“Til nomusi”ni qachon his qilamiz?

14:32 20 Oktyabr 2020 Siyosat
429 0

Menda ham koʻp savol tugʻilgan, tilimiz va bu hodisa atrofidagi islohotlar haqida. Aslida, koʻpdan beri shu mavzuda ul-bul qoralab, baʼzi dalillarni ham toʻplab yurgandim. Bugun shuning vaqti ekan, eʼlon qilmoqdaman.

Tarix titaman: oʻtgan asr 30 yillarida arab tili va yozuvi goʻyo eskilik, madaniyatsizlik belgisi deb Oʻzbekistondan siqib chiqarilgan va oʻrniga lotin yozuvi kiritilgan. 40 yillarga kelib esa kirill alifbosi oʻrnatilgan. Millat alifbosi (yozuvi) qonun bilan oʻzgartirilganida qancha adabiyot va yozma meros yoʻqolgan ekan-a? Bir manbada, 1940 — 1988-yillarda oʻzbek tilida 50 million nusxadan ortiq sara adabiyot (bunga gazeta-jurnallar, darsliklar, texnik reglamentlar, ilmiy ishlar kirmaydi) chiqarilgani haqida maʼlumotga koʻzim tushdi...

Tasavvur qilyapsizmi? Eng yomoni, bu masalada hech kim javobgar boʻlmagan. Aksincha, yangi alifboni oʻzlashtirolmaganidan oʻzi bilgan yozuvda yozish qoralangan. Har qanday davlatda til ikki unsurda huquqiy himoyaga ega boʻladi. Birinchisi, yozuv (alifbo) bilan, ikkinchisi soʻzlashuv (dialektika) tomonidan. Afsus, tariximizdagi ikki vaziyatda ham tilimiz toʻliq himoya qilinmaganini koʻrsatadi.

Hozirda-chi? Tilimiz qonun bilan himoyalangan, ammo muammolarimiz hali koʻp. Baʼzilar: «Oʻzbek tili haqida shuncha jon kuydirsangizlar ham nega uning qadri baland emas? Boshqa millatlar tiliga bunchalik qaygʻurishmaydi-ku?» kabi savollar beradi. Bunga menda ikki xil javob bor: Avvalo, oʻzbek tilidagi taʼlim sifati yetarli emas (Xalq taʼlimini ayblashdan holiman), bu haqiqat. Qolaversa, oʻzbek tili davlat tili sifatida majburiy tarzda mamlakatning yuridik, biznes va ilm manbalari tili maqomiga ega boʻlmas ekan, uning qadri oʻsmaydi. Yaʼni, Oʻzbekistonda har qanday shaxs yaxshi yashash va tirikchilik uchun oʻzbek tilini oʻrganishi zarurligini oʻziga shart deb qabul qilishi kerak. Muammo shundaki, bunga haligacha kirishmadik (axir, oradan 31 yil oʻtyapti)...

Faktlarni qarang: Yevropa mamlakatlarida amaldagi 260 ta soʻzlashuv tillari biz oʻylaganchalik ulushlarga ega emas. Bu qitʼa davlatlarida ingliz tilidan koʻra (378 mln.), ispan tilida (442 mln.) odamlar koʻproq muomala qiladi. Yana, ispan (223 mln.), fransuz (76,8 mln.) va nemis (76 mln.) tillari muqim soʻzlashuv tili maqomini olgan mamlakatlar ham koʻp. Toʻgʻri, bizga nima, dersiz. Balki, buni bilarsiz ham. Lekin, Niderlandiya kabi til borasida mard mamlakatlar koʻp. Gaaga shahriga borib qolsangiz va ingliz tilida gapirsangiz – hamma javob beradi, ammo oʻzaro muloqot 100 foiz gollandcha. Biror joyda ingliz tilidagi peshlavha, joy nomini topmaysiz, faqat golland tilida yozilgan. Vaholanki, dunyoning 200 dan ortiq xalqaro tashkiloti shu shaharda joylashgan, hatto eng nufuzli butunjahon sud organlari bor.

Bizda-chi? Milliy xarakterimizdagi tilga munosabatimizda jurʼat yetishmaydimi? Saʼdiy domla aytgan “Til nomusi”ni qachon his qilamiz? Oʻzbek boʻlaturib, oʻz yurtida oʻzinikilar bilan tillashganda, oʻzga tilga xos soʻzlarni qoʻshib gapirishni odat qilganlarni koʻrsam, shu savollar yana miyamda aylanadi.

Savollar aylanaveradi: «Biz-chi – men, siz? Nima qilyapmiz, tilimiz uchun? Onamiz alla aytib yoʻrgaklaganda, otamiz hayotni oʻrgatib, nasihat qilganida shu tilda gapirgan edi-ku? Nahot, ota-ona bilan bogʻliq asl shirin va mehr-muhabbatga toʻla xotiralar esimizdan chiqqan? Bunga haqqimiz bormi? Tilimiz shu xotiralar hurmatiga noloyiqmi?» Yoʻq. Aslo!

Aslida, ona tiliga hurmat, unga muhabbat tuygʻusi butun dunyoda bir xil qabul qilinadi, ifoda topadi. Quyosh tizimini kuzatgan mashhur astronomik olim Nikolay Chernыx buyuk adib, dunyoga avar degan xalqni tanitgan Rasul Hamzatovning oʻz tiliga muhabbati ifodasi – “Ona tilim” sheʼrini oʻqigach, yangi kashf etgan osmon jismiga «Gamzatov» nomini bergan. Buni nega qilganini bilmoqchi boʻlsangiz, shu sheʼrni topib oʻqib koʻring.

Yer yuzida har oy bitta yo ikkita til umuman yoʻqolib bormoqda. Yaxshiyamki, Oʻzbek tili jami 7100 dan ortiq mavjud tillar qatorida, soʻzlashuvchilar soni boʻyicha keng tarqalgan 40 ta tilning biri sifatida muloqot muvozanatini saqlab turibdi. Ayniqsa, 30 yil ichida birinchi marta BMT bosh minbarida davlatimiz rahbari baralla oʻzbek tilida gapirganida, bularni yana esladik.

Baridan avval, amaldagi “Davlat tili haqida”gi qonunni milliy manfaatlarimiz va mamlakat nufuzini koʻzlab takomillashtirish zarur. Bu haqda bir yil oldin «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» Prezident farmonida ham qayd etilgan edi. Haqiqatan, amaldagi Qonun moddalariga eʼtibor qaratilsa, majburiyat qoidalaridagi “davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda ham...” iborasi oʻzbek tilining haqiqiy maqomi mantiqiy soyada qolib ketganini koʻrsatgandek. Davlat tili oʻzbek tili boʻlgach, ustun jihatlar ham boʻlishi shart. Har qalay, qardosh xalqlar – tojik, qirgʻiz, qozoq va turkman davlatining shu qonunlarida bu ustun jihat aniq ifoda etilgan. Xullas, qonunchilik tashabbusi borasida ham qiladigan ishimiz koʻp.

Oʻzbek tili haqidagi fikrlarni Hazrat Alisher Navoiy nomini qoʻshmasdan ifodalash mumkin emas. “Muhokamat-ul-lugʻatayn” (“Ikki til muhokamasi”) monografiyasi ilk bor oʻzbek tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqot sanaladi. Asarning qadimgi nusxasi Istanbuldagi Toʻpqopi saroyi muzeyi (Revan kutubxonasi)da saqlanadi. Uni eng eski nusxa deyishadi. Yana bir nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida, Navoiy kulliyotida. Toʻrtinchisi esa, Budapeshtda saqlanadi. Oldimizda kitobning ana shu nusxalarini qanday qilib boʻlsa ham Oʻzbekistonga qaytarishdek katta ishlar turibdi hali.

Umidjon JABBOROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?