Tildagi anagramma va omofonlar haqida eshitganmisiz?

14:54 18 Noyabr 2019 Madaniyat
590 0

Til ijtimoiy hodisa sifatida jamiyat hayotining eng muhim va ajralmas boʻlagi hisoblanadi. Har bir tilning oʻziga xos xususiyatlari, boshqa tillarga oʻxshash va oʻxshamas jihatlari , bogʻliqliklari mavjud. Zero, til goʻyo bir ulkan dengiz boʻlsa, turli tillar uning irmoqlaridir va ular bir biriga quyilib, bir birini toʻldirib boradi. Asosiy muloqot vositasi hisoblanmish til qonunlari barcha fanlar bilan bogʻliqdir, xususan, matematika bilan ham. Buni biz anagramma va amafonlar timsolida ham koʻrishimiz mumkin.

Amafonda ishtirok etuvchi barcha soʻzlar shakli bir xil, maʼnosi esa har xil boʻladi. Masalan, ingliz tilidagi “Buffalo buffalo Buffalo buffalo buffalo buffalo Buffalo buffalo” gap amafon hisoblanadi. Bunda buffalo soʻzi quyidagi uch qiymatda ishtirok etmoqda:

Sifat: from Buffalo – buffallolik, Nyu-York shtatidagi yirik Buffalo shahridan;

Ot: Buffalo – yovvoyi buqa(bizon);

Feʼl: to buffalo – qoʻrqitish

Mazkur gap quyidagi maʼnoga ega: “Buffallolik buqalar qoʻrqitgan (boshqa) buffallolik buqalar buffallolik buqalarni qoʻrqitmoqda” (Buffaloes from Buffalo, NY, whom buffaloes from Buffalo bully, bully buffaloes from Buffalo). Yoki yana bir misol: Will Will will Willʼs will to Will? Yaʼni, birinchi Will kelajak modal soʻzining savol shakli, ikkinchi will vasiyat qilmoq, uchinchi Will ikkinchi shaxs, toʻrtinchi will kishining vasiyatnoma qoldirishga istagi, to Will uchinchi shaxs. Maʼnosi: Uil Uilning istagini Uilga vasiyat qoldiradimi?

Xuddi shunday misol rus tilida: Yeli yeli-yeli yeli – Archalar zoʻrgʻa oziqlandilar.

Men oʻzbek tilida ham amafonlar izladim va bunda quyidagilarni misol tariqasida keltirishga harakat qildim:

Olma olma (olma (meva)ni olma);

Nomini nomiga nomladi (bir odam maʼlum bir joyni oʻzining ismi, oʻzining nomi bilan nomladi, yoki til uchida nomladi maʼnosida ham ishlatish mumkin);

Keldi-ketdi keldi, ketdi (odamlar keldi va ketdi).

Bunday misollar oʻzbek tilida koʻp ekanligiga ishonaman. Faqat ularni topish uchun chuqur oʻylanish va izlanish lozim. Tilda shunday qiziqarli va murakkab xususiyatlaridan yana biri bu anagrammalardir.

Anagrammada soʻz tarkibidagi harflar oʻzgarishi natijasida oʻsha soʻzning antonimi xosil qilinishiga aytiladi.

Anagramma tuzish – tabiiy til soʻzlari hamda gaplari bilan kombinatorik mashqlarning qadimiy turi boʻlib, unga 2000-yildan oshdi. Shunisi qiziqki, ANAGRAMS soʻzining harflaridan ARS MAGNA – buyuk sanʼat soʻzini tashkil qiladi. Bu borada quyidagi misollarni keltirishimiz mumkin:

Qoramas – oqarmas. Bunda “q” va “o” harfi, “r” bilan esa “a” harfi oʻrin almashdi va bir biriga antonim tushunchalar xosil boʻldi. Yana bir misol: latofatli – talofatli. Birinchi va uchinchi harflar oʻrin almashyabdi. Yoki ilgʻasam – ilgʻamas, va hokazo.

Anagramma va amafonlar mantiqiy matematikaning asosiy qismlaridan biri hisoblanadi. Bu kishini mantiqan fikrlashga, mulohaza yuritishga chorlaydi, aqlni charxlaydi. Bu esa insonning aqliy faoliyatiga katta foyda beradi.

Yulduz Oʻrmonova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?