashtirib turuvchi mehvar – ona tilimiz xususida fikrlashyapmiz.

Til borki – millat bormi yoki millat borki – til bormi? Agar tilni xalqimizning urib turgan yuragi desak , demak, “Til borki – Millat bor!” Biz yuragimizni qanday avaylasak, tilimiz ham shunday himoyaga muhtoj.

Dunyoda 6000 dan ziyod millat va elatlarning jonli tili mavjud. Maʼlumotlarga koʻra, 40 ta tilgina mukammal shakllangan grammatikasiga ega. Shukrlar boʻlsinkim, shu 40 taning ichida oʻzbek tilimiz ham bor. Bugun Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Hozirgi globallashuv davrida oʻzbek tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash maqsadida «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident Farmoni izchil amalga oshirilmoqda. Bu yil birinchi marta 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlaymiz.

Demak, bizning ona tilimizga nisbatan “ixtiyorsiz” boʻlishga maʼnaviy haqimiz yoʻq. Eʼtiborsizlikka Davlat tilini rivojlantirish departamenti ham qarab turmaydi. Endi davlat tilimizning nufuzi davlat siyosati darajasida monitoring qilib boriladi.

Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yana-da oshirish toʻgʻrisida”gi 2020-yil 11-mart qarori ham ahamiyatli. Tilimizni ardoqlagan inson eʼzoz topadi, qadrlanadi.

«Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar mevayu yaproq»,-degan edi Gyote. Lekin “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”lik davom etaversa, beparvo va bexafsala boʻlsak, kunimiz “chalamulla”larga qoladi.

Chiroyli yozuv va savodlilikning jamiyat hamda ishlab chiqarishga taʼsiri haqida oʻylab koʻrganmisiz? Yozuv – sirli hodisa. Yozilgan narsa taqdir hukmiga oʻtib qolishi ham mumkin. Xalqimiz “Oʻynab gapirsang ham oʻylab gapir” deb bejizga aytmaydi. Chiroyli xat egalari har qanday ishni puxta bajarishga intilishar ekan. Xunuk va savodsiz xat egalari oddiy hovli supurishni ham eplasholmaydi, dakki eshitishadi.

Dunyo xalqlarida quyidagicha talqin bor: Ishbilarmonlik bobida ingliz tilida soʻzlash, muhabbatingni fransuz tilida izhor qil. Meditsinaning, opera sanʼatining muayyan tanlangan oʻz tili bor. Xoʻsh, bizning oʻzbek tilimiz dunyo xalqlari uchun qay maqsadda asqatishi mumkin? Koʻngil sirlarini aytish uchun desam, fikrimga qoʻshilasizmi? Mehmondoʻstlik uchun desam-chi? Mana, maqomlarimiz ilohiy ishq – Yaratganga munojotlar bilan yoʻgʻrilgan. Bu inson qalbining ustuvor siri. Milliy kuy-qoʻshiqlarimiz tabiat bilan uygʻun kayfiyatga hamohang. Oddiy odatiy suhbatlarimizda donishmandlar sandigʻiga beixtiyor nazar solamiz. Askiya va xandalarimiz har qanday dilning qulfini ocha oladi. Chunki bizning xalqimiz soʻzlashuvida samimiylik ustun. Xalqimiz yaxshini ham , yomonni ham duo qiladi, hech kimning koʻnglini oʻksitishni xohlamaydi. Dushmanni ham yovuzlikdan qurolsizlantiradigan muomala madaniyatimiz bor. Hamkorliklarimiz ham yoqimli lafzimiz bilan bogʻliq.

Navoiy hazratlari bundan olti asr avval fors tilining dilbarligini inkor qilmagan holda oʻzbek tilimizning dilbarroq, jozibaliroq ekanligini isbot qilib ketgan. Biz Hazratga munosib voris boʻlaylik, tilimizni boyitaylik, nufuzi ortsa quvonaylik. Faqat buning uchun “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” boʻlmaylik!

Alibek ERGASHEV,
Namangan viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar
boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi.

 



Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?